Jahon | 21:58 / 27.03.2025
10437
11 daqiqa o‘qiladi

“Geosiyosat” muloqoti. O‘zingizni qiziqtirgan savollarga javob oling

Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturi ekspertlari Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasul bu gal jonli efirda xalqaro maydonda kechayotgan jarayonlar haqida faqat tomoshabinlardan kelib tushgan savollarga javob berishdi.

Livanda Hizbulloh, Falastin yerlarida HAMAS yo‘q bo‘lsa hududda tinchlikka erishish mumkinmi?

— Kamoliddin Rabbimov: HAMAS bilan Hizbulloh, bu keyingi, ya’ni saksoninchi yillarda tuzilgan tashkilotlar. Ya’ni Ikkinchi jahon urushidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti qirq beshinchi yilda tuziladi va qirq yettinchi yilda Isroil davlati tashkil topadi. Isroil davlati ikki ming yil davomida bo‘lmagan, ya’ni tarixan Isroil davlatining yo‘q qilinishida Islom sivilizatsiyasi, musulmonlarning, arablarning roli yo‘q. Aksincha o‘rta asrlarda yahudiylar musulmon dunyosida, musulmon sivilizatsiyasi ichida jon saqlagan, Marokashda, Buxoro amirligida, Turkiyada va Eronda. Lekin xristianlar yahudiylarga og‘ir bosimlar qilgan.

Isroil davlati tashkil topgandan so‘ng. Falastinga ajratilgan hududlarda davlat tuzishga imkon berilmadi. Bu amalga oshmagani uchun tashabbus xalqning qo‘liga o‘tdi. Xuddi yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek, aynan yetmishinchi yillarning oxiri, saksoninchi yillarda mana shunday Hizbulloh va boshqa tashkilotlar paydo bo‘lib boshlaydi.

Demak, muammo Hizbulloh yoki HAMASda emas, bunday tashkilotlar paydo bo‘lishdan oldin ham Isroil bosqinchiligi davomli sodir bo‘lgan.

​​​​​​​— Shuhrat Rasul: Livanda yashayotgan shia mazhabidagi arablar bilan G‘azoda yashayotgan arablar o‘rtasida ularning huquqiy maqomlari o‘rtasida ham katta farq bor. Livan mustaqil davlat, u yerdagi Hizbulloh shu arablarning partiyasi. U yerdagi arablar qo‘shni mustaqil davlatning fuqarolari hisoblanadi. Demak, G‘azo avtonom maqomda, garchi qirq to‘qqizinchi yili davlat tashkil qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarori bo‘lgan bo‘lsa-da, Isroil ularga mana shu mustaqillikni bermay kelyapti. U rasmiy ravishda Isroil nazorati ostidagi avtonomiyadir. Shu ma’noda, Hizbulloh bilan Hamasni bir xil ko‘rish mantiqan biroz noto‘g‘ri.

“Sovuq urush” tushunchasi nima?

​​​​​​​— Shuhrat Rasul: Ikkinchi jahon urushidan keyin, bir tomondan 1949 yili NATO blogi tuzilgan va 1955 yili unga qarshi Varshava shartnomasi davlatlarning harbiy ittifoqi tuzildi. Bu ikkala tizim G‘arb demokratiyasi va kommunistik g‘oya asosida o‘zaro qarshi guruhlar edi. Bu davr 1991 yil SSSRning parchalanishi bilan rasman nihoyasiga yetgan.

​​​​​​​— Kamoliddin Rabbimov: Bir tomondan Sovet Ittifoqi va uning sotsialistik lageri va Amerika Qo‘shma Shtatlari kollektiv G‘arb o‘rtasida urush favqulodda juda ham yuqori edi. Bir necha marta bir-biriga yadroviy hujum qilish holatiga bir baxya qolgan. Ya’ni tinchlik kelishuvi yo‘q, har qanday holatda urush boshlanib ketishi mumkin edi. Munosabatlar o‘ta sovuq edi, lekin bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomonlar qonli katta urushni istamagan. Chunki ikkita tomondan ham yadroviy arsenal juda ham katta edi.

​​​​​​​— Ba’zi davlatlarning qarzi YaIMning 20-30 foizi bo‘lsa ham tashvishli. AQShning davlat qarzi YaIMning katta qismini tashkil qiladi. Umuman, qarzlar qachon xavotirli bo‘ladi?

​​​​​​​— Shuhrat Rasul: Jamoatchilikda qarzlar masalasida ba’zan asossiz xavotirlar bo‘ladi.

Mana, masalan, Yaponiya, Ispaniyaning qarzlari 200-250 foiz yalpi ichki mahsulotiga teng. Endi bu yerda qarz oluvchi tomon va qarz berayotgan tomonlarning o‘zaro bir maqomini aniqlab, keyin shu qarz oluvchi tomonning qarzlarini qaytara olish qobiliyatini baholash uchun xalqaro reyting agentliklari bor. Masalan, Fitch, Moody's, S&P kabi xalqaro agentliklar mavjud. Ular davlatlar va transmilliy kompaniyalarning qarzga oid kredit olish va kreditlarni qaytarish qobiliyati bo‘yicha reytinglarni e’lon qilib turadi.

O‘zbekistonning reytingi, oxirgi 5-6 yildan beri, «BB-» darajasida o‘zgarmay turibdi, bu 12 ta darajadan biridir. Hozir O‘zbekistonda qarz miqdori ko‘tarilib ketdi. Shunga mos ravishda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi iqtisodchi ekspertlar va xalqimizning bir qismi ham xavotir bildiryapti. O‘zbekiston qarz majburiyatlarini boshqarish bo‘yicha qonun ishlab chiqqan. U yerda bu qonunga ko‘ra, O‘zbekiston qarzlarni 60 foizgacha ko‘tarishini norma deb hisoblaydi. Umuman olganda, Xalqaro valuta fondining tavsiyalariga ko‘ra, qarzlar YaIMning 40 foizidan oshmasa, ularni qaytarish ehtimoli baland hisoblanadi. Mana shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston hali Xalqaro valuta fondining chegarasidan chiqqani yo‘q. Hozirgi kunda O‘zbekiston 2024 yilni dollar bilan yakunladi. Nominal bo‘yicha, O‘zbekistonning jami 40 milliard dollarlik qarzi shu qiymatning 35 foizini tashkil qiladi. Yana 5 milliardlik zaxira bor, O‘zbekiston o‘zi qabul qilgan qarzni boshqarish konstitutsiyasiga muvofiq, ya’ni oltmish foizgacha qarz olishimiz mumkin; bu qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Hali bu ma’noda yana 20 milliard dollarlik qarz olish huquqimiz va imkoniyatimiz bor. Endi qarzdorlik kerakmi, degan savol tug‘iladi. O‘zbekiston bugungi kunda o‘z iqtisodini modernizatsiya qilmoqda, modernizatsiya qilish kerak, strukturaviy o‘zgarishlar, institutsional o‘zgarishlar qilish kerak. Mana, shu jarayonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish ketmoqda.

O‘zbekiston 2026 yil iyun oyigacha Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lishi kerak. O‘zbekiston eshiklarini ochmoqda; ochiq eshiklar siyosatini e’lon qildi. Shu ma’noda, O‘zbekistonga qarzlar kirib kelishi, kredit bozorining ham ochilishi, xalqaro kreditorlarning qiziqishi tabiiydir.

Bizlar shaharsozlikka oid aglomeratsiya bo‘yicha ishlashimiz kerak, xalqning bir qismini shaharlarga jalb qilishimiz lozim. Shaharlar iqtisodiy drayverlar, shularni tezroq ko‘paytirishimiz zarur. Aholisi bizdan ikki barobar kam bo‘lgan Qozog‘istonda uchta millionlik shahar bor, O‘zbekistonda hali Toshkentdan boshqa millionlik shahar yo‘q. Bu sohaning rivoji uchun zarur.

​​​​​​​— Kamoliddin Rabbimov: Amerikalarning yalpi ichki mahsuloti 28 trillion bo‘lsa, qarzlarining miqdori 35 trillion, ya’ni 28 dan kattaroq. Qarzlar masalasini o‘rganganimda, dunyoning boy davlatlari katta qarzni yaxshi ko‘radi: Yaponiya, Yevropa, Amerika. Nima uchun? Chunki yuqorida aytdim, arzon qarzlar bo‘ladi. Misol uchun xizmat haqi 2-3 foiz bo‘lsa, uni iqtisodga olishadi va bir yil davomida xuddi drojjidek bo‘lib, hattoki 5-10 foiz daromad beradi. O‘sha 2 foizda qaytaradi, 8 foiz unga daromad qoladi. Juda katta qulay pul hisoblanadi.

Endi qarz masalasida jamiyatimizda fobiya bor, uni aytish kerak. Bu fobiya Karimov davrida, birinchi ma’muriyat davrida shakllangandi. Karimov qarz olishdan qattiq qo‘rqar edi, lekin oxirgi 6 yilda Karimov o‘zining qarz siyosatini o‘zgartirdi. 2010 yilda O‘zbekistonning davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10 foiz edi. Lekin 2010 yilda va 2013 da 10 foizga to‘g‘ri keldi. 2016 yilga kelib 20 ga chiqdi, ya’ni 6 yilda 10 foiz o‘sish bo‘ldi. Yillik o‘sish taxminan 2 foizga yetar-yetmas edi. Oxirgi paytda Karimov ham davlat qarz siyosatini ko‘rib chiqdi.

Hozirgi paytdagi dinamika shuni ko‘rsatadiki, davlatning qarzi 2 foizga yaqin, yillik stavkasi 2 foizdan oshmaydi. O‘zbekistonning olinayotgan qarzlarining kattaroq qismi bugungi kunda korporativ qarzlar, ya’ni O‘zbekiston banklari ko‘proq qarz olmoqda. Katta banklarimiz bor, ularning kredit stavkasi juda yuqori, lekin jamiyat ko‘taradi, shu sabab olishmoqda.

Turkiyada Akrom Imomo‘g‘lining hibsga olinishi sabab yuz berayotgan namoyishlar fonida harbiylar hokimiyatni egallashi mumkinmi?

— Shuhrat Rasul: Mamlakatdagi namoyishchilarning bir frontga to‘planishi sababi bu — Turkiyadagi iqtisodiy pasayish deb o‘ylayman. Sababi mana shu Turkiyada ikki ming o‘n uchinchi yildan to bugunga qadar turk lirasi yigirma barobar qadrsizlangan. Yigirma barobar! Erdo‘g‘an tarafdori bo‘lgan diniy qatlamda ham unga nisbatan noroziliklar mavjud, umuman mamlakatdagi vaziyat juda chalkashib ketdi.

Agar 2028 yil yoki undan avval saylovlar o‘tkazilsa, Imomo‘g‘lining g‘alabasi aniq bo‘lib qolgandek. Turkiya zamonaviy g‘arb demokratiyasini o‘zlashtirib o‘sha yo‘nalishdan yurgan davrlar ham bo‘ldi. Shunga qaramay, hozirgi Turkiya haqida biror prognoz qilish qiyin.

— Kamoliddin Rabbimov: 2016 yilda Erdo‘g‘anni yiqitish uchun harakatlar bo‘lganida buni Erdo‘g‘an oldindan bilgan deydiganlar ham bor. Menimcha unday emas. Chunki Erdo‘g‘an haqiqatda o‘shanda qattiq qo‘rqib ketdi, burchakka qisilib olib, telefon orqali meni qutqaringlar deb xalqqa murojaat qildi. Xalq ko‘chaga chiqdi va Erdo‘g‘an o‘zining legitim ekanligini haqiqatdan isbotlay oldi.

Chunki siyosatning eng yuqori nuqtasi bu xalqni so‘z orqali junbishga, harakatga keltira olish qobiliyati. Ya’ni inson siyosatchi avtoritet bo‘lsa va uning chaqiriqlari xalqda sado beradigan bo‘lsa va xalq harakatga keladigan bo‘lsa, bu eng yuqori natija.

Lekin 2016 yildan keyin, mening nazarimda, Erdo‘g‘an harbiylarning siyosiy qudratini to‘liq demontaj qildi. Harbiylar kuch orqali siyosiy harakatlar qilishlari mumkinmi degan savolga hech kim 100 foiz kafolat bilan javob bera olmaydi. Buni amalga oshirish qiyin, chunki Erdo‘g‘an harbiylarning siyosiy qudratini ulardan tortib oldi. 

Shuningdek, siyosatshunoslar Rossiyaning ehtimoliy nishoni Qozog‘istonga qaratilganda Turkiy Davlatlar Tashkiloti yoki Turkiya qanday yo‘l tutishi, AQShning Eronga urush ochish ehtimoli, Turkiyada kim prezident bo‘lsa Markaziy Osiyo uchun qulayligi, AQSh F-22 samolyotini nega hatto Isroilga ham sotmasligi kabi keng geosiyosiy mavzular muhokama qilindi.

Jonli efirda tashkil etilgan tahliliy suhbatni hoziroq YouTube’dagi rasmiy sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid