Jamiyat | 10:38 / 01.11.2018
3738
7 daqiqa o‘qiladi

“Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” – oilalar mustahkamligi uchun xizmat qiladi

Bugun  «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, yosh kelin-kuyovlar, tajribali trenerlar, yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Shayxontohur tumani FHDYo bo‘limi qoshida tashkil etilgan mazkur maktabning ochilish marosimida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.Toshmuhamedova, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboyevlar so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarning ongiga oila muqaddas ne'mat ekanligini singdirish, ularni oilaviy hayotga tayyorlash ishlarini yanada chuqurlashtirish masalalari haqida ta'kidlab, “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” mustahkam va namunali oilalar ko‘payishiga sezilarli hissa qo‘shishini aytib o‘tishdi.

- Yoshlarning taqdiri bog‘lanadigan, bir butun bo‘ladigan maskan bu – FHDYo  bo‘limi.  Yosh oila ilk qadamini aynan shu yerdan boshlaydi. “Bo‘lg‘usi kelin-kuyov innovatsion maktabi”ning FHDYo bo‘limi qoshida tashkil etilayotgani ham bejiz emas, albatta. Bunday maktablarni esa ko‘paytirishimiz lozim. Chunki oila ilmini egallash  yoshlar  uchun har doim kerak.  Shuning uchun biz  Yoshlar ittifoqi ham hududlarimizdagi Yoshlar markazlarida tashkil etilgan to‘garaklar safiga oila haqidagi darslarni ham kiritmoqchimiz. Chunki bola yoshligidan  oila muqaddas ekanligini, uni mustahkam saqlash uchun yetarli bilimga ega bo‘lishi va lozimligini bilishi kerak, –  dedi Q.Quronboyev.

Tadbirda 50 yildan buyon birga yashab kelayotgan ibratli oila, elimiz ardog‘idagi san'atkorlar Lutfulla Sa'dullayev va Gulchehra Sa'dullayevalar bir-birini tushunib, ardoqlab, hayot sinovlarini birgalikda yengish sirlari haqidagi hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. 

So‘ngra “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”da 15 juft oila qurish ostonasidagi yoshlar uchun 1-dars boshlandi.

- Men 26 yoshman. Hozirda ishlash bilan birga Moliya institutida magistratura bosqichida tahsil olaman. Yaqinda biz Shayxontohur tumanidagi FHDYo bo‘limiga nikoh tuzish maqsadida ariza topshirdik. 18 noyabr kuni to‘yimiz bo‘ladi. Bugun oila qurish ostonasida turgan yoshlar uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ularga har xil nizoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror chiqarish uchun ko‘mak berish maqsadida tashkil qilingan “Bo‘lg‘usi kelin-kuyov innovatsion maktabi”ning ilk tinglovchilari bo‘lib, oila ilmiga bag‘ishlangan ilk o‘quv-mashg‘ulotda qatnashib turganimizdan xursandmiz. To‘g‘risi,  1-dars juda qiziqarli va foydali bo‘ldi.  Malakali psixolog va trener Venera Ermatova har bir yoshning  hayajonini his qilgan holda oilani mustahkamlovchi omillarga bag‘ishlangan darsni psixologik treninglar bilan o‘tib berdi. Bu mashg‘ulotlarni oxirigacha qatnashamiz, – dedi Saidazizxo‘ja Saidxo‘jayev.

Dars yakunida bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan oilaviy hayot asoslarini o‘rgatishga bag‘ishlangan ilmiy va badiiy adabiyotlar to‘plami sovg‘a qilindi.

Innovatsion maktabda qanday yo‘nalishlarda master-klasslar o‘tkaziladi?

- oilaviy munosabatlarning ma'naviy-axloqiy asoslari;
- oila iqtisodiyoti, ro‘zg‘or va byudjyetini yuritish;
- oiladagi ijtimoiy rollar va ularni anglagan holda munosabatlar qurish;
- nikoh munosabatlari va salomatlik, reproduktiv salomatlik;
- gender munosabatlari, oilaviy munosabatlarni uyg‘unlashtirish va oilaviy nizolarning oldini olish;
- oilada muloqot madaniyati;
- oilada huquqiy munosabatlar;
- oilani idora etish, oila “siyosati”.

Mavjud o‘quv dasturlaridagi ma'lumotlar ilmiy-uslubiy jihatdan, ya'ni milliy qadriyatlar asoslarining zamonning fan va jamiyat taraqqiyoti tendensiyalari bilan, psixologiya va boshqa ijtimoiy-huquqiy sohalardagi yangiliklari – innovatsiyalari bilan uyg‘un holda amalga oshiriladi.

“Oila” markazi tomonidan ishlab chiqilgan qizlar uchun “Oila saboqlari” mobil ilovasi, kelin-kuyovlar uchun ilk bor tayyorlangan “Mustahkam oilaga yo‘llanma” yon daftarchalari yoshlarni kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega.

Innovatsion maktabga kimlar o‘qishi mumkin?

- FHDYo bo‘limlariga nikoh tuzish maqsadida ariza topshirgan juftliklar;
- turmush qurishni rejalashtirayotgan yigit-qizlar juftliklari;
- kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari (maxsus dastur asosida qisqa muddatli axborot sessiyalari).

“Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ning o‘quv- dasturi qanday tartibda olib boriladi?

Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda masofadan o‘qitish va maslahat berish shakllari:

vebinar (internet orqali seminar va trening)lar;
masofadan, konfedentsiallikni ta'minlagan holda, mutaxassislarining onlayn konsultatsiyalari (psixolog, huquqshunos va boshqalar);
ijtimoiy tarmoqlarda innovatsion maktab sahifasini ochish va bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarga doimiy ruknlar yuritish, yoshlarning savollariga javob berib borish;
multimedia vositalari bilan maxsus jihozlangan mashg‘ulot xonalari bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarga videoroliklar orqali keyslarni namoyish qilish va ularning tahlili asosida ta'lim berish;
Innovatsion maktab qoshida doimiy ishlaydigan va “Oilaviy” telekanali uchun oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha teleko‘rsatuvlar tayyorlash (realiti shou shaklida bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarning roziligi asosida).

Innovatsion maktabda mavjud an'anaviy maktablardan farqli ravishda nafaqat juftliklarning o‘zini o‘qitish, balki yakka holda mutaxassislarning maslahatlari bo‘yicha xizmatlar, muayyan mavzular bo‘yicha guruhlarda treninglar o‘tish (masalan, bo‘lajak kelinlar uchun: ayollik psixologiyasi, go‘zallik psixologiyasi, sevikli bo‘lish san'ati; o‘g‘il bolalar uchun androlog va urolog maslahatlari va hokazo) yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusida innovatsion maktab bitiruvchilari qatoridan, olgan bilimlarini amalda qo‘llab turmushini yo‘lga qo‘ygan, ushbu o‘quvning foydasini anglagan bitiruvchilar saralanib, trenerlik mahorati bo‘yicha treninglar tashkil qilinadi va “tengdosh tengdoshga” tamoyili asosida faoliyat yuritadigan volonter-trenerlar jamoasi shakllantiriladi.

Dars jarayonlari noan'anaviy tarzda shakllantirilgan bo‘lib, o‘quvchilar erkin va qulay muhitda mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.

Mavzuga oid