Jamiyat | 19:32 / 25.12.2019
5069
2 daqiqa o‘qiladi

TIV Irkutskdagi yong‘inda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘lganini tasdiqladi

Foto: 38.mchs.gov.ru

25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Irkutsk oblasti Zalari qishlog‘ida joylashgan o‘rmonchilar yotoqxonasida yong‘in ro‘y berishi oqibatida O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi halok bo‘lgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Novosibirskdagi bosh konsullikka asoslanib bu ma'lumotni tasdiqladi.

Voqea joyidan 13 kishi evakuatsiya qilingan, ularning ikki nafari shifoxonaga joylashtirilgan, to‘rt nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular ayni vaqtda ambulator da'volanmoqda. TIV xabarida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar bor yoki yo‘qligi aniq keltirilmagan.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Irkutsk oblasti bo‘yicha bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 03:41da yong‘in haqida xabar kelib tushgan. Yong‘in maydoni 350 kvadrat metrni tashkil etgan. Barcha jabrlanuvchilar — o‘rmon kesuvchi korxona xodimlari bo‘lishgan. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmagan.

TIV xabariga ko‘ra, bosh konsullik vaziyatni o‘z nazoratiga olgan va Sibir federal okrugi hamda Irkutsk oblasti hokimiyatidagilar, shuningdek, tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

Sibir federal okrugi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda Novosibirskdagi bosh konsullikka quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7−383−246−04−85, +7−383−246−04−84, +7−383−246−04−63, +7−383−246−04−64.

Mavzuga oid