Jahon | 23:19 / 30.08.2021
18149
2 daqiqa o‘qiladi

Sayyoradagi eng shimoliy orol aniqlandi

Grenlandiya yaqinida yangi orol aniqlandi. U Kopengagen universiteti olimlari guruhining Grenlandiyaga ekspeditsiyasi davomida topilgan.

Foto: Julian Charriere / Reuters / Scanpix / LETA

Olimlarning ta'kidlashicha, topilgan orol sayyoramizdagi eng shimoliy quruqlik hisoblanadi.

“Biz yangi orol ochmoqchi emasdik. Biz u yerga shunchaki namunalar yig‘gani borgan edik”, – deb aytgan Grenlandiyadagi Arktika stansiyasi tadqiqot markazi rahbari Morten Rash.

Olimlarning aytishicha, ular o‘zlarini dastlab Oodaak oroliga kelgan deb o‘ylashgan. Biroq orolning aniq joyi tekshirilgandan keyin u boshqa bir orolligi ma'lum bo‘lgan. Olimlar orolni “Kekertak Avannarleg” deb atashni taklif qilishgan. Bu Grenlandiya tilida “eng shimoliy orol” degan ma'noni anglatadi. Ekspeditsiya davomida orol muzlar harakati natijasida hosil bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan.

Orol Grenlandiya sohillaridan 780 metr shimoliy-g‘arbiy uzoqlikda joylashgan. U kichik o‘lchamli bo‘lib, uning diametri bor-yo‘g‘i 30 metrni tashkil qiladi.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, orolning paydo bo‘lishi global issiqlik oqibati hisoblanmaydi.

“U orol deb topilish uchun barcha mezonlarga ega. Ayni vaqtda u sayyoramizdagi eng shimoliy yer hisoblanadi”, – deb aytishgan olimlar va bunday orollar tez-tez paydo bo‘lib, so‘ngra yo‘qolib ketishini qo‘shimcha qilishgan.

Mavzuga oid