Jamiyat | 19:02 / 15.07.2025
17563
14 daqiqa o‘qiladi

“Vahshiylik shu darajada bo‘ladimi?..” - zaharli dori sabab vodiyda asalarilar qirilib bitmoqda

Asalarichilik qishloq xo‘jaligining ajralmas, muhim tarmog‘idir. Vodiy asalarichiligi esa respublikada alohida o‘rin tutadi. Lekin soha bugunga kelib boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. G‘o‘zaga kuchli kimyoviy dorilarning ayni kunduz kuni betartib sepilayotgani asalarilarning qirilib ketishiga sabab bo‘lyapti. Bu yil ham ko‘plab asalari oilalari nobud bo‘ldi. Asalarichilar daromadsiz qolgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Asalarichilik sohasining rivoji qishloq xo‘jalik o‘simliklarini changlantirib, hosildorlikni oshirish va mevali daraxtlar hosili sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Vodiy viloyatlarida asosan asal paxtadan olinadi. Asalarichilar yil davomida g‘o‘za gullashini intiqlik bilan kutadi.

Keyingi yillarda paxtaga kuchli kimyoviy dorilarning betartib sepilishi ortidan soha boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Yildan yilga asalarichilik bilan shug‘ullanayotganlar safi qisqarib bormoqda. Doriga tushgan asalarisining qirilib ketishi ortidan asalarichilar sarosimaga tushib qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, paxta dalasiga yaqin hududda istiqomat qiluvchi hamyurtlarimiz orasida onkologik kasallanish ham ko‘payib ketgan.

150 oilam qirildi...

“Bu yil ham asalarini paxtaga olib chiqqan edim. 30 mayning oxiri 1 iyunda sepilgan zaharning kasriga 150 oila qirilib ketdi. Qutilarda ari deyarli qolmagan. Biz endi kimga murojaat qilamiz? O‘zi qishdan zo‘rg‘a olib chiqqan edik asalarilarni. Mana, endi hosil olamiz degan paytda shu ahvolga kelib turibmiz. Daromadimiz asalarichilikdan bo‘lsa... Endi bu yilgi daromad yo‘q. Yiliga 30-40 million so‘m daromad qilar edik.

Sherzod Mirzamatov

Har yili shunday talafotlar bo‘lar edi. Lekin bu yilgisi juda ham og‘ir keldi. Fermerlardan iltimos qilamiz, dorilarni tunda sepish kerak faqat. Tunda sepilgan dorilar g‘o‘zaga ham kunduzidan ko‘ra yaxshi ta’sir qilishi isbotlangan. Kunduzi sepilgan dori, albatta, ariga ta’sir qilyapti. Dori sepilganda ham ariga ta’sir qilmaydigan variantlarini topish kerak.

Yildan yilga asalarichilik sohasi o‘lib boryapti. Agar shu ketishda bo‘lsa, hududimizda asalarichilik batamom to‘xtaydi. Chunki bunga umuman sharoit yo‘q. Sharoit qilib beradigan tashkilotning o‘zi ham yo‘q hozir”, deydi Sherzod Mirzamatov.

Asalarichilik jar yoqasiga kelib bo‘ldi

“Yozyovon tumanida asalarichilik bilan shug‘ullanamiz. Bir hafta bo‘ldi, 300 dan ortiq asalari oilasi tag-tugi bilan qirilib ketdi. Oxirgi 20 yil ichida arimiz bu darajada o‘lmagan edi. Bilmayman, bu haqda kimga shikoyat qilamiz. Boshimiz qotib qolgan. Dardimizni eshitadigan odamning, tashkilotning o‘zi yo‘q.

Bahodirjon Uzoqov

Asalarilarimiz asosan g‘o‘zadan asal oladi. 300 dan oshiq asalari oilalarini g‘o‘zaga olib borgan edik. Paxtaga kuchli kimyoviy dorining kunduz kuni sepilishi ortidan asalarilar qaytib tiklanmaydigan darajada o‘lib ketdi. Asosiy daromadimiz shu sohadan edi. Har bir asalari oilasi bugungi kundagi narxi 700-800 ming so‘mni tashkil qilar edi. Endi umumiy zararni hisoblang. Bu holatni mo‘jizaviy jonivorlarni ataylab o‘ldirgan bilan barobar hisoblayman. Bundan keyin asalarichilik bilan shug‘ullanmaslikka qaror qildim. Negaki, bu katta zarar, katta uvol.

20 yil arichilik qildim, bunday zaharga tushganini birinchi marta ko‘rishim. Shunaqa zaharki, arilar aqldan ozib, yumalab-yumalab o‘lyapti, davomiylik o‘lim holati. Zaharga tushganiga bir haftadan o‘tdi, shundan keyin ham to‘xtamasdan o‘lyapti. Odatda arilarimiz zaharga tushganida bir kun, ikki kunda o‘limlari to‘xtab qolardi. 100 foizga o‘ldirib yubormas edi. Bu yilgi talafot juda katta bo‘ldi. Hukumatdan asalarichilarga yordam berishlarini iltimos qilamiz. Asalarichilik jar yoqasiga kelib bo‘ldi”, deydi 300 asalari oilasini paxta dalasida yo‘qotgan Bahodirjon Uzoqov.

Asalarisiz paxta ham yaxshi bo‘lmaydi...

“Vodiydan boshqa hududlarda asalarilar talafoti kam. Chunki boshqa joylarda g‘o‘zaga kuchli kimyoviy dorilar sepilmaydi. Olimlarimizdan asalarilarga ta’sir qilmaydigan preparatlar ishlab chiqishlarini iltimos qilamiz.

Ravshanbek Hamidov

Asalarilarisiz paxta yaxshi changlanmaydi, asalarilarsiz hosildorlik ham haminqadar bo‘ladi-ku. Buni fermerlarimiz tushunishmayapti. Hozirga kelib 100 ga yaqin asalari oilamiz talafot ko‘rdi. 100 ga yaqin oilamizdan 30 million, 40 million so‘mlik daromad olardik. Bahorda 30, 40 millionlik asalari paketlarini sotardik, eksport qilardik.

Ayniqsa, Qo‘shtepa, Yozyovon, Oltiariq tumanlarida kuchli zaharli preparatlarni ko‘p qo‘llashyapti. Buning natijasida asalarichilar katta talafot ko‘ryapti. Kuchli kimyoviy dori vositalari yurtimizga yashirinchi, tekshiruvsiz kirib kelyapti. Buni nazorat qiladigan tashkilotning o‘zi yo‘q”, deydi Ravshanbek Hamidov.

Ximikatlarini tunda sepishsin...

“Qo‘shtepa tumanida kichik mahallaning o‘zida 35 kishi asalarichilik bilan shug‘ullanar edi. Hozir esa beshta yoki oltita asalarichi qoldi xolos. Ko‘pchilik sohani tark etyapti. 1 000 taga yaqin asalari oilamiz bor edi.

Ahror Oxunov

Shundan 300-400 oila paxtadagi zaharlanishdan o‘lib ketdi. Shuning hisobiga ancha qisqartirib yubordik arini. 70 yoki 80 ta qutida ari qoldi xolos. Bu ketishda soha o‘lib bo‘ladi. Yana besh yil ichida bu soha umuman yo‘qolib ketadi. Fermerlar bilan kelishib ishlaylik. Ximikatlarini tunda sepishsin”, – Ahror Oxunov.

Dard ustiga chipqon

“Paxtaga, g‘o‘zaga ko‘sak qurtiga, o‘rgimchakkanaga kimyoviy ishlov berishda juda ko‘plab arichilarimiz talafot ko‘rdi. Bu yilning o‘zida Yozyovon, Qo‘shtepa, Oltiariq tumanlarida ayniqsa ko‘p talafotlar kuzatilgan. Bu soha vakillarining yillik daromadi yo‘q degani. Ancha sarf-xarajat qilib, oilalarni ko‘paytirib, rivojlantirib, asal uchun paxtazorlarga olib kelingan edi.

Qodirov Botirali. Respublika Asalarichilik uyushmasining Farg‘onadagi doimiy vakili

O‘zbekistonda asalarichilar asalni asosan paxtadan oladi. Yantoqdan, boshqa tog‘ hududlarimizda ham bor. Bular nisbatan kam. Asosan paxta. Endi shundoq ekan, asosiy asalarichi shu bir-ikki oy, iyul, iyun, avgust oyi uchun bir yil tayyorgarlik ko‘radi. Mana shu davrga kelganda endi daromadga kirdim, asal keldi deganda esa, ko‘ngilsiz holatlar bo‘lib turibdi. Kimyoviy ishlov berishdan ari nobud bo‘lyapti. Klasterlarimiz, agronomlar, fermerlarimiz kimyoviy ishlov berishni tunda o‘tkazsa. Keyin arichilarimizni ogohlantirib ishlov berilsa, juda ham nur ustiga nur bo‘lardi. Negaki, asalarichi asaldan olayotgan daromadidan ko‘ra tabiatga, atrof-muhitga uning foydaliligi ko‘proq bo‘ladi. Fermer shunchaki asalarilarni dala chetlariga joylashtirish orqali hosildorlik 30 foizga oshadi. Hech qanday agrotexnik tadbirlarsiz, faqatgina asalarilarni dalaga qo‘ysa bo‘ldi. Shuni hisobga olib, tushungan holda arichilarimizni ogohlantirib, hamkorlikda ishlansa, juda ham yaxshi bo‘lardi. Asalarining tabiatga foydasi shunchalik ko‘pki, buning chek-chegarasi yo‘q. Bu ekosistemamizda, o‘rab turgan tabiatimizning ajralmas bir bo‘lagi hisoblanadi. Ozuqa zanjirida muhim rol o‘ynaydi.

Barcha gulli o‘simliklarning hayoti asalarilar bilan bog‘liq. Bitta arichimizning o‘sha asalarilar oilasi nobud bo‘lsa, o‘sha atrofdagi, o‘sha kilometr radiusdagi gulli o‘simliklar changlana olmay qoladi. Natijada hosildorlik, paxta bo‘ladimi yoki mevali daraxtmi, hosildorlik kamayib ketadi. Asta-sekin iqtisodimizga ham buning ta’siri yuqori bo‘ladi.

Asalarilar oilasining soniga keladigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha 70-80 foiz atrofida asalarilar oilalari vodiyda joylashgan. Asosan vodiy ta’minotchi, butun respublika bo‘ylab yetishtirib beruvchi hisoblanadi. Erta bahor vohadan, boshqa viloyatlardan asalarilar oilasini olgani kelishadi. To‘rt-besh yil ilgariga nazar soladigan bo‘lsak, hozirgi kunda asalarichilarimizning, asalarichilik sub’yektlarimizning soni ham ancha kamayib ketgan. Sababi noto‘g‘ri kimyoviy ishlov berishlar, turli xil omillar sabab, ekologik omillar, har xil yangi kasalliklarning kelib chiqishi asalarichilarimizning sonini keskin qisqartirib boryapti. G‘o‘zaga, paxtaga kimyoviy ishlov berishni noto‘g‘ri qo‘llash bo‘lsa, bu dard ustiga chipqon bo‘lyapti”, deydi Respublika Asalarichilik uyushmasining Farg‘onadagi doimiy vakili.

Soha islohotga muhtoj...

“Asalari deganda ko‘pchilik asalni tushunadi. Lekin asalarining tabiatdagi maqsadi bu changlatish. Changlatish orqali hosildorlikni oshirish va ekotizimda, ya’ni o‘simliklarning o‘sishini ta’minlash. Fermerlarga iltimos qilib qolardik, iloji boricha klassi pastroq, ya’ni arilarga kam ta’sir qiluvchi yoki biologik usullar bilan hasharotlarga qarshi kurash usullarini o‘zlarining fermer xo‘jaliklarida ishlatishsin.

Sherzod Suyarqulov. Farg‘ona viloyati Asalarichilar uyushmasi raisi

Rivojlangan davlatlarda hozirgi kunda asalarilarni changlatish uchun pul to‘lanadi. Amerikada, Kaliforniya shtatida bodom yetishtiriladi. Va har yili o‘sha yerga millionlab asalari oilalari ko‘chirib kelinadi. Asalarichilarga har bir asalari oilasi uchun 200 dollardan 240 dollargacha changlatish uchun haq to‘lashadi bog‘bonlar. Bu hosildorlikni kamida ikki-uch barobarga oshirib beradi. Albatta, bu qo‘shimcha daromad fermerlar uchun ham. Xuddi shunday eksperimentni, xuddi shunday ilmiy ishni O‘zbekistonda 20 xildan ortiq mevali daraxtlarda, paxta va kungaboqarda o‘tkazganmiz. Paxtaning hosildorligi uch barobar, kungaboqarniki esa ikki barobarga oshgan. Mevalar hosildorligi 20 foizdan 22 barobargacha oshgan. Ba’zi o‘simliklar asalarilar, ya’ni tashqi changlatuvchisiz umuman hosil bermaydi. Bunga misol qilib aytishimiz mumkin, masalan, qashqargilos, oddiy gilos, bodom va shu kabi o‘simliklar, daraxtlar, umuman asalarining yordamisiz, tashqi changlatuvchisiz umuman hosil bermaydi. Endi mutasaddi tashkilotlarga biz shunday taklif berib qolardikki, ushbu sohaga e’tibor qaratilsa juda yaxshi bo‘lardi. Dori-darmonlarni ishlatish ustida nazorat olib borilsa, albatta, bu biz asalarichilar uchun ham, kelajak uchun ham.

Asalarilar hozir nobud bo‘lib, yo‘q bo‘lib ketsa, asalarichilik sohasi umuman yo‘q bo‘lib ketsa, kelajakda bu o‘simliklarning ko‘payishi, ekosistema rivojlanishiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Hozirgi kunda yana bitta katta muammolardan biri bu tashqaridan, qo‘shni davlatlardan, asosan Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasidan kelayotgan arzon va sifatsiz asal bo‘lib qolmoqda asalarichilik sohasiga. Hozirgi kunda mana, bozorlarda agar kelib, kirib aylanadigan bo‘lsak, import qilingan asallarning narxi 30 ming, 40 mingni tashkil qiladi. Bu o‘zimizda mahalliy yetishtirilgan asalning tannarxi ham emas. Biz bu asallarni olib, tarkibini tekshirdik. Ushbu asallarning to‘rtdan uch qismi umuman tahlildan o‘tmadi. Bundan tashqari, bu to‘rtta asallar o‘zimizda, Farg‘ona viloyati asalarichilik uyushmasida kraxmalga tekshirildi. Soxta asallarda kraxmal qo‘shilishiga shubha qilindi va albatta, to‘rtalasida ham kraxmal borligi aniqlandi.

Buni aniqlash juda ham oddiy. Aytaylik, xaridor buni o‘z uyida asalni sotib olgandan keyin aniqlashi mumkin. Ya’ni bu 50 foiz suvga 50 foiz asal qo‘shiladi, ya’ni aytaylik, 50 ml suvga 50 ml asal qo‘shiladi va bir necha tomchi yod tomizdiriladi. Va ushbu suyuqlik qoramtir tus olishni boshlaydi. Agar qoramtir tus olishni boshlasa, ushbu asallar kraxmal yoki un bor. Yodning xuddi shunday xususiyati bor. Agar toza asal bo‘lsa-chi? Toza asal bo‘lsa, yodning o‘zining qizg‘ish ko‘kimtir rangda o‘zida qoladi.

Mutasaddi tashkilotlarga taklifimiz bor. Ushbu asallarning kirib kelish paytida va tekshirilish paytida ozgina mas’uliyat bilan tekshirilsa va respublikamizga kirib kelayotgan asal mahsulotlarini sinchiklab ko‘rib, ko‘rikdan o‘tkazishsa, bizga ham juda yaxshi bo‘lardi. Va mahalliy asalarichilarga ham juda ham katta yengillik bo‘lardi”, deydi Farg‘ona viloyati Asalarichilar uyushmasi raisi Sherzod Suyarqulov.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid