Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yurtni bog‘ga aylantirishni xohlaydigan bog‘bon. U 35 yildan buyon odamlarga tut ko‘chatini tarqatadi
Xalqimizda yaxshidan bog‘ qolar degan gap bor. Bu gap bejizga aytilmagan, insonlar yoki solih farzandlar o‘stirib yoki boshqalar bahramand bo‘ladigan bog‘ ko‘kartirib, o‘zidan yaxshi iz qoldirishni xohlaydi. Qahramonimiz Toyloq tumani Qunduzak qishlog‘ida yashovchi bog‘bon Ahtamxon Ismatullayev ham shunday insonlardan biri. U 35 yil avval – tut mevasiga mehr qo‘ygandan buyon bu daraxt ko‘chatlarini yetishtiradi va odamlarga savob uchun bepul tarqatadi...

«37 yil avval bir voqea sabab bo‘lib tutga mehr qo‘yganman. 1984 yil «sariq kasal» bo‘lib shifoxonaga tushdim. Davolanib bo‘lib, shifoxonadan chiqayotganimda menga qaragan doktor ko‘proq tut yeng, jigarga foyda, dedi. U vaqtlar har qadamda tut ekilgan bo‘lsa-da, mevasi pishishga ulgurmay pilla uchun kesib ketishardi. Faqat qishlog‘imizda 120 yil avval ekilgan 15-20 tup tut kesilmasdi. O‘sha bog‘dan tut pishig‘i o‘tguncha to‘yib tut yedim va shundan shifo topdim.
Shundan so‘ng, men ham tut eksam-da, odamlar undan yesa degan niyat paydo bo‘ldi. O‘shandan beri tut ko‘chatini yetishtirib, tarqatamiz. Avvaliga mingtadan, keyin-keyin har yili 10 mingtacha tut ko‘chatini yetishtirib tarqatyapmiz», deydi Ahtamxon aka.
Bu inson ancha yillardan buyon vodiy viloyatlaridan tortib Surxondaryo-yu Qoraqalpog‘istongacha tut ko‘chatlarini bepul tarqatib kelmoqda. U tarqatgan ko‘chatlar turli go‘shalarda o‘sib turibdi va odamlar ulardan bahramand bo‘lmoqda. Tinib tinchimagan qahramonimiz savob yo‘lida qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga ham tut ko‘chatlarini olib borib tarqatgan.
Ahtamxon akaning fikricha, tutning mevasidan tashqari, shinnisi, quritilgan qoqisi ham salomatlik uchun koni foyda. Bog‘bon so‘nggi yillarda nok daraxtiga ham mehr qo‘ygan. U 2-3 yildan buyon tut ko‘chatlarining yoniga olma va nok daraxtlarini ham qo‘shib tarqatishni boshlagan. Qahramonimiz dasturxonlarda va bozorlarda kamayib ketayotgan balxi tut va nokni ko‘proq ekishni targ‘ib qiladi.
Suhbat davomida bog‘bon ikki orzusi borligini aytib qoldi. Biri Toyloq tumanida Imom Dorimiy (bu zot Imom Buxoriyning ustozlari bo‘ladi) ziyoratgohi yaqinida joylashgan 1 000 yillik tutzorga davlat yaxshiroq e'tibor bersa, uni muhofazaga olib, tutzor bog‘ qilsa.
«Namangandagi Yakkatut degan joyda 800 yillik tut daraxti bor. O‘sha tutning atrofini o‘rab, muhofazaga olishgan. Toyloq tumanida joylashgan Imom Dorimiy ziyoratgohi oldida esa yoshi 800 yoshdan oshgan 50 tacha tut daraxti bor, ammo ular e'tibordan chetda qolyapti. Qani edi kattalar bu tutlarga e'tibor bersa, bu yerni chiroyli bir bog‘ga aylantirishsa va tutlarning mevasidan odamlar bahramand bo‘lsa», deydi u.
Ahtamxon akaning ikkinchi orzusi – O‘zbekistonning har bir tumanida 1 gektardan yarmi tutzor, yarmi nok daraxti ekilgan bog‘ qilib berish: «Qani edi O‘zbekistondagi har bir tumanda 1 gektardan bog‘ qilib bersam. Menga ko‘chat ekishga yer ko‘rsatishsa bo‘ldi, u yerga egalik da'vo qilmayman. Yerning egasi o‘sha tumandagi fermer yoki hokimlik bo‘lib qolaversin. Men faqat nok va tut daraxtlarini ekib bog‘ qilib beraman. So‘ng, uch yil parvarish qilishda ham ko‘maklashaman. Bog‘ning hosilini ham o‘zlari tasarruf qilishadi. Bir yilda 50 ta tumanda bog‘ qilib berishga quvvatimiz yetadi.
O‘zbekistonda Samarqand va Buxoro tumanida tutzor bog‘lar saqlanib qolgan. Boshqa viloyatlarda tut daraxti kamayib ketgan. Agar har bir tumanda tut va nok daraxtidan iborat bog‘ bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi», deydi bog‘bon.
Ahtamxon aka qishlog‘i yaqinida qurilayotgan Samarqand sayyohlik markazi va uning atrofida ko‘proq tut ekilsa deydi: «Qishlog‘imiz yonida qurilayotgan joy Samarqand shahrining eng chiroyli joyi bo‘ladi, nasib bo‘lsa. Men shu yerga ham 1000 ta tut ekib berish niyatim bor. Nomi ham «Mingtut» massivi bo‘lsin. Odamlar ko‘proq tut ekishi va yeyishi kerak. Magazinda turgan qimmat shokoladdan ko‘ra tut qoqisi inson salomatligi uchun foydali. Shu uchun tut pishganda odamlar undan to‘yib-to‘yib yesin», deydi bog‘bon.
Biz bog‘bon bilan bir kun birga yurdik. Tushgacha ikkita maktab, bog‘cha va qishloq vrachlik punktida, tushdan so‘ng tuman markazidagi masjidda, Imom Buxoriy majmuasida va Hadis maktabida ko‘chat tarqatdik. Yo‘l-yo‘lakay turli daraxt ko‘chatlarini ekib turgan insonlarga ham daraxt ko‘chatini qanday ekish va uni to‘g‘ri parvarish qilish haqida maslahatlar berdi.
Qayerga borgan bo‘lsak, bog‘bon boboni hamma yaxshi taniydi. Uni xush kayfiyat bilan qarshilashadi. Ayniqsa maktabdagi bolajonlar darrov uning atrofini o‘rab olishadi. Chunki bog‘bon ota ularni ham quruq qo‘ymaydi. Cho‘ntagida doim olib yuradigan obakidandondan ulashadi. Ahtamxon aka o‘qituvchilarning qo‘liga olma va nok ko‘chatlarini berib, marhum ustozlar nomidan ekishlarini so‘radi: «Savobi marhum ustozlarimizga borib tursin», deydi qahramonimiz.
Kun so‘ngida yurtimizda mana shunday savobtalab insonlar ko‘payishini Xudodan so‘rab, bog‘bon bilan xayrlashdik.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev
Tavsiya etamiz
„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi
Jahon | 11:21 / 11.07.2025
Eldor Shomurodov Turkiya klubiga o‘tdi
Sport | 11:12 / 11.07.2025
Taekvondochi Ulug‘bek Rashidov ikki yilga diskvalifikatsiya qilindi
Sport | 11:00 / 11.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Isroilning G‘azoga hujumida 39 falastinlik, jumladan, bolalar halok bo‘ldi
Jahon | 08:58
-
Maxsus iqtisodiy zonalarni infratuzilma bilan ta’minlashda bozor mexanizmi joriy etiladi
O‘zbekiston | 08:47
-
BMT qarorgohida Falastin bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi
Jahon | 08:15
-
Infratuzilma obektlarini qurishda muqobil energiya vositalari joriy etiladi
O‘zbekiston | 08:05
Mavzuga oid

11:00 / 04.05.2025
“Harakatim ko‘p, shuning uchun sog‘lomman” – 75 yoshli bog‘bon aya

16:35 / 12.04.2025
“Qishloqda yashab ham kam bo‘lmadik” - qo‘shtepalik bog‘bon

16:06 / 13.03.2025
«Oltiariqdagi issiq bog‘» - issiqxonada o‘rik yetishtirayotgan eskiarablik bog‘bon hikoyasi

12:17 / 11.06.2024