Jahon | 22:50 / 23.09.2018
9506
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi

© RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Eron xalqaro maydondagi xatti-harakatlarini o‘zgartirmas ekan, AQSh bu mamlakat bilan munosabatlarda yangi sanksiyalarni qo‘llashda davom etadi. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton Fox News telekanali efirida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Eron bilan yadro kelishuvidan chiqishi va rasmiy Tehronga nisbatan sanksiyalarning yangilanishi Eronga ham, mintaqaga ham ta'sir ko‘rsatadi. «Bizningcha, choralar bu davlatning mintaqadagi boshqa davlatlarga o‘z irodasini o‘tkazishiga ta'sir ko‘rsatadi. Biz o‘ylaymizki, navbatdagi sanksiyalar (noyabr oyida - tahr.) bu mamlakatda ham iqtisodiy, ham siyosiy oqibatlarga ega bo‘ladi. Biz shuni istaymiz. Biz Erondagi rejim jiddiy o‘zgarishini istaymiz», degan u.

U agar Eron o‘z siyosatini o‘zgartirmasa, mamlakatga qarshi qo‘shimcha cheklovlar qo‘llanishini qo‘shimcha qilgan.

Eronning OPeKdagi vakili Husayn Kazempur Ardebili esa rasmiy Tehron AQShning sa'y-harakatlariga qaramasdan, neft eksport qilishda davom etishini aytib o‘tgan.

«Bozorlar hozircha biz uchun ochiq va biz neft eksport qilishda davom etamiz. Biz kelgusida ham neftimizni eksport qila olishimizga ishonch bildiramiz», degan u AQSh tomonidan sanksiyalar yana tiklanishidan keyin nima bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javoban.

Yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv
Shu yilning may oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqqanini e'lon qilgandi. U bu qarorni mazkur kelishuv muddat yakunlanganidan keyin Tehron yadroviy dasturiga qaytmasligini kafolatlay olmasligini ro‘kach qilgan holda qabul qilgan. Tramp Tehronga qarshi barcha sanksiyalar tiklanganini ma'lum qilgandi.

Amerika sanksiyalarining bir qismi 7 avgust kunidan amalga kirdi. Bu sanksiyalar Eron avtomobilsozlik va metall sanoatini ham qamrab olgan. Neft mahsulotlari sotuvini cheklash ko‘zda tutilgan sanksiyalar 5 noyabrdan kuchga kiradi. 

«Oltilik»ning boshqa a'zolari AQShning bunday qadamiga qarshi chiqishdi. Vashingtonning Yevropadagi hamkorlari Eron bilan yadroviy kelishuvga amal qilishda davom etishmoqda.

Energetika sektoridagi sanksiyalar noyabr oyida kuchga kiradi. Vashington Erondan neft eksporti butunlay to‘xtatilishiga erishmoqchi.

Mavzuga oid