Jamiyat | 09:16 / 21.10.2017
10507
6 daqiqa o‘qiladi

Namanganda gulchilikni rivojlantirish markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Namangan viloyatida gulchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.

Hujjat Namangan viloyatida gulchilikni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash, zamonaviy landshaft va dizayn asosida gulzorlar tashkil etish, gulchilik san'ati sir asrorlarini o‘rganish, ilg‘or mamlakatlar bilan tajriba almashish, aholi daromadlarini oshirish, respublika va chet ellik turistlarni jalb etish hamda Namangan shahrini gullar markaziga aylantirish maqsadida qabul qilindi

Qaror bilan Namangan viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Namangan viloyati hokimligi huzurida davlat unitar korxonasi shaklidagi gulchilikni rivojlantirish markazini (Markaz) hamda Namangan viloyatining tumanlarida Markazning filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Namangan viloyati hokimligi bir oy muddatda gulchilikni rivojlantirish Markazi ustavini ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

mahalliy tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan gullarning zamonaviy plantatsiyalarini yaratish, shuningdek, gul yetishtirishning ilmiy asoslangan usullarini va resurslarni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish;

viloyatda gul yetishtirish hajmini ko‘paytirish choralarini ko‘rish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish;

viloyat hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos manzarali va buta gul nihollarini laboratoriya sharoitlarida yetishtirishni tashkil etish;

innovatsiya texnologiyalarini gul yetishtirish jarayoniga joriy qilish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

gul ko‘chatlarini parvarish qilishga jalb etiladigan mutaxassislarning maxsus tayyorlov kurslarida malakasini oshirilishini tashkil etish.

Belgilab qo‘yilishicha, Markaz faoliyatini moliyalashtirish mahalliy byudjyet mablag‘lari, gulchilik sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Namangan viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

viloyatda gulchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga, shu jumladan fermer xo‘jaliklariga mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash maqsadida plantatsiya va issiqxonalar tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishini;

har bir tumanda 5 tadan va Namangan shahrida 10 ta zamonaviy va doimiy faoliyat olib boradigan gul sotish shaxobchalari tashkil etilishini ta'minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda Namangan viloyatida zamonaviy landshaft asosida gulzorlar va xiyobonlar barpo etish maqsadida gulchilik bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va tadbirkorlik sub'yektlarining talab va ehtiyojlari asosida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Namangan muhandislik-texnologiya institutida «Manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish» ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislik kafedrasi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi. Matbuot va axborot agentligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda gulchilik san'ati sir-asrorlariga bag‘ishlangan qo‘llanma, monografiyalar ishlab chiqib, nashr ettirish va aholi o‘rtasida keng targ‘ib etilishini ta'minlaydi.

Namangan viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Tashki savdo vazirligi bilan birgalikda zamonaviy va manzarali xorijiy gul navlarini olib kelish, ularni mahalliy iqlimga moslashtirish, qurg‘oqchilikka chidamli va virussiz navlarini o‘zlashtirish, gulchilik sohasida ilg‘or mamlakatlar bilan tajriba almashish va hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

«O‘ztransgaz» AJ, «O‘zbekenergo» AJ va Namangan viloyati hokimligi hududlarda tashkil etiladigan mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash plantatsiya va issiqxonalarni tabiiy gaz, oqova suv va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash choralarini ko‘radi.

Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining viloyatda an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Gul bayrami» tadbirlarini har yili may oyining oxirgi haftasida o‘tkazilishi to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Namangan viloyati hokimligi bir oy muddatda:

viloyatda «Gul bayrami»ni tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlaydi;

Namangan shahrini «Gullar shahri» sifatida aks ettiradigan ramzini yaratib, shaharning markaziy yo‘llariga o‘rnatish hamda shahar markaziy ko‘chalarida arxitektura talablari hamda zamonaviy landshaft asosida gul pavilonlarini tashkil etadi.

Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev va Namangan viloyati hokimi X.Bozarov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid