O‘zbekiston | 22:39 / 14.04.2021
7622
4 daqiqa o‘qiladi

«Mahalliy kadrlarimizda «qutichadan chiqib» fikrlash yetishmaydi» - Shuhrat Sattorov yoshlarning xorijda o‘qishi muhimligi haqida

Shuhrat Sattorov

14 aprel kuni Xalq ta’limi vazirligi va «El-yurt umidi» jamg‘armasi hamkorligida chet elda o‘qish uchun bakalavriat, magistratura, doktorantura yo‘nalishlariga grant ajratish tartibi bo‘yicha jamoatchilik uchun onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda o‘qituvchi, maktab bitiruvchilari va mavzuga qiziquvchilar jamg‘arma hisobidan grant yutish haqidagi savollariga javob olishdi.

Muloqotning 2-qismida xorijda tahsil olib, Xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, vazirlik huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov Janubiy Koreyaning Yonse universiteti (Yonsei University) bitiruvchisi sifatida ushbu oliygohga hujjat topshirish talablari va xorijda tahsil olishning ahamiyati haqida so‘zladi.

«Yosh kadrning chet el oliygohida o‘qigani, albatta, ish beruvchilarni jalb qiladi. Bu ish qidirayotgan kadrning jozibadorligini yanada oshiradi. Ya’ni u xorijda o‘qib boshqacha fikrlar ekan, degan qarash uyg‘onadi. Men rahbarlik qilayotgan Respublika ta’lim markazida ham xorijning nufuzli oliygohlarini tamomlagan mutaxassislar bor va ularning mehnati biz uchun qadrli.

O‘zi umuman olganda, xorijda tahsil olish juda muhim, deb o‘ylayman. Bu xulosaga kelganimning sababi shundaki, ish beruvchi sifatida kuzatyapman: bizdagi mutaxassislarga «qutichadan chiqib fikrlash» (out of box), ya’ni tanqidiy va o‘zgacha fikrlash yetishmayotgan jihat bo‘lib turibdi. Taraqqiyoti yuqori mamlakatlarda tahsil olib kelish o‘sha yerning kayfiyati, ya’ni xorijliklar qilgan ishni biz ham qilolamiz, degan shijoat uyg‘onishiga sabab bo‘ladi.

Menga nima uchun vatanga qaytib keldingiz, deb savol berilganda, u yerda qilingan muvaffaqiyatli ishlarni bu yerda ham qilolamiz va men shu maqsadda yurtga qaytganman, deb javob beraman.

Xorij universitetiga o‘qishga topshirishda ko‘pchilik yoshlar, ota-onalar dastlabki qadamni qanday bosishni bilishmaydi va shu narsa ularni to‘xtatib qoladi. Janubiy Koreyaning Yonse universiteti (Yonsei University)ni tamomlaganman. Ushbu oliygoh QS-reytingida 85-o‘rinni egallaydi. Universitet iqtisodiyot, biznes, biotexnologiya, biokimyo, muhandislik, tabiiy fanlar sohalarida yetakchi mutaxassislarni yetishtirib berishi bilan mashhur va unda 112 ta yo‘nalish bor, 22 ta kollejga ega. O‘zim biznes va davlat boshqaruvi yo‘nalishida tahsil olganman.

Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, o‘zim tahsil olmoqchi bo‘lgan universitetimga hujjat topshirish uchun bir necha bosqichlarni bosib o‘tganman. Dastlab universitet rasmiy saytiga kirib, shaxsiy ID ochganman. Undan so‘ng onlayn tarzda talab etiladigan shaklni to‘ldirganman.

Onlayn hujjat topshirish 7 ta bosqichda bo‘lib o‘tadi. Ular o‘quvchining ta’lim muassasasida olgan baholarini tasdiqlovchi hujjat, til bilish sertifikati (TOPIK 4 yoki IELTS 6.5), surat, pasport nusxasi, sog‘lig‘i to‘g‘risidagi hujjatlardan iborat.

Eng muhim narsa – o‘quv rejasi (study plan)ni to‘ldirishdir. Unda talabgor oliygohga kirishdan maqsadi, kelgusidagi rejalarini aniq ifodalab berishi kerak bo‘ladi. Hujjat topshirishni yil boshidan amalga oshirish kerak», – dedi Shuhrat Sattorov.

Mavzuga oid