Jahon | 19:13 / 21.12.2019
20699
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiya va Turkiyaga qarshi sanksiyalarni o‘z ichiga olgan mudofaa budjetini imzoladi

AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakatning 2020 yilga mo‘ljallangan mudofaa budjetini imzoladi. Endryus harbiy-havo va harbiy-dengiz kuchlari bazasida imzolangan budjetda harbiy maqsadlar uchun 738 milliard dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan

Foto: Reuters

Senat tomonidan ma'qullangan va prezident Tramp tomonidan imzolangan 2020 yilgi mudofaa budjetida Rossiyani tiyib turish uchun 734 million dollar (budjetning 0,1 foizi) ajratilishi ham kiritilgan. Ushbu budjet joriy yildagisidan 3,1 foizga kattaroq.

Pentagonning asosiy ehtiyojlariga 635 milliard dollar ajratilmoqda. Afg‘oniston, Suriya va Yamanda harbiy operatsiyalarni davom ettirish, boshqa mamlakatlarda terrorchilarga qarshi turish uchun 71,5 milliard, yana 31,5 milliard dollar esa  yadroviy qurolning jangovar tayyorgarligini ta'minlab turish, uni modernizatsiya qilish va boshqa mudofaa maqsadlariga sarflanadi.

Hujjat bilan AQShning Rossiya bilan harbiy sohada hamkorlik qilish hamda Qrimni tan olishga taqiq o‘z kuchida qoldirildi.

Ukrainaga ham 300 million dollar yordam ko‘rsatish, uchuvchi harbiy qurilmalar yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, hujjat Turkiyaga Amerikaning beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini berishni taqiqlaydi. Anqara tomonidan Rossiyaning S-400 zenit raketa tizimi sotib olinishi «Rossiyaning Yevropa va Yevrosiyodagi ta'siriga qarshi turish» to‘g‘risidagi qonun moddasiga tushadi, bu esa sanksiya kiritilishini nazarda tutadi.

AQShning yangi yildagi mudofaa budjetiga yangi ko‘rinishdagi kosmik qo‘shinlar yaratish haqida band ham kiritilgan.

Germaniyadagilar norozi

Budjetda Rossiyaning «Shimoliy oqim-2» va «Turk oqimi» gaz quvurlariga nisbatan sanksiyalar ham nazarda tutilgan.

Budjet imzolanishi arafasida bundan xabardor bo‘lgan «Gazprom»ning shveysariyalik pudratchisi — AllSeas kompaniyasi iqtisodiy cheklovlarga duchor bo‘lishdan cho‘chib, darhol ishlarni to‘xtatgan, deb yozmoqda Forbes. Kompaniyaning rasmiy saytidagi bayonotida AQSh hokimiyatidan tushuntirish so‘ralgan.

Foto: RT

12 dekabr kuni AQSh Kongressi hujjatning loyihasini qabul qilganida respublikachi senatorlar AllSeas’ga xat jo‘natishgan va kompaniyadan barcha ishlarni to‘xtatishni, aks holda «fatal barbodlik» bilan tahdid qilishgan. «AQSh mudofaa budjetining qabul qilinishi bilan undagi shartlarni qabul qilishlaring va «Shimoliy oqim-2» uchun quvur yotqizishni bas qilishdan boshqa choralaring yo‘q», — deyilgan xatda.

Ayni paytda «Shimoliy oqim-2»ning 93 foizdan ortiqroq qismi bunyod etib bo‘lingan. Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi 1224 kilometrlik qo‘shquvurning Daniya hududiy suvlaridagi qismi yotqizilayotgan edi.

Germaniya vazirlar mahkamasi vakili Ulrike Demmer xonim bu cheklovdan taassufda ekanini aytib, Tvitterda «Germaniya federal hukumati eksterritorial sanksiyalarni rad etishi»ni bildirgan.

Bungacha Germaniya federal kansleri Angela Merkelning bundestagda AQShning «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri bilan bog‘liq eksterritorial sanksiyalariga qarshi chiqishi haqida gapirganini Der Tagesspiegel nashri xabar qilgan edi.

Foto: John Macdougall / AFP

Kecha AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas bilan telefon orqali gaplashgan. Suhbat asnosida tomonlar «Shimoliy oqim-2» qurilishiga joriy etilayotgan sanksiyalar masalasiga ham to‘xtalishgan.

Handelsblatt nashriga ko‘ra, Maas AQShni «Shimoliy oqim-2»ga nisbatan sanksiya qo‘llamaslikka chaqirgan va nemis hukumati bu borada Vashington bilan muzokaralar olib borayotganini aytib o‘tgan.

Mavzuga oid