O‘zbekiston | 10:47 / 27.04.2021
3822
2 daqiqa o‘qiladi

Endilikda tashqi LED ekranlar yordamida sport yangiliklari ham yoritib boriladi 

O‘zbekistonda tashqi LED ekranlar yordamida sport yangiliklari tez va sifatli yoritib boriladi. Bu Milliy olimpiya qo‘mitasi va Ahadmix Group o‘rtasida imzolangan memorandumda nazarda tutilgan.

Milliy olimpiya qo‘mitasi mamlakat aholisi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida ko‘plab istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, MOQ va Ahadmix Group o‘rtasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlar to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ahadmix Group reklama biznesida katta tajribaga ega taniqli kompaniya. Shuningdek, ushbu tashkilot O‘zbekistonda sportni ommalashtirish bilan ham shug‘ullanadi.

Ushbu memorandumni imzolashdan maqsad tashqi LED ekranlar yordamida sport yangiliklarini tez va sifatli yoritib borish orqali sportni rivojlantirish va ommalashtirishga hissa qo‘shishdan iboratdir.

Ahadmix Group 11 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha doim peshqadamlikka intilib kelmoqda. Yaqinda kompaniya «Smart City» loyihasini ham ishga tushirdi, unga ko‘ra yorqinlikni avtomatik boshqarish datchiklariga ega takomillashtirilgan LED ekranlar orqali ob-havo, vaqt, valuta kurslari, tirbandlik, shuningdek, sportchilarning jahon arenalarida erishayotgan yutuqlari, yaqinlashib kelayotgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari va boshqa ko‘plab foydali ma'lumotlar namoyish etilmoqda.

Endilikda tashqi LED ekranlar orqali yo‘lovchilar oqimi ko‘p bo‘lgan joylarda O‘zbekiston sport olamidagi so‘nggi yangiliklar namoyish etib boriladi.

Mavzuga oid