O‘zbekiston | 18:22 / 19.07.2025
12563
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahrini zaharli tutun qopladi. Odamlar nafas olish imkonsizligini aytmoqda

Bugun erta tongdan Navoiy shahrini qalin tutun qoplab oldi. Shaharda yashovchilarga ko‘ra, tutun o‘tkir hidli bo‘lib, yo‘tal qo‘zg‘agan. Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi bunda “Navoiyazot”ni aybladi. Zavod vakillari esa tutun shaharga g‘arbiy hududdan kirib kelganini aytmoqda.

Navoiy shahri zaharli tutun ichida qoldi. Holat bugun, 19 iyul kuni erta tongdan kuzatilgan. Bu haqda Kun.uz’ga murojaat yo‘llagan fuqarolar ma’lum qildi.

Murojaatchilarga ko‘ra, zaharli tutun erta tongdan shaharni qoplab olgan. Bu kabi holat oldinroq ham kuzatilgan.

“Hidi juda o‘tkir, yo‘tal qo‘zg‘ayapti, nafas olish deyarli imkonsiz. So‘nggi paytlarda bu kabi holat ketma-ket sodir bo‘lmoqda. Bolalarimiz sog‘ligidan xavotirlanib qoldik. Qachongacha bunday zaharli tutun ichida yashaymiz, bilmaymiz”, deydi murojaat yo‘llagan fuqarolardan biri.

“Navoiyazot” AJ axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, zaharli tutunga zavodning aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 19 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy shahri hududini changsimon tutun qoplagan. Shu kabi holat joriy yilning 13 iyul kuni ham kuzatilgan.

“Aholi orasida bu vaziyat “Navoiyazot” AJ faoliyati bilan bog‘liq degan asossiz va isbotlanmagan fikrlar bor. Korxona tomonidan atmosferani ifloslantiruvchi tashlamalar miqdorining me’yoridan oshmasligini nazorat qilish maqsadida 3, 23, 25-sexlarga 3 dona avtomatik gazoanalizator, jamiyatga qarashli sanatoriy-profilaktoriy hamda boshqarma hududiga 2 dona statsionar postlar o‘rnatildi. Bunga “Navoiyazot” AJ hisobidan 6 mlrd 186 mln so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, atmosferaga manbalardan tashlanuvchi tashlamalarni tutib qolish maqsadida 3-sex donadorlash minorasiga 1 dona skrubber, 23-sex donadorlash minorasiga 4 dona skrubberlar o‘rnatildi. 

Korxona hududi va atrofini nazorat qilish maqsadida 500 dan ortiq zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Yer sathidan 120 metr balandlikdagi 10-15 km masofadagi jarayonni yaqqol ko‘rish imkoniyatini beruvchi kamera tasvirlaridan ko‘rish mumkinki, bugun va 13 iyul sanasida atmosferaning ifloslanishiga sabab bo‘lgan holat korxonaga taalluqli emas.

G‘arbiy hududdan havoga ko‘tarilgan changsimon tutun shamol yo‘nalishi bo‘ylab korxona usti va atrofidan o‘tib, keyin butun shaharga tarqalgan”, deyiladi zavod bayonotida.

Holat yuzasidan Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi ham rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, 19 iyul kuni ertalab tong vaqti 7:00 dan 9:00 ga qadar boshqarma tahliliy laboratoriyasi hamda “Navoiyazot” AJga qarashli Sanitar laboratoriyasi bilan zavod atrofida tahlil ishlari olib borilgan.

“Navoiyazot” AJ va BXO atrofidan tahlil ishlari olib borilganda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 baravar, vodorod sulfidi esa 16,8 baravar me’yordan yuqoriligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasining tahliliy laboratoriyasi tomonidan olingan tahlillar natijasi ko‘ra, 1-kuzatuv postida tahlil ishlari olib borilganda uglerod ikki oksidi 1,04 marotaba, ammiak 1,1 baravar yuqoriligi, 2-kuzatuv postida ammiak 1,2 baravar yuqoriligi aniqlandi”, deyiladi boshqarma munosabatida.

Boshqarma vakilining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, me’yoridan yuqoriligi aniqlangan kimyoviy elementlar faqatgina “Navoiyazot”da uchraydi. Shahar atrofidagi ohak sexlarida bu kabi kimyoviy elementlar bo‘lmaydi.

Navoiy shahrini zaharli tutun qoplab olishi oldin ham kuzatilgan. Kun.uz bu borada oldin surishtiruv e’lon qilgan, shundan so‘ng viloyat hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi mas’ullar holatni joyiga borib o‘rgangandi.

Mavzuga oid