Jamiyat | 16:28 / 05.02.2017
10397
3 daqiqa o‘qiladi

Insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi kishiga samovot va yer ahli salavot aytib turadi

Ma'lumki, Hazrati Odam alayhissalomga Alloh taolo barcha farishtalarni ta'zim qilishga buyurishining asosiy sababi, u zotning ilmlari sharofatidir. Darhaqiqat, ilm va ilm ahllarining darajasi har qaysi jamiyatda ham yuqori qo‘yilgan. O‘z-o‘zidan ma'lumki, ilmu hunarni ustozsiz egallab bo‘lmaydi. Ilm va hunarning barchasi ham Alloh taolo tomonidan insonga berilgan hikmat bo‘lib, bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilingan:

«U O‘zi xohlagan kishilarga hikmat (foydali ilm) beradi. Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, demak, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar» (Baqara surasi, 269-oyat).

O‘zidagi bilim va hunarni boshqalarga o‘rgatuvchi ustozlarning fazilati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, samovot va yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va dengizdagi baliqqacha insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi kishiga salavot aytib turadilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Barcha payg‘ambarlar ham insonlar uchun murshid, muallim  va ustoz bo‘lganlar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday bayon qilingan:

«O‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta'lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, Alloh mo‘minlarga mehribonlik qildi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar» (Oli Imron surasi, 164-oyat).

Ushbu oyatdan ma'lum bo‘ladiki, insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi, yomonlikdan qaytaruvchi, ilm-hikmatdan ta'lim beruvchi ustoz-murabbiylarning borligi Alloh taoloning ulug‘ ne'matidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  bir muborak hadislarida shunday marhamat qiladilar:

«Sizlarning eng yaxshingiz Qur'onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatuvchi kishidir» (Imom Buxoriy rivoyati).

Xalqimizda «ustoz otangdek ulug‘», degan yaxshi gap bor. Darhaqiqat, ota insonning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsa, ustoz unga hayotda qanday yashashni o‘rgatadi. Shuning uchun ham mo‘min-musulmonlar namozlarining so‘ngida Payg‘ambarga salavot aytganlaridan keyin, ota-onalari qatorida ustozlarining haqlariga  ham Allohdan mag‘firat so‘rab duo qiladilar. Hozirgi kunda yurtimizdagi barcha ta'lim muassasalarida yoshlarga turli sohalar bo‘yicha ta'lim berayotgan ustozlarni alohida esga olish, ularning izzat-ikromlarini o‘rniga qo‘yish har birimizning vazifamizdir.

Zero, kelajak avlodning salohiyati ularning qo‘lida ekan, Alloh taolo ularni burch va vazifalarini sidqidildan ado etishlariga muyassar qilsin.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-
xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf»
jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid