O‘zbekiston | 00:15 / 04.09.2020
8544
3 daqiqa o‘qiladi

24 haftalik tanaffusdan so‘ng: Bugun O‘zbekiston masjidlarida juma namozlari o‘qiladi

4 sentabr kuni O‘zbekistondagi masjidlarda karantin sharoitidagi ilk juma namozlari ado etiladi.

Foto: KUN.UZ

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgach, 16 martda muftiy Usmonxon Alimov murojaat bilan chiqqan va mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilishini ma'lum qilgan edi.

8 iyunga kelib, mamlakatda birinchi qat'iy karantin yumshatilishi asnosida faqat «yashil» hududlardagi masjidlar ochilishiga ruxsat berildi va jamoat namozlari ilk marta ijtimoiy masofa saqlangan holda o‘qildi.

10 iyuldan mamlakatda ikkinchi qat'iy karantinga boshlanib, cheklovlar avgust o‘rtasiga kelganda yumshatildi va 17 avgustdan masjidlar yana ochildi. Shu bilan birga, koronavirus xavfi tufayli juma namozlari ado etilishiga ruxsat berish keyinroqqa qoldirildi.

Ko‘p o‘tmay, 1 sentabr kuni Respublika maxsus komissiyasi juma namozlarini endi masjidlarda o‘qish mumkinligini e'lon qildi.

Shu tariqa, karantinning 25-haftasiga kelib, 4 sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari yana juma namozlarini masjidlarda ado etish imkoniga ega bo‘ldi.

17 avgustdan buyon masjidlardagi jamoat namozlarida amal qilib kelinayotgan karantin qoidalari juma namozlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Xususan:

  • jamoaviy ibodatni o‘tkazish uchun tashrif buyuruvchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani ta'minlash;
  • diniy tashkilotlar xodimlari va tashrif buyuruvchilarning tibbiy niqobda bo‘lishi;
  • sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat'iy rioya etish, bino xonalarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash;
  • har bir diniy ibodatdan keyin bino (xona) va undagi jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
  • bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish;
  • tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritmaslik;
  • diniy tashkilotlarga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat'iy yo‘l qo‘ymaslik shular jumlasidan.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga muvofiq, koronavirus alomatlari bor fuqarolarning jamoat joylariga chiqmasligi talab etiladi.

Mavzuga oid