O‘zbekiston | 17:03 / 12.02.2021
5219
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston energetika bozori regulyatori tashkil etiladi

Respublikada elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorini tartibga soluvchi, litsenziyalash va nazorat qilish funksiyalarini bajaruvchi, hukumat tarkibiga kirmaydigan, prezident va Oliy Majlisga hisobdor organ – Energetika bozori regulyatori tashkil etilishi belgilanmoqda.

Foto: Ilya Pitalev

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan 2021 yil IV choragiga qadar elektr energiyasi va tabiiy gazning raqobatli bozorini tartibga solish, litsenziyalash va nazorat qilish funksiyalarini amalga oshiradigan, hukumat tarkibiga kirmaydigan, prezident va Oliy Majlisga hisobdor organ – O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozori regulyatori tashkil etilishi belgilanmoqda.

Qaror loyihasida quyidagilar regulyatorning asosiy vazifalari ekani keltiriladi:

  • energetika sohasida davlat ulushini kamaytirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash hamda eng yaxshi takliflar va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali elektr energiyasini yakuniy iste’molchilarga yetkazib berish narxlarining asossiz oshishining oldini olish;
  • energetika sohasida raqobatli bozorni shakllantirishni tashkillashtirish, barcha ishtirokchilar uchun teng huquqlar va shaffoflikni ta’minlovchi bozor qonun-qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda barcha bozor ishtirokchilari tomonidan mazkur qonun-qoidalarga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni o‘rnatish;
  • elektr energiyasi tariflarini shakllantirishda aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalarni joriy etish;
  • asosiy qurilmalari mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning texnologiyalaridan tashkil topgan elektr stansiyalarni rag‘batlantiruvchi mexanizmni joriy etish;
  • xalqaro biznes amaliyotiga muvofiq, tabiiy va suyultirilgan gaz savdosini erkinlashtirish va xizmatlar sifatini yaxshilash;
  • mamlakat ichida suyultirilgan gaz tashish va tarqatish xizmatlari uchun iqtisodiy asosga ega bo‘lgan alohida to‘lanadigan tariflarni belgilash.

Loyihada regulyator raisi maqomiga ko‘ra vazirga hamda rais o‘rinbosari vazir o‘rinbosariga tenglashtirilishi tasdiqlanmoqda.

Regulyatorning o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy ekani qayd etilgan.

Tashkilot faoliyati litsenziyalash va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Xususan, 2022 yildan boshlab litsenziyalash faoliyatidan tushadigan mablag‘larning barchasi regulyator budjetini shakllantirish manbasi bo‘ladi.

Shuningdek, hujjat bilan «Uzpowertrade» AJni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Uning asosiy vazifalari etib:

  • «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning elektr energiyasi markaziy xarid qiluvchisi funksiyasini magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasidan ajratish maqsadida elektr energiyasini eksport va import qilish;
  • elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, shu jumladan xususiy kapital ishtirokidagi korxonalardan elektr energiyasini markaziy xarid qiluvchi funksiyasini bajarish orqali qisqa va uzoq muddatli shartnomalar asosida xarid qilish;
  • elektr energiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga, keyinchalik esa birja savdolari asosidagi ulgurji bozorda sotish belgilanmoqda.

Qaror loyihasida belgilanishicha, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»ning elektr energiyasini xarid qilish va sotish shartnomalari, debitor va kreditor qarzdorliklari «Uzpowertrade» AJ tasarrufiga o‘tadi.

Yangidan tashkil etiladigan «Uzpowertrade» AJning ustav kapitalini shakllantirish tashkilotning ustav kapitaliga qo‘shilayotgan mulkning balans qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi, keyinchalik mazkur mulkning balans va bozor qiymatlari o‘rtasidagi tafovut uning ustav kapitaliga kiritiladi.

Shu bilan birga, «O‘zenergosozlash» MChJ, «O‘zbekenergota’mir» AJ va «O‘zenergota’minlash» AJ korxonalarini birlashtirish orqali «Uzenergoservice» MChJ shaklidagi yangi servis korxonasi tashkil etiladi.

Issiqlik elektr stansiyalaridagi ta’minot, ta’mir va sozlash ishlarini bajaradigan malakali mutaxassislarni yangi tuziladigan servis korxonasiga o‘tkazish orqali elektr stansiyalardagi xodimlar sonini optimallashtirish belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, servis korxonasi elektr stansiyalarda barcha turdagi ta’mirlash va sozlash ishlarini belgilangan tartibda «tayyor holda topshirish» shartlariga ko‘ra amalga oshiradi va bajargan ishlari uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.

Hujjat loyihasi muhokamasi 27 fevralga qadar davom etadi. 

Mavzuga oid