Jahon | 17:12 / 14.03.2025
7253
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti Markaziy Osiyoda yagona vizani joriy etishni taklif qildi

Sadir Japarov Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbariyatiga o‘zaro vizasiz rejim o‘rnatishni, xorijlik sayyohlarga esa Shengen vizasiga o‘xshash mintaqaviy vizani joriy etishni taklif qildi.

Foto: president.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo respublikalariga o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish jarayonini boshlashni, shuningdek, chet elliklar uchun Shengen vizasiga o‘xshash mintaqaviy vizani joriy etishni taklif qildi, shunda uning egasi beshta davlat bo‘ylab erkin sayohat qilishi mumkin.

Japarov Markaziy Osiyoga kirish uchun umumiy hujjat g‘oyasini Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi uzoq yillik chegara masalasi hal qilingandan so‘ng e’lon etdi.

Siyosatchi qo‘shni respublika prezidenti Imomali Rahmon bilan Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa uchun katta voqea sifatida baholadi.

«Endi Markaziy Osiyoda abadiy tinchlik o‘rnatildi», dedi Japarov.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston rahbari Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbariyatiga o‘zaro vizasiz rejim o‘rnatishni taklif qildi.

«Boshqa davlatlardan kelgan mehmonlar uchun esa Shengen vizasiga o‘xshash mintaqaning barcha mamlakatlari bo‘ylab erkin harakatlanish imkonini beruvchi yagona viza joriy etilishi kerak», deb yozdi Japarov.

Markaziy Osiyoning aksariyat respublikalari o‘rtasida allaqachon vizasiz rejim mavjud bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolar boshqa davlatga kirish uchun ruxsatnoma olishi shart emas. Faqat Turkmaniston bundan mustasno.

Xorijlik sayyohlar uchun yagona hududiy vizani yaratish g‘oyasi 2018 yilda bildirilgan edi. Bu tashabbus Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘a tomonidan ilgari surildi. Uning ta’kidlashicha, hujjat Shengen vizasining Osiyo ekvivalentiga aylanishi kerak.

2018 yil dekabr oyida Qozog‘iston va O‘zbekiston 2019 yildan «Ipak yo‘li» umumiy vizasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani xabar qilindi. Ammo loyiha amalga oshirilmadi.

Mavzuga oid