Xalq ta'limi sohasida masofadan ishlashga o‘tgan xodimlar faoliyati yuzasidan tavsiya berildi
Xalq ta'limi tizimidagi ta'lim muassasalarida karantin davrida masofadan ishlashga o‘tgan tizim xodimlari faoliyati yuzasidan tavsiya chiqarildi
Xalq ta'limi vazirligi xalq ta'limi tizimidagi ta'lim muassasalarida karantin davrida masofadan ishlashga o‘tgan tizim xodimlarining faoliyati yuzasidan tavsiyalarni e'lon qildi.
Ta'lim muassasalarining fan o‘qituvchilari karantin davrida o‘quvchilar bilan masofadan (onlayn tarzda) amalga oshiradigan ishlar yuzasidan tavsiyalar:
1. O‘qituvchi dars beradigan har bir sinfi bo‘yicha telegram messenjerida sinfi va fanini ko‘rsatgan holda (masalan: 8-“A“ sinf fizika) guruh tashkil qiladi.
Tashkil etilgan telegram guruhiga tegishli sinf o‘quvchilari (ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ni kiritadi.
2. O‘qituvchi telegram guruhi orqali o‘quvchilarga televizion darsda o‘tilgan mavzu yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish, savollarga javob berish va televizion darsda berilgan uy vazifalarni bajarishga ko‘maklashib boradi.
3. O‘qituvchi telegram messenjeri mavjud bo‘lmagan o‘quvchilar (ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga telefon orqali mavzu yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish, savollariga javoblar berishi va televizion darsda berilgan uy vazifalarni bajarishga yo‘nalish berishi hamda ularni baholashni yo‘lga qo‘yishi mumkin.
4. Ta'lim muassasalarida karantin davrida masofadan ishlashga o‘tgan o‘qituvchilar tegishli telekanallar va Xalq ta'limi vazirligining rasmiy kanallarini kuzatish orqali kunlik onlayn dars jadvalini aniqlaydi.
Bunda o‘qituvchi kunlik onlayn dars jadvali to‘g‘risidagi ma'lumotni bir kun oldin o‘quvchilarga yuboradi va ularga ma'lum qiladi.
5. O‘qituvchilar o‘z fani bo‘yicha televizion darslarni muntazam kuzatib boradi. Shu kundagi televizion darslar tugagach, zarur holda o‘tilgan mavzu yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotlarni o‘quvchilarga yuboradi va ularga bu to‘g‘risida ma'lum qiladi.
O‘qituvchilar telegram messenjeri orqali uy vazifalarini qabul qiladi. Toshkent shahrida esa kundalik.com orqali qabul qiladi.
Izoh: Toshkent shahrida o‘quvchilar tomonidan uy vazifalarini kundalik.com tizimi orqali yuborilishi va o‘qituvchilar tomonidan qabul qilinishida quyidagilarga e'tibor qaratilishi lozim:
Toshkent shahrida o‘qituvchilar uy vazifalari javoblarini faqat kundalik.com tizimi orqali qabul qiladi.
O‘qituvchi o‘ziga biriktirilgan login va paroldan foydalangan holda kundalik.com vebsayti yoki kundalik.com mobil ilovasiga kiradi.
O‘qituvchi o‘ziga tegishli bo‘lgan fan va sinflari bo‘yicha o‘quvchilar tomonidan yuborilgan har kunlik uyga vazifalarni kundalik.com dan yuklab oladi.
O‘qituvchi o‘quvchilar tomonidan tizimga yuklangan uyga vazifalarni tekshiradi, natijasini (bahoni) elektron jurnalga kiritadi. Shu tariqa o‘quvchilar va ularning ota-onalari uy vazifasi uchun qo‘yilgan baholarni bilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarning uy vazifalarini topshirilishi yuzasidan kun doirasida qat'iy vaqt belgilanishi maqsadga muvofiq emas.
O‘quvchi yoki ota-ona tomonidan kundalik.com tizimiga kirish uchun login va parol esdan chiqarilganda, ushbu tizimga kirishni qayta tiklash uchun sinf rahbari o‘z sinfi doirasida o‘quvchi yoki ota-onaning login va parolini tiklash imkoniyatiga ega.
6. O‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarga televizion darsda berilgan uy vazifasidan tashqari boshqa vazifalar berilishi taqiqlanadi.
Shu bilan birga, televideniye orqali namoyish etilmayotgan fanlardan dars beruvchi o‘qituvchilar Toshkent shahrida kundalik.com tizimi yordamida boshqa hududlarda esa telegram messenjeri orqali o‘quvchilarga uy vazifalari beradi, baholab boradi.
7. O‘qituvchi ayrim fanlardan o‘quvchidan uy vazifalarini bajarganligi to‘g‘risidagi ma'lumotni kichik hajmdagi fotosurat (tasviriy san'at fani) yoki videolavha (jismoniy tarbiya, musiqa madaniyati, texnologiya, rus va chet tillari, adabiyot fanlari) tarzida qabul qilishi mumkin.
8. O‘qituvchi o‘quvchilarning uy vazifalarini bajarish jarayonida tug‘ilgan savollariga javob berib boradi.
9. O‘qituvchi tegishli sinf o‘quvchilari tomonidan yuborilgan uy vazifalarini tekshiradi va ularni baholab boradi.
10. O‘qituvchi uy vazifalarni tekshirishni televizion darslarning efirga uzatish vaqtini inobatga olgan holda amalga oshiradi.
Bunda kunning birinchi yarmida namoyish etilgan televizion darslarda berilgan uy vazifalarini kunning ikkinchi yarmida, kunning ikkinchi yarmida namoyish etilgan televizion darslar uy vazifalarini ertasiga kunning birinchi yarmida tekshiradi.
11. O‘qituvchi o‘quvchilarning uy vazifalarini baholab borish maqsadida dars beradigan sinflari uchun vaqtinchalik sinf jurnalini (daftarda) yuritadi.
Vaqtinchalik sinf jurnaliga har kuni kamida 5 (besh) nafar o‘quvchilar bahosi qo‘yiladi. Har bir o‘quvchiga choraklik baho chiqarilishi uchun ular chorak davomida kamida 3-5 tadan baholangan bo‘lishi shart.
Karantin muddati tugagandan so‘ng ushbu vaqtinchalik sinf jurnalidagi o‘quvchilarning baholari asosiy sinf jurnaliga ko‘chirib qo‘yiladi.
Vaqtinchalik jurnal o‘qituvchi tomonidan asosiy jurnal shaklida yoki o‘ziga qulay shaklda yuritiladi.
12. O‘qituvchi tomonidan vaqtinchalik sinf jurnaliga o‘tilgan mavzular, uy vazifalari va o‘quvchilarning joriy baholari kiritib boriladi (oraliq nazorat baholari va o‘quvchilar davomati kiritilmaydi).
Toshkent shahrida o‘quvchilarning olgan baholari kundalik.com elektron tizimiga kiritib boriladi.
13. Bundan tashqari, o‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha o‘tilgan videodarslarni mavzusi, unda berilgan asosiy bilimlarning tezisi va uyga berilgan vazifalarni qayd etish daftarini yuritadi.
O‘qituvchi televizion onlayn darslardan foydalanib, o‘z malakasini oshirib boradi va kelgusida dars ishlanmalarining sifatini oshirish ustida ishlaydi.
14. O‘qituvchi o‘z xohishlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib:
o‘quvchilarda mustaqil ta'lim olishini rivojlantirish maqsadida tegishli faniga doir qiziqarli adabiyotlarni tavsiya qiladi;
o‘quvchilarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida ularga zararli odatlar, ularning oqibatlari, jismoniy tarbiya, sog‘lom turmush tarziga oid videomahsulotlarni ko‘rishni tavsiya qiladi.
15. Ta'lim qozoq, tojik, qirg‘iz, turkman tillarida olib boriladigan ta'lim muassasalari o‘qituvchilari o‘z o‘quvchilariga televizion darslarni telegram messenjeri orqali tushuntirib boradi.
16. O‘qituvchilarga mazkur tavsiyada belgilangan vazifalardan tashqari boshqa vazifalar yuklatish qat'iyan taqiqlanadi.
Televizion darslar namoyish etilish vaqti va jadvali vazirlikning rasmiy veb sayti, ijtimoiy tarmoqlari, Telegram tarmog‘idagi kanali orqali berib boriladi.
Ta'lim muassasalari psixologlari karantin davrida o‘quvchilar bilan masofadan (onlayn tarzda) amalga oshiradigan ishlari yuzasidan tavsiyalar:
1. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “Salomatligingiz o‘z qo‘lingizda” mavzusida o‘quvchilar bilan onlayn suhbat yoki videomashg‘ulot o‘tkazadi.
2. Stress va tushkunlik holatlarining oldini olish hamda hayotning go‘zalligini anglash, shukronalik tuyg‘ularini kamol toptirish, ijobiy hayotiy strategiya ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan “Hayot go‘zal, men hayotdan zavqlanaman!” mavzusida o‘quvchilar bilan onlayn suhbatlar tashkil etadi.
3. Emotsional-hissiy zo‘riqishlar, xavotirlik darajasi yuqori va o‘ziga ishonchi past bo‘lgan bolalar uchun korreksion-rivojlantiruvchi onlayn mashg‘ulotlar tashkil etadi.
4. O‘quvchilarga kasblar to‘g‘risida, shuningdek, respublikamizda yangidan tashkil etilayotgan kasb-hunar maktablari, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, akademik litseylar, oliy ta'lim muassasalari va ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha ma'lumotlar berib boradi.
5. Uy vazifalarini tayyorlashda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ota-onalarga tavsiyalar beradi.
6. Ota-onalar va bolalarga vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgatish yuzasidan “bola va taym-menejment” tushunchasiga urg‘u bergan holda tavsiyalar beradi.
7. Zararli odatlarga ko‘nikish holatlarining oldini olish maqsadida ruhiy faol vositalar iste'molining zararli oqibatlari va xavf-xatari yuzasidan o‘quvchilarga tavsiyalar beradi.
8. O‘qituvchilar jamoasi o‘rtasida xavotirlanish, qo‘rquv va stressni yengishda “Biz birgamiz – birga yengamiz” shiori ostida psixolog ko‘rsatmalari va tavsiyalarini berib boradi.
Mavzuga oid

20:50 / 25.03.2025
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi

20:38 / 20.03.2025
Tramp ta’lim vazirligini yopmoqda: demokratlar sudga ariza topshirdi

20:49 / 15.03.2025
O‘zbekistonda xususiy maktablardagi o‘quvchilar soni 100 mingdan oshdi

11:02 / 12.03.2025