Jamiyat | 08:53 / 31.03.2025
6916
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tumanida me’yoriy talablarga javob bermaydigan obyekt qurilishi to‘xtatildi

Toshkent tumani KHAY yo‘lida joylashgan 9 qavatli uyning qurilish ishlari loyiha talablariga javob bermasligi aniqlandi. Quruvchi tashkilot ayrim joylarda gazoblok o‘rniga g‘isht ishlatgan va qo‘shimcha qavat qo‘shgan. Jarayon joyida to‘xtatildi va noqonuniy ishlarni buzdirish boshlandi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati Toshkent tumanida me’yoriy talablarga javob bermaydigan yana bir obyektning qurilishi to‘xtatildi.

Qurilish vazirligi xabariga ko‘ra, nazorat inspeksiyasi KHAY yo‘lida qurilayotgan 9 qavatli uyda nazorat tadbiri o‘tkazganda obyekt loyihasiga o‘zgartirishlar kiritilgani, xususan, ichki g‘isht terish jarayonlarida loyiha talablariga amal qilinmagani, ayrim joylarda gazoblok o‘rniga g‘isht ishlatilgani ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, bu binoning mustahkamligiga jiddiy xavf tug‘dirib, ortiqcha yuklama yuklaydi.

Inspeksiya mutaxassisi Hikmatilla Sa’dullayevning so‘zlariga ko‘ra, bu bino uchun kelgusida zilzilaviy holatlarda salbiy ta’sir ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi. Binoga noqonuniy tarzda qo‘shimcha qavat qo‘shilgan. Hujjatda qurilish obyekti 9 qavatli deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda unda 10-qavat kolonnalari qurilgani aniqlangan. Loyihaga zid ravishda bajarilib, noqonuniy qo‘shilgan qavatlarni demontaj qilish ishlari boshlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan inspeksiya xodimlari tomonidan obyektdagi barcha qurilish ishlari joyida to‘xtatilgan. Loyiha talablariga zid ravishda bajarilgan ishlarning barchasini buzdirish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi va buzdirish jarayoni boshlandi.

Mavzuga oid