O‘zbekiston | 19:22 / 20.09.2016
4884
3 daqiqa o‘qiladi

YeI delegatsiyasining O‘zbekistondagi yangi rahbari Eduards Stiprays ishini boshladi

19 sentabr kunidan Eduards Stiprays Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi rahbari sifatida o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

U bungacha Latviya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari – TIV siyosiy direktori lavozimida ishlagan. Eduards Stiprays O‘zbekistonda YeI delegatsiyasi ish boshlagan 2011 yildan buyon tayinlangan uchinchi diplomat hisoblanadi.

Stiprays ushbu lavozimni bolgariyalik  Yuriy Shterkdan qabul qilib oldi. 

"Latviya tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatim davomida men bir necha bor Toshkentga kelganman. O‘shanda men sizlarning go‘zal, mehmondo‘st mamlakatingizga yana qaytishni istagandim. Orzuim amalga oshganidan juda xursandman va menda bugun YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanishiga o‘zimning hissamni qo‘shish imkoniyati mavjud. Umid qilamanki, o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan samarali ish olib boramiz. Shuningdek, ne'matlarga boy zaminning ajoyib insonlari bilan uchrashishni intiqlik bilan kutaman”, degan Stiprays YeI delegatsiyasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidagi video murojaatida.

Eduards Stiprays o‘z faoliyatini Latviya tashqi ishlar vazirligida 1993 yilda boshlagan. U Latviyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama aloqalar direksiyasi rahbari bo‘lgan, prezident devonxonasi rahbari, Latviyaning YeIdagi doimiy vakolatxonasi elchisi hamda Latviyaning YeIga a'zo bo‘lishidagi muzokaralarda Latviya delegatsiyasi kotibiyatiga rahbarlik qilgan.

2013 yildan Stiprays Latviya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari – TIV siyosiy direktori lavozimida ish boshlagan. 2016 yilning iyulida YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati masalalari Oliy vakili Federika Mogerini Eduards Stipraysni YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasiga rahbar etib tayinlanganini e'lon qilgan.

Eduards Stiprays Latviya, Ukraina, Norvegiya va Fransiya davlat mukofotlari sohibi hisoblanadi. Latviya universiteti iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. Fransiya Milliy boshqaruv maktabi va Shvetsiya xalqaro aloqalar institutida o‘qigan. Oilali, bir nafar farzandi bor. Latish, ingliz, fransuz va rus tillarini biladi.

Mavzuga oid