Jahon | 23:42 / 02.09.2018
23997
3 daqiqa o‘qiladi

Litvada demografik inqiroz: mamlakatni har kuni 100ga yaqin kishi tark etmoqda

Foto: sputnik-news.ee

Yevroittifoq Statistika xizmati tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, YeI integratsiyasi boshlangandan buyon Ruminiya aholisining 16 foizini, Bolgariya - 20 foiz, Latviya - 33 foiz, Litva esa 27 foizini yo‘qotgan. Sobiq Sovet ittifoqi parchalangach, Litvada 3,7 million aholi qayta ro‘yxatga olingandi, bugungi kunda esa mamlakat aholisi 2,8 millionni tashkil etmoqda. Boltiqbo‘yidagi ushbu davlatda aholi zichligi ko‘rsatkichi bo‘yicha 1 kv. kmga 44 kishi to‘g‘ri kelishi bilan Polshadan uch barobar kam natijani qayd etdi. Latviyadagi vaziyat bundan ham yomon: 1 kv kmga 35 kishi, Estoniyada esa 29 nafar fuqaro to‘g‘ri kelmoqda. 

Eurostat ma'lumotiga ko‘ra, Litva Yevropadagi aholisini yo‘qotib borayotgan mamlakatlar ichida antireytingni boshqarib kelmoqda. Har soatda 4-5 nafar muayyan ishga layoqatli litvalik vatanini tark etib ketmoqda. Bu raqam bir sutkada taxminan 100 kishini tashkil etmoqda, bir yilda esa 35 ming kishi. 

Eurostat prognozlariga ko‘ra, yaqin 50 yil ichida Litva aholisi yana 38 foizga kamayishi mumkin. Bu paytda Latviyaning aholisi mustaqillik yillarining boshida qayd etilgan 2,6 milliondan 1,9 millionga tushgan. Estoniyada esa 1,5 million aholining 1,3 million nafari mamlakatda qolgan. 

Litva ijtimoiy tadqiqotlar markazi direktori Sarmine Mikulioniyenening ta'kidlashicha, mamlakat xaritasidan har yili 2 mingga yaqin qishloqlar olib tashlanmoqda. 

«Biz ishchi kuchini yo‘qotmoqdamiz. Mamlakatda qolayotganlar esa pensiya yoshida bo‘lgan ishga layoqatsiz kishilar», deydi u. 

Depopulyatsiya jarayoni ayni paytda Boltiqbo‘yi davlatlarida soliq tariflarini oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Litva hukumati tamaki mahsulotlari va nikotin mavjud elektron sigaretga nisbatan aksiz soliq miqdorini oshirdi. Shuningdek, mutasaddilar aholining daromadidan olinadigan soliq miqdorini oshirishni muhokama etmoqda. Shunday qilib, daromad solig‘i 15 foizdan 21 foizgacha ko‘tarilishi mumkin. 

Litvadagi demografik inqirozni tadqiq etayotgan Gollandiyaning Delfte shahridagi Texnologiyalar universiteti professori Maarten van Hemning aytishicha, mamlakatning ijtimoiy boshqaruv modelidan voz kechib, neoliberalizmga murojaat etishi qimmatga tushmoqda.  

«SSSR parchalangach, Litvadagi dehqonlar inqirozga uchradi. Vilnyus, Kaunas va Klaypedadan tashqarida ish topish qiyin masala. Ular ish izlab xorijga ketmoqda», deydi professor. 

Vashington universiteti olimlari olib borgan tadqiqot boshqa natijani ko‘rsatib berdi: Litvadagi depopulyatsiyaga alkogol ichimliklarini ko‘p iste'mol qilish ham salbiy ta'sir o‘tkazmoqda. Aynan alkogol tufayli 2016 yilda 3 million kishi hayotdan ko‘z yumgan. Shularning 12 foizi 15-49 yosh oralig‘idagi erkaklar bo‘lib, statistikaning bu bandi bo‘yicha Boltiqbo‘yi davlatlari antireytingni o‘rnatgan. ​

Mavzuga oid