Pekin Vensni nodon deb atadi
Bu AQSh vitse-prezidentining «xitoylik dehqonlar» haqidagi so‘zlariga javob bo‘ldi.

Foto: Getty images
Xitoy AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vensni «AQSh xitoylik dehqonlardan qarz oladi» degan so‘zlari uchun «johil va odobsiz» deb atadi.
Tortishuv shu kunlarda AQSh prezidenti Donald Tramp boshlagan savdo urushining yangi bosqichi fonida yuzaga keldi.
Vens Fox News telekanaliga bergan intervyusida prezidentning Xitoyga nisbatan yangi boj tariflarini joriy etish qarorini qo‘llab-quvvatlab, shunday degandi: «Biz bu xitoylik dehqonlardan qarz olamiz, so‘ngra bu pullarga xitoylik dehqonlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni sotib olamiz».
Xitoy – AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarining dunyodagi eng yirik egalaridan biri hisoblanadi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Tszyan 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Vensning so‘zlariga munosabat bildirib, shunday dedi: «Bu vitse-prezidentdan shunday johil va beadab so‘zlarni eshitish hayratlanarli va achinarli».
Dushanba kuni Tramp Xitoy javoban qo‘llagan 34 foizlik bojni bekor qilish uchun seshanbagacha vaqt bergan, aks holda AQShga import qilinadigan barcha Xitoy mahsulotlariga 50 foizlik boj solishni va’da qilgandi.
O‘tgan haftada Tramp mart oyida Xitoy tovarlariga qo‘yilgan 20 foizlik bojga 34 foizlik tariflarni qo‘shib qo‘ygandi. Agar u o‘z so‘zida tursa, amerikalik importchilar uchun Xitoy firmalari mahsulotlarining narxi ikki baravardan ko‘proq oshadi.
Xitoy Trampning harakatlarini «qo‘rqitish» deb atab, «oxirigacha kurashishi»ni bildirdi.
«Xitoyning Xitoy va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo munosabatlariga nisbatan pozitsiyasi juda aniq bayon etilgan», – dedi Lin seshanba kuni.
Vens so‘zlari Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida bahs va munozaralar to‘lqinini yuzaga keltirdi. Ba’zilar AQSh vitse-prezidentiga Xitoyga kirishni taqiqlashni talab qildi.
«AQSh hukumatidagi muhim shaxs sifatida Vens uchun bunday gaplarni aytish uyat», – deb yozadi Weibo foydalanuvchilaridan biri.
«Uning memuarlari „Hillbilly Elegy“ deb nomlanmaganmidi?» deb yozgan boshqa bir foydalanuvchi Vensning kitobini nazarda tutib, unda siyosatchining Amerika qishloqlarida o‘sgani batafsil tasvirlangan va sarlavhani «Qishloq elegiyasi» deb tarjima qilish mumkin.
Vens o‘z intervyusida Xitoy bilan cheklanmagan. Masalan, uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning Ukraina minerallarini qazib olishdagi ulushi – «30-40 yil jang qilmagan qandaydir tasodifiy mamlakatning 20 ming askari»dan ko‘ra ishonchliroq xavfsizlik kafolatidir.
Hozircha faqat Buyuk Britaniya va Fransiya yirik kontingent yuborishga tayyorligini hisobga olgan holda, britaniyalik siyosatchilar va harbiylar bu jumlani e’tiborsiz qoldirmadi va AQSh vitse-prezidentini so‘nggi o‘n yilliklarda bir necha bor amerikaliklar bilan birga harbiy harakatlarda qatnashgan Britaniya armiyasiga hurmatsizlikda aybladi.
Vens amalda so‘zini qaytib olishga majbur bo‘ldi. «Bu bema’nilik va nohaqlik. Men bu videoda so‘nggi 20 yil ichida AQSh bilan birga mardonavor jang qilgan Buyuk Britaniya yoki Fransiyani tilga olmaganman», – deya yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Mavzuga oid

14:42 / 31.05.2025
Rossiya TIV: AQSh Isroilni Falastin davlatini yaratish istiqbollarini yo‘q qilishda qo‘llab-quvvatlayapti

13:41 / 31.05.2025
AQSh Rossiyaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi

12:50 / 31.05.2025
OAV: AQSh Eronga hujum qilish tahdidi tufayli Isroil bilan harbiy hamkorlikni muzlatdi

12:25 / 31.05.2025