Dovyurak va fidoyi jurnalist eding
Internet jurnalistikasi, xususan Kun.uz saytida samarali mehnat qilgan iqtidorli, qalami o‘tkir jurnalist Alisher Ro‘zioxunov og‘ir xastalikdan so‘ng, 26 fevral kuni 32 yoshida vafot etdi. Kun.uz rahbari Umid Shermuhamedov muallifligidagi nekrolog.

Alisher yozib qoldi: “Umid aka, Andijonda “snos” boshlanibdi, mavzu juda dolzarb, yonyapti… Bugunoq kechasi yo‘lga chiqamiz operator bilan, tong sahar borib ishni boshlaymiz, kechga ortga qaytib, kechasi bilan materialni montaj qilib, tongda chiqaramiz saytga”.
Xo‘p, dedim. Kerakli tayyorgarliklarni ko‘rishdi, yo‘lga chiqishdi.
“Yetib keldik, Umid aka. Boshladik o‘rganishni…”
Bir necha soat o‘tib: “Dahshat mavzu, judayam yomon holat, tezroq o‘rganib qaytishga harakat qilamiz”.
“Umid aka, orqamizdan davlat mashinasi kuzatib yuribdi, tezroq ko‘zdan g‘oyib bo‘lib, bor material bilan ortga qaytishga harakat qilamiz”.
Orada, o‘sha paytdagi SNBdan (nomi negadir qo‘rqinchli eshitilardi) qo‘ng‘iroq bo‘ldi: “Andijondan material tayyorlayapsizlar ekan. O‘sha material Prezident mana bu muhim xorij safariga borib kelgunicha chiqmasin”. O‘sha jiddiy ohangdagi, odatda unchalik tez-tez kuzatilmaydigan buyruq ohangidagi “topshiriq”.
Yigitlar Andijondan qaytishdi, kechasi bilan reportaj tayyorlashdi, va mana bu materialni ertasi kuni chiqarishdi. O‘shanda adashmasam birinchi marta SNBning jiddiy talabini bajarmay, ular aytgan gapning teskarisini qilgandik. Shu sabab SNB bizdan 3-4 oy “xafa” bo‘ldi, biz bilan ishlaydigan xodimni balki chetlatishdi, balki boshqa ishga olishdi, bilmayman, lekin shu-shu bizni bir necha oy tinch qo‘yishdi.
Aytmoqchi bo‘lganim, Alisherning o‘zini xavfga qo‘yib bo‘lsa ham, dolzarb, muhim mavzularga chanqoqligi va o‘zini bu yo‘lda ayamasligi xotiramda qolgan.
Yana bir vaziyat. Namanganga tadbirkorlar ishtirokida reportajlar tayyorlashga ketishdi. Bir necha kun ko‘rsatuvlar tayyorlashdi va ortga qaytishdi. Bu safardan bir necha kun o‘tib, namanganlik bir tanish tadbirkor menga telefon qilib, katta rahmat aytib qoldi. Sababini so‘rasam, Alisher reportajlarni chiroyli yakunlaganidan so‘ng, bir guruh tadbirkorlar minnatdorchilik sifatida konvertda ozgina pul bermoqchi bo‘lishgan ekan, qilgan mehnati uchun. Alisher shu payt konvertni olmagani, “oyligimiz yaxshi, pulni olsak rahbariyat xafa bo‘ladi” deb rad etganini aytib qolishdi. Juda xursand bo‘ldim. Alisher Toshkentga qaytganidan keyin, o‘zimiz minnatdorchilik sifatida o‘sha olmagan konverti o‘rniga halol qilib qo‘liga o‘zimiz nomimizdan topshirdik. Jamoa a’zolariga ham buni o‘rnak qilib ko‘rsatdik.
Alisher iqtisodiy mavzularni yoritishda jamoada katta o‘ringa ega edi. Kun.uz'ning iqtisodiy bo‘limini ancha kuchaytirgan, iqtisodiyotdagi o‘zgarishlarni ochib beruvchi, odamlarning moliyaviy savodxonligini oshiruvchi ko‘p materiallar tayyorlagan, hatto hukumatning iqtisodiy bloki rahbarlari ishtirokida “Munozara klubi”ni ham tashkil etgandi.
Mehnatlaringga rozi bo‘l, Alisher. Biz sendan rozimiz. Judayam qisqa umring-la, judayam ko‘p mavzularni keng qamrovli o‘rganib ketishga ulgurding. Oxirating obod bo‘lsin!
Alisher Ro‘zioxunov muallifligidagi ayrim materiallar