Jamiyat | 16:35 / 12.04.2025
7707
4 daqiqa o‘qiladi

“Qishloqda yashab ham kam bo‘lmadik” - qo‘shtepalik bog‘bon

Avazxon Yusupov Qo‘shtepa tumanining Garmdon qishlog‘idan. U tomorqasiga pavloniya ekib daromad ko‘radi. Bog‘bon uyiga ham issiqxona tashkil qilgan. Issiqxonada uzumning xorijiy navlaridan qalamcha qilib ko‘kartirib sotadi. Yosh bog‘bonning qo‘li qo‘liga tegmaydigan kunlar yetib kelgan.

Bog‘bon qishloqda ham harakat qilib yaxshi daromad olayotgani haqida so‘zlab berdi:

“Qishloq sharoitida ham mehnat qilgan kam bo‘lmaydi. Pavloniyalarimiz yetilgan, sotsangiz bu ham daromad. Asalarilarimiz pavloniyaning nektarlaridan, gullaridan asallarni olib kelib yig‘ishyapti.

Mehnat qilgan odam rohatni ham ko‘radi. Bir mavsumda 60-70 kilogacha asal yig‘ishtiramiz. O‘zimizdan orsa, qo‘ni-qo‘shni mahalla-ko‘yga sotamiz. Pavloniyalarniki va tabiatda gullar ko‘p, qishloqda o‘t-o‘lanlar, har xil foydali o‘tlar ham ko‘p-da. O‘shalarning ham nektarini olib kelib, asalari sifatli, toza asal qilib chiqaradi.

Avazxon Yusupov, bog‘bon

Mana shu katta pavloniyalarni 2018-2019 yillari ekkanmiz. Hozirda kichkina tuvakchalarda yangi niholchalarini, yangi ko‘chatchalarini ham chiqarib xalqqa sotyapmiz.

Ustalar pavloniyalarni eshik-rom va naqqoshlik ustun, shunga o‘xshagan buyumlarni ishlab chiqaramiz deb olishdi bizdan.

Odam hayotdan zavqlanib yashashi kerak. Pavloniyalarimiz, asalarilarimiz, uydagi uzumlarimizni ko‘rib odamni, o‘zimning ham bahri dilim ochiladi.

Shu kunlarda chetdan ko‘p uzum mevalari, uzum navlari kirib kelyapti. Biz ham shu navlarga qiziqib o‘zimiz, xalqimizga, mahalla-ko‘yimizga foydamiz tegsin deb, chetdan yangilik uzumlarni mana manikyur fingur, karnaval, avatar, yana bir boshqa sortlarni olib kelib, harakat qilib issiqxonalarni uyimizda tashkillab, oilaviy o‘zimiz shularni yetishtirib chiqaryapmiz.

Yangilik sortlarni asosan Tojikistondan olib kelamiz. Bularga talab ko‘p bo‘lganligi uchun zamonaviy yangi uzum turlarini ham olib kelyapmiz. Qo‘shni respublikalar Tojikiston, Qozog‘istonga ham mana shu uzum ko‘chatlaridan chiqardik bu yildan.

Pavloniya yetishtirib, pilorammada chiqartirib romlar, buyumlar yasattiryapman. Mana shu pavloniyadan yasalgan rom. Dehqonchiligimdan to‘rt yoshli pavloniyadan rom, stol-stul, so‘rilar yasattirdim.

O‘zingiz ekkan daraxtdan buyum chiqsa buning gashti boshqacha bo‘lar ekan. Dehqonchiligingizning rohatini ko‘rar ekansiz o‘shanda. Pavloniya asosan bahorda mart oyining oxirida gullaydi. Bu guli nektarga juda boy. Asalari ham qilib qo‘yganman, ana shu pavloniya guli uchun o‘ziga asal oladi, bolasini tarbiya qilgani zo‘r nektar beradi pavloniya. Bir oygacha gulidan asal olishadi. Asalarilar ham bahorda bir “partiya” asal olsa bo‘ladi gulining o‘zidan.

Qishloqda javlon urib mehnat qilib yuribmiz. Xudoga shukur, hech kimdan kam joyimiz yo‘q. Mehnat qilgan rohatini ko‘radi baribir”, – deydi yosh bog‘bon Avazxon Yusupov.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid