Jahon | 08:45 / 12.04.2018
13872
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada ochilgan “qo‘shiq kuylovchi yo‘l” bir hafta o‘tgach yopildi

Foto: omropfryslan.nl

Niderlandiyaning Yyelsum qishlog‘i aholisi aprel boshida ochilgan “qo‘shiq kuylovchi yo‘l”ning yopilishiga erishdi. Mahalliy aholining aytishicha, yo‘ldan tarqalayotgan shovqin ular ruhiyatiga salbiy ta'sir qilgan. Ular bu shovqinni haqiqiy “ruhiy qiynoq” deb atashgan.

Hukumat yo‘lni qurish uchun 80 ming yevro mablag‘ sarflagan. Yo‘lning har bir polosasining o‘ng tomoniga o‘rnatilgan maxsus moslamalar haydovchini tezlik rejimiga amal qilishi kerakligidan ogohlantirishi kerak bo‘lgan. Agar avtomobil bu yo‘ldan 60 km/soat tezlik bilan o‘tsa, u qishloq joylashgan Frislandiya viloyati madhiyasini “ijro eta” boshlagan.

Birinchi kundanoq hammasi chappasiga ketgan. Yo‘ldan bir nechta avtomobil o‘tayotganda yo‘l chiqarayotgan ovozlar yoqimsiz shovqinga aylangan va yaqin orada yashovchi aholining asabiga tega boshlagan.

Yyelsum yaqinida harbiy-havo kuchlari aerodromi joylashgan bo‘lib, aholining aytishicha, yo‘ldan tinimsiz tarqalayotgan yoqimsiz shovqinni eshitishdan ko‘ra harbiy samolyotlar ovozini eshitish ma'qulroqqa aylanib qolgan. 

“Menga bundan ko‘ra samolyotlar shovqinini eshitish ma'qulroqdir. Juda bo‘lmasa, ular soat 17dan keyin uchmaydilar”, deb aytgan mahalliy aholi vakillaridan biri.

Amaldorlar aholi bilan uchrashgach, “kuylovchi” yo‘lni yana oddiy yo‘lga aylantirishga qaror qilishgan.

Mavzuga oid