O‘zbekiston | 13:10 / 26.03.2025
1957
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning San-Marinodagi birinchi elchisi tayinlandi

O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2021 yil 3 fevralda o‘rnatilgan. 

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekistonning San-Marinoga tayinlangan birinchi elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rimda joylashgan) mazkur davlat rahbarlari – Kapitan-regentlar Francheska Chiverkya va Dalibor Rikkardiga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Tantanali marosimda San-Marino tashqi ishlar vaziri Luka Bekkari so‘zga chiqib akkreditatsiyadan o‘tgan elchilarni olqishladi.

O‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama shartnoma-huquqiy bazani mustahkamlash, ko‘p tomonlama hamkorlik yo‘nalishida, xususan, BMT va YeXHT doirasida nomzodlar va tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kabi mavjud manfaatli sheriklikni davom ettirishga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2021 yil 3 fevralda o‘rnatilgan. 

Abat Fayzullayev 2023 yil noyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi va Rimdagi xalqaro tashkilotlar (FAO, QXRXJ, BOOD) huzuridagi doimiy vakili hamda 2024 yil dekabr oyidan boshlab O‘zbekistonning Kiprdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Abat Fayzullayev 2020-2023 yillarda O‘zbekistonning Avstriyadagi va o‘rindoshlik asosida Vengriyadagi elchisi sifatida ishlagan. U bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.

Mavzuga oid