Jahon | 21:16 / 19.03.2025
8053
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy va Tramp telefon orqali muloqot qildi

Tramp bir soatcha davom etgan suhbat «juda yaxshi» yakunlaganini aytdi.

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar berdi Oq uy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Den Skavino.

U «hozir prezident Tramp Oval kabinetda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashmoqda», deb yozdi.

Trampning o‘zi keyinroq bir soatcha davom etgan suhbat «juda yaxshi» yakunlaganini aytdi.

«Muhokamalarning aksariyati Rossiya va Ukrainaning so‘rov va ehtiyojlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha prezident Putin bilan kechagi suhbatga asoslangan edi. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz va men Davlat kotibi Marko Rubio va Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolsdan muhokama qilinayotgan mavzularning aniq tavsifini berishni so‘rayman. Bu bayonot tez orada e’lon qilinadi», deb yozdi Tramp.

Bir kun avval Tramp Putin bilan ikki soatdan ko‘proq davom etgan suhbatni o‘tkazdi. Uchrashuvdan so‘ng Kreml Putin Ukraina energetika sektoriga zarba berishdan 30 kunlik voz kechishni qo‘llab-quvvatlaganini va harbiylarga tegishli buyruq berganini ma’lum qildi. Shuningdek, bu suhbatda Putin G‘arbning Ukrainaga harbiy yordamini to‘xtatish va Kiyev bilan razvedka ma’lumotlari almashishni tinchlikning asosiy sharti deb atadi.

Oq uy bayonotida aytilishicha, prezidentlar «Ukrainada tinchlik va o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini muhokama qilgan» va «bu mojaro mustahkam tinchlik bilan yakunlanishi kerakligiga kelishib olgan».

Zelenskiy Tramp va Putin suhbatidan so‘ng Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlashini, biroq u Tramp bilan suhbatga umid qilayotganini, suhbat davomida Rossiya bilan kelishuvlar haqida batafsil ma’lumot olishini aytdi.

Mavzuga oid