O‘zbekiston | 23:29 / 20.03.2020
62030
2 daqiqa o‘qiladi

21 martdan xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini charter reyslar orqali vatanga qaytarish boshlanadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijda bo‘lgan va qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizning manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularni vatanga qaytarish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq berdi.  

Yangi turdagi koronavirusning O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida zudlik bilan aviakompaniyalarning O‘zbekistonga kelishini ta'minlovchi charter reyslarining jadvalini ishlab chiqdi:

• 21 mart - Moskvadan (Rossiya) ertalab soat 03.30da va Dehlidan (Hindiston) ertalab soat 17:30da,

• 22 mart - Kuala-Lumpurdan (Malayziya) soat 04.30da, Moskvadan (Rossiya) soat 05.00da, Istanbuldan (Turkiya) soat 06.00da va Novosibirskdan (vaqti belgilanmoqda);

• 23 mart - Seuldan (Koreya Respublikasi) soat 02.00da;

• 24 mart - Jakartadan (Indoneziya) ertalab soat 07.00da;

• 26 mart - Bangkokdan (Tailand) soat 01.00 da.

Vatandoshlarimizning boshqa davlatlardan charter reysi orqali olib kelinishi davom ettiriladi.

Keyingi kunlarning parvoz jadvali to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma'lumotlar e'lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston fuqarolari xorijdan qaytib kelgandan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tegishli talab va normalariga qat'iy rioya qilingan holda 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

Mavzuga oid