O‘zbekiston | 15:35 / 11.05.2025
6810
7 daqiqa o‘qiladi

Parlamentda ko‘pchilik bloki tuzildi. Endi muxolifat ham paydo bo‘ladimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p o‘ringa ega ikki fraksiya – Liberal-demokratik partiya va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi birlashib, “Taraqqiyot bloki”ni tuzdi. Bu bilan parlamentda rasman ko‘pchilik shakllandi. Shunga o‘xshash blok 20 yil oldin ham tuzilgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Avvaliga O‘zbekiston parlamentini qisqa tariflasak. Oliy Majlis ikki palatadan iborat. Yuqori palata – Senat, 65 senatordan iborat. Quyi palata – Qonunchilik palatasida jami 150 deputat bor. U yoki bu hujjat qonun shaklida kuchga kirishi uchun uni Qonunchilik palatasi qabul qilishi, Senat ma’qullashi va prezident imzolashi kerak.

Ayrim istisnolarni inobatga olmaganda, aksariyat qonunlar qabul qilingan deb hisoblanishi uchun deputatlarning ko‘pchiligi (50 foiz + 1 nafar) uni yoqlab ovoz berishi kerak. Bu – 150 deputatdan iborat palatada 76 ta o‘rinni olgan partiya ko‘pchilik bo‘lishini anglatadi. Ayni paytda O‘zLiDeP 64 ta o‘ringa ega, ya’ni shu paytgacha parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi guruh yo‘q edi. Yetakchi partiyaning son jihatdan ikkinchi o‘rindagi “Milliy tiklanish” bilan blok tuzishi natijasida, 93 deputatdan iborat bu blok ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Xo‘sh, bunday blok O‘zbekiston tarixida birinchi marta tuzilyaptimi? Yo‘q, Oliy Majlis tarixida shunga o‘xshash blok avval ham tuzilgan.

2005 yil fevral oyida O‘zbekiston tarixida birinchi marta uchta partiya ishtirokidagi “Demokratik kuchlar bloki” tuzilgan edi. B uchta partiya – O‘zLiDeP, “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi edi. Bu blokning g‘alati tomoni shunda ediki, mafkurasiga ko‘ra teskari partiyalar bitta blokka birlashgan edi. O‘zLiDeP – iqtisodiy o‘ng va siyosiy qadriyatlarga ko‘ra so‘l partiya, “Adolat” – klassik so‘l partiya, “Fidokorlar” – to‘liq o‘ng partiya edi.

Bugungi blokdagi ikki partiya – O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” o‘ng partiyalar hisoblanadi. “Milliy tiklanish” – klassik o‘ng qanot partiya bo‘lsa, O‘zLiDeP iqtisodiy masalalarda o‘ng, siyosiy masalalarda esa markaz yoki so‘lroq pozitsiyani egallaydi. Qolaversa, bu ikki partiyaning ittifoqchiligi bugun boshlangani yo‘q: ular oxirgi prezidentlik saylovida yagona nomzodni ilgari surdi.

20 yil oldingi blok tuzilgan paytda, O‘zbekiston g‘arbga ancha yaqinlashgan, ichki siyosatda demokratik islohotlarni ko‘rsatishga urinayotgan davlat edi. 2005 yilning fevralida bir nechta maqsadlar bilan tuzilgan blok, may oyiga borib, Andijon voqealaridan keyin o‘zining siyosiy g‘oyasini, ahamiyatini yo‘qotadi. O‘zbekistonda boshqa, juda qattiqqo‘l siyosiy kayfiyat hukm sura boshlaydi.

O‘zbekiston qonunchiligida yuqorida aytligan “parlament ko‘pchiligi”dan tashqari, “parlament muxolifati” tushunchasi ham bor. Biron bir partiya ko‘p o‘rin olsa, yoki bir qancha fraksiyalar birlashib ko‘pchilik o‘rinni tashkil qiladigan blok tuzsa, bu “parlament ko‘pchiligi”ni tashkil qilgan bo‘ladi. Ayni paytda, qolgan partiyalarda o‘zini muxolifat deb e’lon qilib, reglamentda muxolifat uchun kafolatlangan qo‘shimcha huquqlarni olish imkoniyati bor. Muxolifatda har bir qonunchilik loyihasiga qarshi o‘zining loyihasini kiritish, yalpi majlis bayonnomalariga o‘z pozitsiyasini kiritish huquqi bo‘ladi.

O‘tgan safar, ya’ni 2005 yilda O‘zbekiston uchun tashqi dunyo ko‘z o‘ngida ma’lum siyosiy imitatsiyalar muhim bo‘lgan bo‘lsa, bugungi O‘zbekiston uchun ichki dinamika, ichki islohotlar masalasi muhimroq bo‘lishi kerak.

Siyosatshunoslikda “ijtimoiy amortizatorlar” degan tushuncha bor. Avtomobil amortizatori kabi, ijtimoiy amortizatorlar jamiyatni va davlatni qattiq zarbalardan saqlashi, himoya qilishi kerak. Avtomobil yo‘lida chuqurlik yoki toshlar bo‘lsa, amortizator zarbani o‘ziga oladi va ulovga uning ta’sirini kamaytirib beradi. Ijtimoiy amortizatorlar ham jamiyatdagi yashirincha va oshkora noroziliklarni ilg‘ashi, ularni yechish uchun chora-tadbirlar ko‘rishi kerak. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, mana shunday ijtimoiy amortizatorlar sifatida parlament, partiyalar, OAV, fuqarolik jamiyati va boshqa institutlar ishlashi zarur.

Hozirgi davr – muqobilliklar davri. Agar jamiyat, odamlar davlat institutlariga ishonmasa, muqobil institutlar izlay boshlaydi. Davlat va uning institutlariga murojaat qilishdan to‘xtaydi. Natijada, davlat va uning institutlari odamlar uchun legitimlik markazi, ishonsa va suyansa bo‘ladigan institutlar sifatida ko‘rilmaydi. Bunday holatda 3–5 yil ichida inqirozli siyosiy vaziyat yuz berish ehtimoli oshadi.

Parlament xalq uchun, jamiyat uchun g‘oyalar, qarashlar va siyosiy legitimlik markazi bo‘lishi kerak. Odamlar prezidentga va parlamentga to‘liq ishonishi va o‘z muammolari bilan murojaat qilishlari kerak. Birinchi ma’muriyat davrida hukumatda parlamentga nisbatan ishonchsizlik bor edi: parlament kuchaysa, ijro hokimiyati uchun muammo bo‘ladi degan. Biroq bu to‘liq noto‘g‘ri qarash edi. Rivojlangan demokratik davlatlarda ham parlament va ijroiya hokimiyati, parlament va prezidentlik hokimiyati o‘rtasida ziddiyatlar juda kam kuzatiladi. Hammasi siyosiy madaniyatga bog‘liq.

Parlament va siyosiy partiyalar – jamiyatning muammolarini eng samarali kanallashtiradigan institut, milliy tafakkur markazi bo‘lishi lozim. Kuchli parlament – kuchli davlatni, kuchli prezidentlik institutini anglatadi. Va bunday hamohanglik, bunday hamkorlikni shakllantirish – murakkab bo‘lmagan siyosiy san’at deb qaralishi zarur.

Bugun O‘zbekistonga kuchli parlament kerak. Va Qonunchilik palatasida ko‘pchilikni tashkil qiladigan “Taraqqiyot bloki” tuzilishi o‘z o‘rnida parlamentimizdagi siyosiy raqobatni, siyosiy jo‘shqinlikni kuchaytirishi lozim.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid