O‘zbekiston | 17:46 / 27.08.2019
7138
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kumushdan buyumlar ishlab chiqarish belgilangan bino va inshootlar MChJga «nol» qiymatda sotiladi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida kumushdan yasalgan buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar, Zargarlik ko‘chasi, 46B-uy manzilida joylashgan:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli bo‘lgan kumushdan buyumlar ishlab chiqarish belgilangan binolar va inshootlardan;

"Asaka" ATBning sho‘'ba xo‘jalik jamiyati - "Asaka Kapital Invest" MChJga tegishli bo‘lgan kumushdan buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha uskunadan;

"Fonon" davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga tegishli bo‘lgan galvanika va affinaj uskunasidan uzoq vaqt mobaynida foydalanilmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent shahar hokimligi, "Fonon" davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, "Asaka" ATB va "Souvenir" MChJning:

investor tomonidan uch yil mobaynida ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga hamda binolar va inshootlarni kapital ta'mirlashga, kamida 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltiriladigan kamida 1,0 mln AQSh dollari summasida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar olinishini nazarda tutadigan yiliga 2,0 tonnagacha kumushni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan zamonaviy ishlab chiqarish tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun binolar va inshootlarni "nol" sotish qiymati bilan "Souvenir" MChJga sotish;

"Asaka Kapital Invest" MChJga tegishli bo‘lgan asbob-uskunalarni 837 548 724 (sakkiz yuz o‘ttiz yetti million besh yuz qirq sakkiz ming yetti yuz yigirma to‘rt) so‘m miqdoridagi balans qiymati bo‘yicha, to‘lovni foiz stavkasi hisoblamasdan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish, shuningdek, investor tomonidan "Oltin Standart" MChJning (mulkiy kompleks negizida zargarlik faoliyatini tashkil etish uchun "Asaka Kapital Invest" MChJ tomonidan tashkil etilgan) "Asaka Kapital Invest" MChJ tomonidan investitsiyalar va qarzlar tarzida kiritilgan majburiyatlarini qoplash yo‘li bilan sotish;

galvanika va affinaj "Fonon" davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining uskunalarini mol-mulkni baholash yakunlari bo‘yicha "Fonon" davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan sotish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Belgilanishicha:

investor o‘z zimmasiga oladigan majburiyatlar bajarilgandan keyin binolar va inshootlarga mulk huquqi belgilangan tartibda to‘liq hajmda investorga o‘tadi;

investitsiya loyihasini amalga oshirish ta'minlanmagan taqdirda ushbu qaror bilan belgilangan shartlarga muvofiq "nol" sotish qiymati bo‘yicha sotilgan binolar va inshootlar keyinchalik maqsadli foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qaytariladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2019 yil 18 maydagi PF-5721-son farmonida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Zargarlik sanoatini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2018 yil 1 martdagi PQ-3577-son qarorida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari "Souvenir" MChJ tomonidan ishlab chiqariladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarga tatbiq etiladi.

Toshkent shahar hokimi "1-Zargarlik korxonasi" davlat korxonasi bilan birgalikda "Souvenir" MChJga beriladigan binolar va inshootlarga avtonom kirib-chiqishni ta'minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radi.

Mavzuga oid