O‘zbekiston | 11:23 / 13.04.2020
8066
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilindi

Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi va Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiya amalga oshirilmoqda. Uning maqsadi quyidagi yo‘nalishlarda a'zo mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat:

salomatlik, osoyishtalik, insonlarga qaratilgan tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatishni ta'minlash, tibbiy-sanitariya xizmatlari sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan yalpi qamrab olishni kengaytirish hamda iste'molchilarga o‘z sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish borasida ongli tanlov uchun imkoniyatlar yaratishda xalq tabobatining salohiyatidan foydalanish;

me'yorlar va qoidalarni belgilash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda xalq tabobati mahsulotlari va amaliyotini sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiyalash, kadrlar malakasini oshirish, davolash ko‘nikmalari, xizmatlari va usullarini takomillashtirish yo‘li bilan xalq tabobatini xavfsiz va samarali qo‘llashga lozim darajada ko‘maklashish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlarini jalb qilgan holda, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, “Tabobat” akademiyasi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar prezidentning 2021-2025 yillarda O‘zbekistonda xalq tabobatini rivojlantirish konsepsiyasini maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar) hamda uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bilan birgalikda tasdiqlashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Ushbu Konsepsiyani ishlab chiqishda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:

taklif etilayotgan chora-tadbirlarning prezidentning 2018 yil 7 dekabrdagi PF–5590-son farmoni bilan tasdiqlangan va hozirda amalga oshirilayotgan 2019-2025 yillarda O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi bilan uzviy bog‘liqligi;

aniq mexanizmlar va bosqichlarni ko‘rsatgan holda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida nazarda tutilgan tavsiyalar va takliflarni amalda bajarish;

Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, Vetnam, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning xalq tabobatini rivojlantirish borasidagi ilg‘or institutsional tajribasini, shu jumladan, joyiga borib keng o‘rganish;

o‘tkazilgan tahlillar va tadqiqotlar asosida xalq tabobati vositalari va usullarining sifati hamda xavfsizligini tartibga solishning institutsional mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, uning asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasining 2020 yil 1 maydan:

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi;

tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida ko‘rsatilgan moliyalashtirish manbalari bilan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Quyidagilar Respublika markazining asosiy vazifalari etib belgilandi:

xalq tabobati usullaridan, shu jumladan, o‘zbek xalq tabobatining tarixiy an'analari va o‘ziga xos merosidan foydalangan holda kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash, shuningdek, boshqa tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning samaradorligini tahlil qilish va o‘rganish;

xalq tabobatining asosiy yo‘nalishlarini (fitoterapiya, akupunktura, ayurveda, gomeopatiya, yoga, moksoterapiya, naturopatiya, osteopatiya, termal tibbiyot, xiro-amaliyot, tsigun va boshqalar) rivojlantirish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashda va zamonaviy tibbiyotda ularni qo‘llash bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlar tayyorlash;

xalq tabobatini kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash masalalarida zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash bo‘yicha, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazish orqali takliflar tayyorlash;

xalq tabobatida foydalaniladigan o‘simliklarni o‘stirish va o‘simlik ko‘rinishida bo‘lmagan xomashyo tayyorlashni, ushbu yo‘nalishda laboratoriya va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish, shuningdek, xalq tabobatida eng ko‘p ishlatiladigan o‘simliklar va xomashyoni o‘stirishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislarni, tibbiyot xodimlarini va tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni Hududiy markazlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

fuqarolar salomatligini ta'minlashda xalq tabobatining rolini oshirish borasidagi muammolarni o‘rganish va takliflar tayyorlash yuzasidan ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish;

xorijiy mamlakatlarning xalq tabobati vakili bo‘lgan tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilish, mamlakatimizda xalq tabobatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha birgalikda anjumanlar, forumlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish.

Belgilanishicha:

Respublika markazi xalq tabobati sohasida bosh muassasa, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi esa ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha klinik baza hisoblanadi;

Respublika markazi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasiga kiradi va unga hisobdor bo‘ladi;

Respublika markaziga sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Respublika markazi direktori mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Vazirlik bosh boshqarmasining boshlig‘iga tenglashtiriladi;

Respublika markazi Vazirlikning ilmiy-amaliy, tadqiqot va boshqa muassasalarini optimallashtirish hisobiga to‘ldiriladi;

Hududiy markazlar Respublika markazining joylardagi bo‘linmalari hisoblanadi, Respublika markazi ularga metodik rahbarlik qiladi va faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Hududiy markazlarda o‘qitish Vazirlik tomonidan tasdiqlangan, Respublika markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi va “Tabobat” akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha pullik asosda amalga oshiriladi;

Hududiy markazlarda o‘qitish qiymatining miqdori Respublika markazi tomonidan belgilanadi;

Hududiy markazlarga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish Vazirlik tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Hududiy markazlarning bitiruvchilariga xalq tabobati bo‘yicha malaka oshirganlik to‘g‘risida rasmiy hujjat deb tan olinadigan belgilangan shakldagi sertifikat beriladi;

xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslarga Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi xalq tabobatining tegishli yo‘nalishlarida faoliyat olib borish huquqini beruvchi guvohnoma beriladi;

Hududiy markazlarning direktorlari Respublika markazi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi;

Hududiy markazlarda o‘qituvchilik faoliyatiga tibbiyot va farmatsevtika oliy ta'lim muassasalari hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining professor-o‘qituvchilar tarkibi, xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislar va tibbiyot xodimlari jalb qilinadi;

Hududiy markazlar xodimlariga tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida tegishli lavozimlar uchun o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;

talab yuqori bo‘lgan dorivor o‘simliklarni yetishtirish va tayyorlash hamda xalq tabobati sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda tegishli tibbiyot oliy ta'lim muassasalari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari balansida turadigan va Hududiy markazlarga doimiy foydalanish uchun beriladigan 1 gektargacha bo‘lgan maydonga ega mini-plantatsiyalar tashkil qilinadi;

Hududiy markazlarda ilg‘or ilmiy izlanishlar va tadqiqot ishlari olib borish uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish hamda ularni zarur asbob-uskunalar, texnika va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan jihozlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Vazirlik va O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasining 2020 yil 1 maydan quyidagilarda xalq tabobati xonalarini ochish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi:

tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi davlat ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida va ushbu muassasalar tibbiyot xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 1 nafardan shtat birligini ajratish orqali ularni to‘ldirish;

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida.

Respublika markazi Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Parkent ko‘chasi, 51-uy manzilida joylashtiriladi.

Mavzuga oid