O‘zbekiston | 14:23 / 18.06.2018
3212
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sub'yektlari uchun Savdo-sanoat palatasiga a'zolik ixtiyoriy bo‘ladi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga a'zoligi ixtiyoriy bo‘ladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 12 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Savdo – sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonuni ham yangi tahrirda qabul qilingani haqida avval xabar berilgan edi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoniga tadbirkorlar, amaliyotchi olimlar va jamoat tashkilotlari vakillari jalb qilindi hamda qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.

Tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik sub'yektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini barcha choralar bilan qo‘llab-quvvatlash Savdo-sanoat palatasining asosiy vazifasi etib belgilandi.
Mazkur qonunda palataning funksiyalari belgilab berildi, palataning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi, palata faoliyatini tashkil etish, shu jumladan palataga a'zolik masalalari tartibga solindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun palataga a'zolik ixtiyoriy qilib belgilandi.

Ayni vaqtda mazkur qonun loyihasi hujjati Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Mavzuga oid