O‘zbekiston | 16:10 / 03.12.2020
18686
5 daqiqa o‘qiladi

«Haliyam svetoforda ayrim qizillar bor» – Xushnudbek Xudoyberdiyev so‘z erkinligini trassadagi haydovchi holati bilan qiyosladi

O‘zbekiston axborot agentligi direktori o‘rinbosari, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Xalqaro press-klubdagi davra suhbatida so‘z erkinligi va blogerlik faoliyatining zarur jihatlariga to‘xtaldi.

«So‘z erkinligi haqida umumiy xulosam shuki, O‘zbekistonda oxirgi yillardagi so‘z erkinligidagi o‘zgarishlar haqiqatan bor. Buni bloger sifatida ham, axborot agentligi vakili sifatida ham tan olaman. Ammo bu o‘zgarishlar biz uchun hali yetarli emas. Buni ham barchamiz tan olishimiz kerak. Ya'ni biz marraga kelib bo‘ldik, «so‘z erkinligining eng yuqori cho‘qqisiga chiqib bo‘ldik», degan xulosaga kelgan kunimizoq jamiyatimiz yoki so‘z erkinligi o‘lishni boshlaydi. Hali oldimizda qiladigan ancha ishlarimiz bor.

Biz xuddi yo‘lga chiqqan haydovchiga o‘xshaymiz. Ilgari 20 tezlikdan oshirish mumkin emasdi. Svetoforlarda juda ko‘p qizil yonardi. Hozir shunaqa yo‘lga chiqdikki, tezlikni oshirsak bo‘ladi, lekin haliyam juda tezlikda keta olmayapmiz. Haliyam svetoforda ayrim qizillar bor. Yashillar ozgina ko‘paydi. Va biz harakat qilishimiz kerakki, katta trassaga chiqib olishga. Kimning imkoniyati yetsa, 200-250 tezlikda yursin. Shunaqa trassaga chiqib olishimiz uchun yo‘llardan ketyapmiz. Har qanaqa trassaga chiqqanimizda ham, 200 tezlikmi, 300 tezlikmi, yo‘l harakati qoidalarini unutmasligimiz kerak. Ya'ni yo‘lda yurish bu - qoidasiz yurish degani emas», dedi u.

U davra suhbatida boshlovchilik qilgan Sherzodxon Qudratxo‘jayevning blogerlar qaysidir amaldorga simpatiya bildirishi bilan bog‘liq holatga munosabati haqidagi savoliga ham javob berdi.

«Blogerlar haqidagi fikrim, ularning kimgadir simpatiyasi bo‘lishi bu normal holat. Chunki bu - individual fikr. Kimdir kimnidir yaxshi ko‘radi, hurmat qiladi yoki yomon ko‘radi. Bu tabiiy jarayon va uni cheklab bo‘lmaydi. Ammo shu jarayonda ham qay darajada xolislikni saqlay olsa, bu blogerning o‘z imiji uchun yaxshi. Ya'ni faqatgina xolislikdan uzoq bo‘lgan, bir tomonlama fikrlar bilan chiqayotgan blogerlarni iste'molchilarning o‘zi belgilab qo‘yaveradi. Uni o‘qishdan chekinadi. Ularning so‘zining ta'sir kuchi yo‘qoladi.

Doim sub'yektiv yoritib kelayotganlarning ovozi ham balandroq, jarangdorroq eshitiladi. Uni auditoriya ham hurmat qiladi. Bu shaxsiy tanlov deb o‘ylayman», dedi huquqshunos.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy axborot agentligi faoliyati bilan bog‘liq savolga ham javob qaytarildi.

«O‘zbekiston milliy axborot agentligi davlatning yagona rasmiy axborot agentligi. Bunaqa agentliklar boshqa davlatlarda ham bor. Davlat axborot agentligining maqsadi, vazifalari hammamizga ma'lum. Ammo ishlash formati qanday? Ya'ni O‘zA jahondagi boshqa axborot agentliklari ishlayotgan formatda ishlay olyaptimi, degan savol bugungi kundagi eng muhim savol.

O‘zAning hozirgi konsepsiyasi shundayki, maqtovlar bilan davlat siyosatini tashviqot qilib bo‘lmaydi, bu eskirgan uslub. Bu bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Davlat ham yutqazadi, xalq ham.

O‘zA faqat hukumatning xalqqa aytmoqchi bo‘lgan gapini yetkazish bilan shug‘ullansa, noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan bo‘ladi. Agentlik xalq nima aytmoqchi bo‘layotganini ham hukumatga yetkazadigan oraliq ko‘prikka aylana olishi kerak.

O‘zAni kuzatayotganlar yaxshi bilishadi, oxirgi bir yilda tanqidiy-tahliliy materiallar ancha ko‘paygan. Bu yolg‘on emas.

Boshqacha aytganda, O‘zbekistonning bosh rasmiy agentligi so‘z erkinligi indikatorlaridan biri. Ya'ni O‘zAga qarab bemalol sezib olsa bo‘ladi. Agarda tanqid va ochiqlik ko‘paygan bo‘lsa, demak, O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq holat yaxshilanibdi, degan umumiy bir fikr ham paydo bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ham shu», dedi u.

Mavzuga oid