O‘zbekiston | 16:06 / 04.02.2020
7071
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik talabalar Bo‘stonliqda O‘zbekiston tabiatini tadqiq etishmoqda

Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti «Geografiya» fakultetining 4 nafar professor-o‘qituvchisi va 20 nafar talabasidan iborat delegatsiya Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMUning «Geografiya va tabiiy resurslar» fakulteti professor-o‘qituvchilari,  doktorantlari va magistrantlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tog‘-dala amaliyoti va ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazmoqda.

25 yanvarda boshlangan amaliyot 6 fevralgacha davom etadi.

Tadqiqot doirasida tabiiy va antropogen omillar ta'sirida landshaftlar dinamikasining va yer-resurslardan foydalanishdagi o‘zgarishlarning xususiyatlarini o‘rganish, shuningdek, tabiiy resurslardan foydalanishdagi mavjud va kutiladigan xatarlarni tadqiq etish rejalashtirilgan.

Tadqiqotning ilk kunlari davomida yosh olimlar guruhi va ularga boshchilik qilayotgan professor-o‘qituvchilar Bo‘stonliq tumanining Glavasoy, Xondaliq,  G‘azalkent kabi hududlarida bo‘lib,  bu hududlarning o‘simlik dunyosi,  sel va surilma jarayonlarini o‘rganib, qanday meliorativ ishlar olib borilgani bilan tanishdi.

Shuningdek, biogeografik tadqiqotlar o‘tkazilib, asosan yer va yer resurslaridan foydalanish davomida yuzaga keluvchi tabiiy geografik jarayonlar tadqiq etildi.

G‘azalkent suv omborining tashqi muhitga ta'siri o‘rganilib, uning atrofida qanday o‘zgarishlar bo‘layotgani muhokama qilindi.

Yosh tadqiqotchilar landshaft planirovkasini o‘rganish maqsadida Yusufxona, Burchimulla va Amirsoy kurortida ham bo‘ldi, mahalliy aholi bilan suhbatlashib ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazdi.

Shu bilan birga, turistik zonalarning iqtisodiyotga va tabiatga ta'siri belgilandi.

Mavzuga oid