Bayden HAMAS hujumlarini «terrorchilik harakati» deb atadi
AQSh prezidenti Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar yuzasidan maxsus bayonot berdi.

Foto: Reuters
AQSh prezidenti Jozef Bayden HAMAS tomonidan Isroilga uyushtirilgan hujumlarini «terrorchilik harakati» deb atadi va Isroil javob berishga «to‘liq haqli» ekanini ta’kidladi.
«Bu terrorizm. Biz Isroil bilan birgamiz. Biz Isroil o‘z fuqarolari haqida qayg‘urishi, o‘zini himoya qilishi va bu hujumga javob berishi uchun zarur bo‘lgan hamma narsa bilan ta’minlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilamiz. Terrorizm uchun hech qanday oqlov yo‘q», dedi u.
AQSh prezidenti har qanday uchinchi davlat yoki tashkilotni Falastin va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotganidan foydalanishga urinishdan qaytardi.
«Har qanday davlat, tashkilot yoki ushbu vaziyatdan foydalanishni o‘ylayotgan har bir kishiga bir narsani aytishga ruxsat bering: buni qilmang. Buni qilmang. Yuragimiz ezilgan bo‘lishi mumkin, ammo bizning qat’iyatimiz bukilmas. HAMAS falastinliklarni himoya qilmaydi, balki ulardan tirik qalqon sifatida foydalanadi», dedi Bayden.
Oq uy rahbari HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlar orasida AQSh fuqarolari borligi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.
«Biz bilamiz, HAMAS tomonidan ushlab turilganlar orasida amerikaliklar ham bor. Men o‘z jamoamga razvedka ma’lumotlari bilan almashishni va isroillik hamkasblariga garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha maslahat berish uchun AQSh hukumatidan qo‘shimcha ekspertlarni yuborishni buyurdim», dedi Bayden.
AQSh prezidenti ziddiyat boshlanganidan beri kamida 14 amerikalik halok bo‘lganini aytdi.
«Bu mutlaq yovuzlikdir. 1 mingdan ortiq tinch aholi Isroilda nafaqat o‘ldirildi, balki qirg‘in qilindi. Ular orasida kamida 14 amerikalik halok bo‘ldi», dedi Bayden.
AQSh prezidenti Kongress bilan Isroil ehtiyojlari uchun mablag‘ ajratish masalasini tezkor ko‘rib chiqish niyatida ekanini aytdi.
«Kongressdan milliy xavfsizlik sohasidagi o‘ta muhim hamkorlarimiz ehtiyojlarini moliyalashtirish uchun shoshilinch choralar ko‘rishni so‘rayman», dedi u.