O‘zbekiston | 08:52 / 23.12.2019
7504
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

Foto: Shutterstock

Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini ta'minlash chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, quyidagilar:

Davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal darajasi bo‘yicha talablar;

Davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholash va o‘qitish tartibi to‘g‘risida nizom;

Davlat tashkilotlarining huquqiy savodxonligi minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholashdan o‘tkaziladigan xodimlari lavozimlarining ro‘yxati tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal talablarga muvofiqligini ta'minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilanadi.

Vazirlik va idoralar o‘zlarining faoliyat sohalaridan kelib chiqqan holda boshqaruv xodimlari bilishi majburiy bo‘lgan sohaviy-huquqiy talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Belgilanishicha, 2020 yil iyul oyidan boshlab:

davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi minimal talablarga muvofiqligi belgilangan tartibda huquqiy savodxonlikni baholashning avtomatlashtirilgan tizimi orqali baholab boriladi;

baholash natijalarini tahlil qilish orqali Adliya vazirligi tomonidan davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasiga qo‘yiladigan talablar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy yuridik ma'lumotli xodimlari, davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari, harbiy xizmatchilar, shuningdek Davlat tashkilotlarining huquqiy savodxonligi minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholashdan o‘tkaziladigan xodimlari lavozimlari ro‘yxatida ko‘rsatilmagan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholash va o‘qitish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari, uslubiy tavsiyalar va boshqa materiallarini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda:

2020 yil 1 yanvardan huquqiy savodxonlikni oshirish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot tarmog‘ining sinov rejimida;

2021 yil 1 yanvardan boshlab esa to‘liq rejimda ishga tushishini ta'minlaydi.

Davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonligining minimal darajasi bo‘yicha talablar quyidagicha:

1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi, xususiy mulk himoyasi, inson va fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari, huquq va erkinliklari kafolatlari hamda burchlariga oid normalarini bilish;

2. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida qonun hujjatlari normalarini bilish;

3. Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini bilish;

4. Davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari mazmunini bilish;

5. Davlat xizmatchilarining odob-axloqiga qo‘yiladigan talablar, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini bilish;

6. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining quyidagi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan normalarini bilish:

fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar;

aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi huquqbuzarliklar;

mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar;

transportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar;

savdo, tadbirkorlik va moliya sohalaridagi huquqbuzarliklar;

odil sudlovga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;

jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;

boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;

tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar.

7. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining quyidagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan normalarini bilish:

hayot yoki sog‘liq uchun xavfli jinoyatlar;

fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar;

O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar;

iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar;

xo‘jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar;

tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar;

atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar;

odil sudlovga qarshi jinoyatlar;

jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar;

transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar;

axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar.

8. Mehnat qonunchiligining quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan normalarini bilish:

mehnat shartnomasi;

ish vaqti;

mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha talablar va mehnat xavfsizligi standartlarini bilish;

dam olish vaqti;

mehnatga haq to‘lash;

kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari;

mehnat intizomi;

mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi;

majburiy mehnatga taqiqlar.

9. Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz) bilan erkin ishlay olish, shu jumladan, kerakli normativ-huquqiy hujjatlarni topish ko‘nikmasiga ega bo‘lish.

10. Sohaviy-huquqiy talablar – o‘zi ishlaydigan tashkilot faoliyatiga oid, shu jumladan, tashkilot tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazmunini bilish.

Mavzuga oid