O‘zbekiston | 20:38 / 22.06.2020
11547
2 daqiqa o‘qiladi

Bozorlar dezinfeksiya uchun haftada bir marta yopiladi, supermarketlarga kirishda bepul qo‘lqop beriladi

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazoratini ta'minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

So‘nggi haftalarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining yengil shakllari yoki kasallik alomatlarsiz o‘tish holatlari ko‘payganini inobatga olib, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bu boradagi tavsiyalarini e'tiborga olgan holda fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish va xavfsizligini ta'minlash maqsadida supermarket va boshqa yirik do‘konlarga kirishda ularni bepul qo‘lqop bilan ta'minlash nazarda tutilmoqda.

«Supermarket va boshqa yirik do‘konlarda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilmoqda, ushbu obektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish talablari belgilanmoqda.

Fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish va xavfsizligini ta'minlash maqsadida supermarket va boshqa yirik do‘konlarga kirishda ularni bepul qo‘lqop bilan ta'minlash nazarda tutilmoqda», deyiladi maxsus komissiya qarorida.

Shuningdek, hududlardagi barcha bozorlar sanitariya-epidemiologik tadbirlarini, shu jumladan, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun har haftada bir marotaba yopilishi belgilandi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli hududda karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta'minlash uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilangan. 

Bunda tegishli hududda karantin talablarini ta'minlamaganligi tufayli fuqarolarga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy ta'sir chorasi qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Mavzuga oid