Jahon | 13:02 / 09.10.2023
15569
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil AQShdan raketalar, bombalar va razvedka ma’lumotlari bo‘yicha yordam so‘radi

Isroil HAMAS harakatlari fonida, «Temir gumbaz» havo mudofaa tizimi uchun tutuvchi raketalar zaxirasini to‘ldirishi kerak. Isroil tomoni, shuningdek, Qo‘shma Shtatlardan razvedka ma’lumotlarini almashish sohasida hamkorlikni kuchaytirishni so‘radi.

Foto: Abed Rahim Khatib / Anadolu Agency via Getty Images

Isroil hukumati Falastinning HAMAS harakati hujumidan so‘ng AQShdan «Temir gumbaz» raketalarga qarshi mudofaa tizimi uchun to‘xtatuvchi raketalar, kichik diametrli bombalar va pulemyotlar uchun o‘q-dorilar yetkazib berishda yordam so‘radi. Bu haqda 9 oktyabr, dushanba kuni The Washington Post (WP) manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Nashr suhbatdoshlari ta’kidlashicha, «Temir gumbaz» uchun tutib oluvchi raketalar so‘rovi Isroilda snaryadlar tugab borayotganidan dalolat emas, balki kelajakda HAMAS hujumlari sodir bo‘lgan taqdirda ehtiyot chorasi hisoblanadi.

WP xabariga ko‘ra, Isroil, shuningdek, Vashingtondan Livan janubida yangi to‘qnashuvlar xavfi munosabati bilan razvedka ma’lumotlarini almashish sohasida hamkorlikni kengaytirishni so‘ragan. Livanning «Hizbulloh» harakati jangchilari bir kun avval Isroilga minomyotlardan o‘q uzgan va Isroil armiyasi bunga javoban artilleriya zarbalari bergan.

Oq uy Isroilni qo‘llab-quvvatlashni Kongress bilan muhokama qiladi 

CNN xabariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakillari kecha tunda AQSh Kongressi Vakillar palatasi rahbariyati bilan Isroilni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish masalasini muhokama qilgan. 

Davlat departamenti va Pentagonning ma’lum qilishicha, gap mavjud shartnomalar bo‘yicha qurol-yarog‘ yetkazib berish haqida ketmoqda. Uchrashuvda «Temir gumbaz» uchun artilleriya snaryadlari va raketalar, shuningdek, qo‘shimcha moliyalashtirish haqida so‘z yuritildi, deya xabar beradi manbalar. 

WP manbalariga tayanib xabar berishicha, Bayden ma’muriyati Isroil va Ukrainaga harbiy yordamni Kongressga yuboriladigan bitta so‘rovda birlashtirishi mumkin.

HAMASning Isroilga hujumi

AQSh yaqin 24-48 soat ichida Isroil G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani boshlashini kutmoqda. Harbiy harakatlar bir necha hafta davom etishi mumkin. Isroil rasmiylari mojaro «boshqa mintaqaviy o‘yinchilarga» tarqalib ketishi ehtimoli tufayli yordam so‘ragan, deya qayd etadi WP. 

Jo Bayden avvalroq Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan va mamlakat o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini ta’kidlagan edi. «Terrorchilik hujumlarini hech qachon oqlab bo‘lmaydi», dedi u va «hozir Isroilga dushman bo‘lgan biron bir tomon bu hujumlardan manfaat ko‘rish uchun foydalanish vaqti emas» deb ogohlantirdi. 

7 oktyabr kuni Falastinning HAMAS harakati Isroilga qarshi harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi va mamlakatga yirik raketa hujumi uyushtirdi; jangchilar chegara hududlariga kirib, yuzga yaqin odamni garovga oldi. Isroil armiyasi G‘azodagi nishonlarga havo hujumlari bilan javob qaytardi. Isroilda 700 dan ortiq odam halok bo‘ldi, Falastin rasmiylari 400 dan ortiq qurbonlar haqida ma’lum qildi, har ikki tomondan yaradorlar soni 4 mingdan oshdi. 

Mavzuga oid