Jamiyat | 23:28 / 11.09.2018
6786
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 2500 nafardan ziyod qishloq xo‘jaligi sohasi xodimiga bag‘ishlab bayram tadbiri o‘tkazildi

Paxtadan mo‘l hosil olish g‘o‘za parvarishiga juda bog‘liq. Buning uchun zamonaviy agrotexnik tadbirlar alohida e'tiborga molik hisoblanadi. Bu ishlarning boshida esa, albatta, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlarining, jumladan, mexanizatorlarning o‘rni beqiyos. Bir qarashda oddiy tuyulgan bu ishlar zamirida juda katta mehnat yotadi.

Bugun, 11 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev tashabbusi bilan viloyatning barcha tumanlarida, jumladan, Dehqonobod, Mirishkor, Kasbi, G‘uzor, Koson, Qarshi, Qamashi, Kitob, Shahrisabz va boshqa tumanlarida mehnat qilgan mexanizatorlar, paxtakorlar, g‘allakorlar va qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishida mehnat qilgan insonlar uchun Shahrisabz shahrida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda 2500 nafardan ziyod ishchi-xodim ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi IIV vaziri Po‘lat Bobojonov ham ishtirok etdi. Mazkur tantanada viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.

Mehmonlarga bag‘ishlab Shahrisabzning tarixiy obidalari bo‘ylab sayr tashkil qilindi. Shundan so‘ng, ularga atab yozilgan dasturxonga barcha taklif etildi. Har bir ishchi-xodim maxsus bayram sovg‘alari bilan taqdirlandi.

- Bizning qilayotgan mana shu mehnatimiz prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan qo‘llab-quvvatlanayotganidan bag‘oyat xursandmiz. Bu yil uchinchi marotaba Qashqadaryo viloyatida mana shunday tashabbuslar bilan qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun bayram tadbirlari o‘tkazilyapti, - deydi Mirishkor tumani, Oltinboshoq massivi mexanizatori J.Mavlonov. - 25 yildan buyon mexanizator bo‘lib ishlayman. So‘nggi vaqtlarda har yili 40 tsetnerdan hosil olyapmiz. Bu ko‘rsatkichni yanada oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Bugun Shahrisabz shahrida tashkillashtirilgan bayram tadbirlari barchamizning kayfiyatimizga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

O‘tkazilgan tadbirda, shuningdek, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalarga xayriya sovg‘alari topshirildi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid