Jahon | 11:23 / 26.03.2025
2661
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp yangi bojlar joriy etishi mumkin 

Bloomberg: Tramp kelasi bir necha hafta ichida misga bojlarni joriy qilishi mumkin.

Foto: CNP/AdMedia/Global Look Press

AQSh bir necha hafta ichida mis importiga bojlar joriy qilishi mumkin. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.

«Ma’muriyat (AQSh prezidenti Donald Tramp) tezkor tekshiruv o‘tkazmoqda va qaror 270 kunlik muddat tugashidan ancha oldin qabul qilinishi mumkin», — dedi agentlikka manbalardan biri.

Bloomberg ta’kidlaganidek, fevral oyida Amerika rahbari AQSh Savdo vazirligiga misga bojlar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqish va 270 kun ichida hisobot taqdim etishni topshirgan.

24 mart kuni Tramp Qo‘shma Shtatlar 2 apreldan boshlab Venesueladan neft yoki gaz sotib oluvchi davlatlarga 25 foizlik import bojlari joriy etishni rejalashtirayotganini aytdi.

U buni «ikkinchi darajali bojlar» deb atadi. Oq uy rahbarining qayd etishicha, bu choralar Venesuela, uning ta’biri bilan aytganda, jinoyatchilar va xalqaro jinoiy guruhlar a’zolarini AQShga jo‘natgani uchun joriy etilmoqda.

17 mart kuni Tramp Qo‘shma Shtatlar 2 apreldan istisnolarsiz po‘lat va alyuminiyga bojlar joriy etishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bojxona to‘lovlari bir xil bo‘ladi va boshqa davlatlar Amerika tovarlari importidan undiradigan soliqlar bilan teng bo‘ladi.

Mavzuga oid