O‘zbekiston | 17:37 / 10.04.2018
16601
6 daqiqa o‘qiladi

Boshqa dalillarsiz ko‘rsatmalar maqbul emas deb topiladi

Foto: Pixabay

4.04.2018 yildagi O‘RQ–470-son Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksda (JPK) dalillarning maqbul emasligini huquqiy tartibga solishga yangicha yondashuv joriy etildi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
JPK yangi 95-1-modda bilan to‘ldirildi. Unda dalillarning maqbul emasligi to‘g‘risidagi amaliyotda mavjud ayrim qoidalar qonuniy jihatdan belgilandi. Endi qonunda belgilanganidek, agar faktik ma'lumotlar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarni cheklash yo‘li bilan yoxud JPK talablari buzilgan holda olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.
 
Bunday holatlar ro‘yxati ham keltirildi, u batafsil emas. Quyidagi usulda olingan faktik ma'lumotlar dalil bo‘la olmaydi:

1) jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llagan holda;
 2) ularni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) yo‘li bilan;
 3) gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqlari, shuningdek tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan holda;
 4) jinoyat ishi bo‘yicha protsessual harakatning mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan bajarilishi natijasida;
 5) noma'lum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan;
 6) jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi, dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan.

Oxirgi band inqilobiy yangilik bo‘ldi. Bungacha boshqa faktik ma'lumotlar bilan tasdiqlanmagan ko‘rsatuvlar ishonchsiz yoki yetarsiz ko‘rsatuvlar sifatida rad etilishi mumkin edi, biroq ularga maqbul deb topilmaydigan (qonunga xilof) ko‘rsatuvlar sifatida qaralmas edi. Tegishincha, sud o‘zining ichki ishonchi bo‘yicha shaxsning aybdorligi ko‘rsatuvlarning o‘zi bilan belgilanganligi xususida bir qarorga kelsa, ayblov hukmi chiqarilishi mumkin edi.

Shartli misol: Ayol faraz qilingan hodisa yuz bergandan keyin bir necha oy o‘tgach zo‘rlangani to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qildi. Tabiiy sabablarga ko‘ra ashyoviy va boshqa dalillarni topishning imkoni bo‘lmaydi (tan jarohatlari vaqt o‘tishi bilan bitadi, biologik va boshqa izlar yo‘qoladi yoxud yaroqsiz holga keladi va h.k.). Sud o‘zining ichki ishonchi bo‘yicha jabrlangan ayol haqiqatni gapiryapti degan qarorga kelsa, nazariy jihatdan ayblov hukmi chiqarilishi mumkin edi.

Endi sudlarning bunday tartibda qaror qabul qilishlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ravishda taqiqlandi. Sababi oddiy – bunday sharoitda kishining aybdorligi haqida xolisona ravishda yetarlicha ishonch hosil qilib bo‘lmaydi. Bunda bitta ko‘rsatuvni boshqalari bilan tasdiqlashga yo‘l qo‘yiladi, ashyoviy va yozma dalillarning mavjud bo‘lishi shart emas.   

Shuningdek guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan JPK normalari buzilgan holda olingan ko‘rsatuvlardan, ekspert xulosasidan, ashyoviy dalillardan, audio-, videoyozuvlardan va boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlanadi. Muallifning fikricha, ushbu taqiq protsess taraflarining dalillarni taqdim etish huquqiga ziyon yetkazgan holda talqin qilinishi kerak emas. 

Shartli misol: Firibgarning xatti-harakatlaridan jabrlangan shaxs mobil qurilmadagi maxsus ilova yordamida u bilan telefon orqali muloqotini yozib oldi. Ushbu yozuv jinoyatchi aldov yo‘li bilan qurbonidan pul mablag‘larini olganligini tasdiqlaydi. Bunda JPKning 170-moddasiga muvofiq, telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish uchun surishtiruvchi yoki tergovchi prokurorning sanksiyasini olib chiqargan qaror talab etiladi, eshitib turishni esa Davlat xavfsizlik xizmati amalga oshiradi. Shunga qaramay, JPKning 198–202, 205-moddalarida fuqarolarga o‘zlarida mavjud bo‘lgan ashyoviy dalillarni tergov va sudga taqdim etish huquqi berilgan. Shu sababli ularni maqbul emas deb topib bo‘lmaydi, sababi fuqarolarning o‘z hayotida ro‘y berayotgan hodisalarni audioyozuv, videoyozuvga olishlari va h.k. taqiqlanmagan.

Faktik ma'lumotlardan dalil sifatida foydalanishning maqbul emasligi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning o‘z tashabbusi bilan yoki ishtirokchilarning iltimosnomasi bo‘yicha aniqlanadi. Mansabdor shaxs dalillarning maqbul emasligi to‘g‘risidagi masalani hal qilayotganida har bir holatda yo‘l qo‘yilgan buzilish nimada aniq ifodalanganligini aniqlab olishi va asoslantirilgan qaror qabul qilishi shart.

Hujjat «Xalq so‘zi» gazetasida 5.04.2018 yilda e'lon qilingan. 

Mavzuga oid