Jahon | 09:40 / 09.04.2021
7311
4 daqiqa o‘qiladi

Italiya bosh vaziri Erdo‘g‘anni “diktator” deb atadi  

Foto: Reuters

Italiya bosh vaziri Mario Dragi Turkiya prezideni Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni Yevropa ittifoqi vakillari - Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen va Yevrokengash prezidenti Sharl Mishel bilan muzokaralarda o‘zini nomaqbul tutishda aybladi. Dragi fon der Lyayyenga Anqarada o‘tgan uchrashuv vaqtida o‘tirishi uchun kursi berilmaganiga shunday izoh berib, Erdo‘g‘anni “diktator” deb atagan

Dragi Erdo‘g‘an nomiga bunday keskin tanqidni 8 apreldagi matbuot anjumani davomida bildirgan.   

“Men Erdo‘g‘anning Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenga nisbatan munosabatini qo‘llab-quvvatlamayman, uni nomaqbul deb hisoblayman va Yevrokomissiya rahbari kamsitilganidan afsusdaman”, deb aytgan Italiya bosh vaziri.  

Dragi voqea ortida Turkiya rahbarini “diktator” deb ta'riflagan, biroq u bilan hamkorlik qilish kerakligini ta'kidlab o‘tgan. 

“Biroq hamkorlik qilishimiz kerak bo‘lgan bunday diktatorlar bilan o‘z pozitsiyangizni tasdiqlash uchun ochiq, biroq o‘z davlatingiz manfaati yo‘lida hamkorlik qilishga tayyor bo‘lishingiz kerak. Bunda to‘g‘ri balansni topish lozim”, deb javob bergan Dragi Erdo‘g‘an haqidagi savolga.  

Shundan keyin Italiyaning Turkiyadagi elchisi Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.   

“Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Farruh Qaymoqchi elchiga Italiya bosh vazirining Yevropada umumxalq saylovida eng yuqori ko‘rsatkich bilan qo‘llab-quvvatlangan prezidentimiz nomiga aytgan so‘zlarini keskin qoralashimizni aytdi”, deb ma'lum qilingan Turkiya tashqi ishlar vazirligida. Vazirlik bunday “qo‘pol va xunuk” bayonotlar “Turkiya va Italiyaning do‘stona va ittifoqchilik munosabatlariga” to‘g‘ri kelmasligini va Italiya bosh vaziridan o‘z so‘zlarini darhol ortga qaytarib olishini kutayotganini ta'kidlab o‘tgan.           

“Italiya elchisiga protokollarni bilmay turib, Yevrokengash va Yevrokomissiya rahbarlarining davlatimizga tashrifi bo‘yicha bayonotlar berilishi nomaqbul ekani yetkazildi”, deb qo‘shimcha qilingan Turkiya tashqi ishlar vazirligida.  

“Biz Italiya bosh vaziri Dragining bunday populistik so‘zlarini va prezidentimiz nomiga bildirgan kurakda turmaydigan izohlarini keskin qoralaymiz”, deb yozgan o‘z navbatida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu tvitterda.  

Erdo‘g‘anning Yevropa ittifoqi vakillari bilan uchrashuvi 7 aprelda Anqarada bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda uchrashuv tashkilotchilari muzokaralar ishtirokchilariga faqat ikki kursini hozirlab qo‘yishgan. Ulardan birini Erdo‘g‘an, ikkinchisini esa Yevrokengash rahbari Sharl Mishel egallagan.   

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen esa protokol bo‘yicha o‘zidan pastroq diplomatik darajani egallagan Mavlut Chovusho‘g‘lu o‘tirgan divan qarshisidagi divandan joy olgan. Erdo‘g‘an ma'muriyati kursilar yetishmaganini muzokaralar o‘tkazilgan joy bilan tushuntirgan. Ta'kidlanishicha, uchrashuv avval rejalashtirilgan xonadan boshqa xonada o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.   

Mavzuga oid