O‘zbekiston | 21:10 / 06.02.2019
37277
4 daqiqa o‘qiladi

Ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar xavotirli o‘zgarishlardan bezimoqda

O‘zbekistondagi barcha kichik sanoat zonasi ishtirokchilari — kichik va o‘rta ishlab chiqarish vakillari bilan yuz berayotgan voqealar OAV nazaridan chetda qolmayapti. Avvaliga «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK misolida taranglik yoritilgan bo‘lsa, endilikda respublikaning turli burchaklardan aks-sado chiqa boshladi. 

Gap shundaki, yangi soliq islohotlariga muvofiq, kichik sanoat zonasini boshqaruvchi direksiya yer, mulk, suv, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisiga aylangan. Ammo direksiyaning daromad manbasi, deyarli, yo‘q. U faqat zonada ko‘rsatiladigan xizmatlar yoxud sharoitlarni saqlash uchun to‘lanadigan to‘lovdan ortiq tushumga ega emas. Ayni chog‘da kichik sanoat zonasidagi barcha mol-mulk va yerdan undirilishi ko‘rsatilgan soliqlar DUK zimmasiga tushmoqda.

Ushbu masala takror-takror muhokama etilishi, OAVda ko‘tarilishi «sug‘ur kuni»da yashayotgan jurnalistning hayotiga ham o‘xshatildi. 

«Mirzo Ulug‘bek kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK bosh iqtisodchisi masalaning ayrim jihatlariga e'tibor qaratish lozimligini uqtirmoqda.

«Birinchidan, kichik sanoat zonasi hududidagi mulklarning qiymati qayta hisoblanishi lozim. Chunki ularning ham inventar, ham kadastr qiymati sun'iy oshirilgan holda ko‘rsatilgan. Aslida binolar foydalanishga yaroqsiz, unda ish faoliyatini tashkil etish mumkin bo‘lmagan. Ishbilarmonlar cho‘ntagidan mablag‘ sarflab, obodonlashtirish ishlarini olib bordi, qurilish qildi, katta investitsiya yotqizdi. Masalan, bizning zonada tadbirkorlar qurgan binodan bir yil ham foydalanmadi. Bu o‘zgarishi lozim. Shundan so‘ng, DUK zimmasidagi mulk solig‘i yuki ham pasayadi.

Ikkinchidan, Davlat soliq qo‘mitasi 2018 yil uchun soliq qarzdorligini keltirib chiqardi. Kameral taftish natijasida «shuncha qarzing bor» deyish noto‘g‘ri. Moliya organlari o‘z vaqtida nega pullarni undirmagan? Qaysidir qarorning turlicha talqini tufayli biz 2018 yil uchun yarim milliard so‘mdan ortiq soliq to‘lovini bajarishga majbur bo‘lyapmiz. Bu hamma bilan yuz bermoqda. Endi nima qilish kerak? Qarzdorlik undirilishi uchun bizga uzaytirilgan muddat kerak. Aks holda DUK bankrot bo‘lishi ham mumkin», — deydi u. 

Xuddi shunday qarzdorlik «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK zimmasiga ham yuklatilgan bo‘lib, uning summasi taxminan 3,5 milliard so‘mni tashkil etadi. 

«Mirzo Ulug‘bek kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK rahbariyati ma'lumotiga ko‘ra, direksiya 2018 yil kuz oylaridan buyon turli darajadagi tashkilotlarga rasmiy xat bilan murojaat qilib kelmoqda. Ammo natija yo‘q. 

«Bizning holatimiz tushunarsiz — ishlab chiqarishni rag‘batlantirib, shu orqali soliq tushumini ko‘paytirish o‘rniga istiqbolli tadbirkor, investorlarni ham bezdirib qo‘yamiz», — deydi Mirzo Ulug‘bek kichik sanoat zonasi ishtirokchisi bo‘lgan tadbirkorlardan biri. 

Shunga o‘xshash gapni Yakkasaroy tumanida joylashgan kichik sanoat zonasi ishtirokchisi ham aytgandi: 

«Ertangi kunga ishonch qolmayapti. Kayfiyatim tushib ketgan. Ishchilarim ham nima qilarini bilmaydi. Mahsulot narxini o‘zgartirsammi, buni ham bilmayman», — deydi u.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid