O‘zbekiston | 15:20 / 06.10.2017
8977
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona vodiysidagi chuchuk suv zaxiralari qayta baholanadi

Vazirlar Mahkamasining 30.09.2017 yildagi 779-son qarori bilan 2017-2022 yillarda yer osti chuchuk suv zaxiralaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga Farg‘ona vodiysi aholisini ichimlik suvi bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilindi.

Norma.uz’ning xabar berishicha, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

•  2017-2022 yillarda Farg‘ona vodiysi aholisini suv bilan ta'minlash tizimini yaxshilashga qaratilgan yer osti chuchuk suv zaxiralarini qayta baholash va oshirishni ta'minlash, ulardan oqilona foydalanishning kompleks chora-tadbirlari. Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yer osti suv zaxiralarini qayta baholash va oshirishni ta'minlash bo‘yicha gidrogeologik ishlarni hamda Farg‘ona vodiysi hududida yer osti suvlaridan foydalanish va gidrogeologik tadqiqotlarning real holatini baholash bo‘yicha hududiy gidrogeologik tadqiqotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda;
•  2017-2022 yillarda Farg‘ona vodiysida ekspluatatsiya (jami – 501)  va kuzatuv (jami – 70) quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilishning yig‘ma parametrlari.

Qaror bilan yuqoridagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari aniqlandi va ularni ijro etish bo‘yicha vakolatli organlarga kerakli topshiriqlar berildi. Hujjatni amalga oshirish uchun shaxsiy mas'uliyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi rahbarlari, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimlari zimmasiga yuklandi.

Hujjat 4.10.2017 yildan kuchga kirdi.  

Mavzuga oid