O‘zbekiston | 19:37 / 17.03.2020
18893
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiya va AQShdan 7500ta koronavirus test tizimlarini sotib olmoqda

Rasmiylarga ko‘ra, respublikada koronavirus holatlarini tashxislash bo‘yicha texnik imkoniyatlar yetarli.

O‘zbekiston hukumati koronavirus tekshiruvlarini o‘tkazish uchun Rossiya Federatsiyasidan 6000ta va AQShdan 1500ta test apparatini sotib olishni reja qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovga asoslanib Kun.uz muxbiri xabar berdi.

«Kasallikni tashxislash bo‘yicha muammo yo‘q. Texnik imkoniyatlar yetarli. Barcha tibbiyot xodimlari kasallik bo‘yicha tayyorlovdan o‘tgan.

Biz hozirgacha Rossiyadan 3000ta, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan 1500ta va Xitoydan ham 1500 test sistemalarini sotib olganmiz. Ular hozir kun davomida ishlatilmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda qo‘shimcha ravishda Rossiyadan 6000ta test sistemalari sotib olinyapti.

Shuningdek, biz AQShning Kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazidan ham yana 1500ta apparatni shu kunlarda olib kelishni rejalashtiryapmiz», – dedi Almatov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining barcha viloyatlardagi markazlarida virusologik laboratoriyalar bor.

«Har bir markazimizda PsR (polimeraznaya tsepnaya reaksiya) apparatimiz bor. Ushbu apparatlar koronavirus infeksiyasiga to‘g‘ri diagnoz qo‘ya oladi.

Markazlarimizdagi mutaxassislarimiz koronavirus bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. Laboratoriyalarimiz esa kerakli test sistemalarimiz bilan ta'minlangan», – dedi agentlik direktori seshanba kuni matbuot anjumanida.

Mavzuga oid