Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navoiylik fuqarolarga buzilgan uylari uchun tovon puli berish rad etilmoqda, sababi nimada?
O‘zbekistonning yirik shaharlarida bo‘lgani kabi Navoiy shahrida ham keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yaxshi albatta. Ammo, shahar ko‘chalarini kengaytirish rejasini amalga oshirish chog‘ida ayrim oilalarga tovon puli berish rad etilmoqda. Ularning uylari buzilgan, biroq shahar hokimligi uy o‘rniga yer berilganini aytib, tovon puli bermayapti. Kun.Uz muxbiri muammo nimada ekanini o‘rganish uchun shaharning “Yangiariq” va “Istiqlol” mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi bilan uchrashib, ularning so‘zlariga quloq tutdi.
“Biz tovon puli masalasida shahar va viloyat hokimligiga murojaat qildik, ammo natija yo‘q. Adliya, xalq qabulxonalari, Prezident portali kabi idoralarga murojaat qildik. Shahar hokimligi yuristi Abduvali Ahadov sudga ariza yozishimiz kerakligini aytdi. Cud muhokamalarida shahar hokimining uylarimiz buzilishga tushganiga doir qarorini ko‘rsatish talab qilindi. Biroq hokimlik yuristi qarorni olib kelmadi, aniqrog‘i bunday qaror mavjud emasligini aytdi”, - deydi murojaatchilardan biri.
Uning aytishicha, keyinchalik ma'muriy sudga murojaat qilishni aytishgan. Ma'muriy sud ularning arizasini rad qilgan. So‘ngra ish fuqarolik sudiga ko‘chgan. Bu yerda ham hokimning uylarni buzishga doir qarori mavjud emasligi aytilib, ariza rad etilgan.
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular Navoiy shahar Xalq qabulxonasi rahbari bilan uchrashganda, u shahar hokimiga qo‘ng‘iroq qilib, nima qilish borasida maslahat so‘ragan. “U fuqarolar dardini eshitishi va imkon qadar yechimini topishi uchun shu joyga rahbar qilib tayinlangan, lekin Xalq qabulxonasi rahbarining hokimdan maslahat so‘rashini qanday izohlash mumkin”, - uysiz qolgan fuqarolardan biri Gulbahor Rashidova.
Sud mahkamasi har bir uyni buzishga doir, tovon puli miqdori va yer ajratish masalasiga oydinlik kiritilgan hokim qarorini talab qilmoqda.
Aholi fikrlarini tinglaganimizdan so‘ng, shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ibrohim Qodirov hamda hokimlik yuristi Abduvali Ahadov bilan uchrashdik va masalaga izoh so‘radik. Bu jarayonda iltimosimizga binoan murojaatchilar o‘zlari ham ishtirok etdi.
Ibrohim Qodirovning tushuntirishicha, hokim qarorida uyi buzilayotgan fuqarolarga tovon puli berish masalasi kiritilmagan, aksincha tovon sifatida faqat joyga-joy sifatida yer maydoni berilishi qayd etilgan. Shu sababli ularga yer maydoni taqdim etilgan, xolos.
Navoiy shahar hokimligi yuristining so‘zlariga ko‘ra, fuqarolardan davlat zaxirasiga olingan yerlar qonuniy ravishda, fuqarolarning “o‘z xohishlari bilan” yozgan arizalariga binoan olingan hamda ayni shu arizalariga asosan tovon sifatida uy-joy qurish uchun faqatgina yer maydoni berilgan.
Muammoning eng qizig‘i, fuqarolar o‘zlari yozgan arizalarning mohiyatini hokimlik yuristi tushuntirib bermagani, arizani yozayotganlarida tovon beriladi, deb mavhum gaplarni aytganlarini ta'kidlashmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Navoiy shahridagi G‘alaba shoh ko‘chasi kengaytirilishi munosabati bilan shaharning avvalgi hokimi yo‘l chetida joylashgan 165ta uyni buzib, bo‘shagan maydonlarni davlat zaxirasiga olish bo‘yicha umumiy qaror chiqargan. Shundan so‘ng, har bir xonadonga o‘zlari yashab turgan hovli hisobidan uy-joy qurish uchun yer berilgan. Biroq, fuqarolarning uylari buzilgani uchun kompensatsiya puli berilmayapti.
Ta'kidlash o‘rinliki, bir qaraganda, barchasi risoladagidek. Ayyuhannos solishga asos yo‘q. Ya'ni, fuqarolar o‘zlari istiqomat qilayotgan uy-joylarining maydonlarini o‘z xohishlari bilan davlat va jamoat ehtiyoji uchun zaxiraga olishga rozilik bergan. Hokimlik shu asosda yerni olgan va fuqaroga uy-joy qurib olishi uchun yer ajratgan. Chunki arizada buzilayotgan uy-joy uchun tovon sifatida yer maydoni berish so‘ralgan, ammo “buzilayotgan bino uchun, ya'ni yashab turgan uy uchun tovon puli berishni so‘rayman”, degan joyi yo‘q. Aynan shu holat, tovon puli to‘lamaslik uchun shahar hokimligi tomonidan “ajoyib sxema” qo‘llangan, degan fikrni uyg‘otmoqda. Bundan tashqari, hokimlik buzilgan uylar o‘rnida ikki qavatli uylar barpo qilish kerakligini aytib kelmoqda.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 21-bandiga ko‘ra, “Yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarning mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilganda mazkur fuqarolarga, ularning oila a'zolariga, shuningdek ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga ko‘ra yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi. Bunda yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘laligicha qoplanadi”.
Nizomning 25-bandida uy-joyning buzilishiga ham oydinlik kiritilgan. Unga muvofiq, “uy (kvartira) yakka tartibda uy-joy qurish uchun mulkdorga yer uchastkasi ajratilgandan, shuningdek yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilgandan keyingina buzilishi mumkin”. Biroq, hukumat belgilab bergan tartib qo‘pol ravishda buzilib, fuqarolarning uylari ularga ijarada yashab turishlari uchun boshqa uy-joy berilmasdan buzib yuborilgan.
Qolaversa, o‘rganishlarimiz davomida qiziq holatga duch keldik. Fuqarolarga har bir manzilning buzilishi, zaxiraga olinishi xususida qarorni taqdim etish rad etib kelingan bir vaqtda, ayrim fuqarolarga aynan bir xil holatda hokim qarori taqdim etilgan va ular uchun tovon puli ham to‘lab berilgan. Bu holatni qanday tushunish mumkinligi muammolar girdobiga kirib qolgan oddiy xalq vakillarini yanada taajjubga solmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, garchi fuqarolar “o‘zlari yozib bergan arizalari” asosida davlat ehtiyojlari uchun buzilgan uy-joylari uchun tovon puli ololmayotgan bo‘lsa-da, aslida har qanday huquqiy demokratik davlatning vakolatli organlari bilmaslik tufayli yozilgan arizani asos qilib, tovon pulini to‘lashni rad etishga haqi yo‘q. Bu holda fuqarolarning haq-huquqlari poymol etilgan bo‘ladi. Aksincha, shahar hokimligi o‘z fuqarolariga huquqiy to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi va ularning manfaatlarini himoya qilib berishi talab etiladi.
Kun.Uz tahririyati Navoiy shahar G‘alaba shoh ko‘chasida istiqomat qiluvchi va davlat ehtiyoji uchun uylari buzilgan fuqarolarining tovon puli olish bilan bog‘liq muammolari ijobiy hal etiladi, degan ishonch bildirib qoladi.
Tavsiya etamiz
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Jamiyat | 15:33 / 23.07.2025
O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?
Iqtisodiyot | 21:38 / 22.07.2025
Toshkentda bemorga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi
Jamiyat | 15:28 / 22.07.2025
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahvalar savdosiga chek qo‘yildi
Jamiyat | 09:27 / 22.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ boshlig‘i intizomiy javobgarlikka tortildi
O‘zbekiston | 09:55
-
YeI va Xitoy iqlim bo‘yicha yaqinroq hamkorlik qilmoqchi
Jahon | 09:54
-
"Markaziy Osiyo – Markaziy Amerika" ekspertlar platformasi yaratiladi
O‘zbekiston | 09:22
-
Zarema Musayevaga yangi ish bo‘yicha 4 yil qamoq so‘raldi
Jahon | 09:08
Mavzuga oid

18:22 / 19.07.2025
Navoiy shahrini zaharli tutun qopladi. Odamlar nafas olish imkonsizligini aytmoqda

20:12 / 26.05.2025
Samarqand shahrining sobiq prokurori Navoiy shahriga prokuror bo‘ldi

16:02 / 04.04.2025
Xonanda Anvar G‘aniyev mualliflik huquqini buzgani ma’lum bo‘ldi

08:30 / 26.03.2025