O‘zbekiston | 13:13 / 25.01.2018
5209
2 daqiqa o‘qiladi

Chimyonda O‘zbekiston va Belarus qutqaruvchilarining hamkorlikdagi mashg‘ulotlari o‘tkaziladi 

Foto: FVV

Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari A.Xudoleyev boshchiligidagi qutqaruvchilar 2018 yil 25 yanvar kuni O‘zbekistonga tashrif buyurishadi. Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2017-2018 yillarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlar rejasiga asosan amalga oshiriladi.

Tashrif doirasida Toshkent shahrida va Toshkent viloyatining Chimyon tog‘li hududida «Zilzila oqibatida yong‘inlar kelib chiqishi, shuningdek mehmonxona binosining qulashi va tog‘li hududlarda jabrlanganlarni qidirish va evakuatsiya tadbirlarini olib borishda qutqaruv tuzilmalarining hamkorlikdagi harakatlari» mavzusida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Foto: FVV

Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘uloti davomida qutqaruvchilar tomonidan dam oluvchilarni evakuatsiya qilish, tog‘ qoyalarida alpinistik anjomlar yordamida qutqarish, ko‘chki oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlarni qidirib topish va evakuatsiya qilish, qidiruv-qutqaruv tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish, dor yo‘lida alpinistik qutqaruv texnologiyalarini qo‘llash, jabrlanganlarga psixologik ko‘mak berish, shuningdek, yong‘in va vayronalarda qutqaruv ishlarini olib borish bo‘yicha amaliy harakatlar bajariladi.

Mavzuga oid