Jahon | 11:10 / 23.07.2025
3389
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: Rossiya va Belarus migratsiyadan qurol sifatida foydalanyapti

Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt Yevropa Ittifoqini Polshaga Belarus bilan chegarasini mustahkamlashda yordam berishga chaqirdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Minsk migratsiyadan Polsha, Germaniya va Yevropa Ittifoqini beqarorlashtirish uchun qurol sifatida foydalanmoqda.

Foto: Ins Kalnins/REUTERS

Yevropa Ittifoqi Polshaga Belarus bilan chegara xavfsizligini ta’minlashda yordamni kuchaytirishi kerak. Bu fikrni Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt polshalik hamkasbi Tomash Simonyak bilan birgalikda Polsha-Belarus chegarasidagi "Polovsy - Peschatka" chegara o‘tish punktiga tashrifi chog‘ida bildirdi.

«Polshaga Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasini himoya qilish uchun ko‘proq mablag‘ kerak va buning uchun u ko‘proq e’tirofga loyiq», — dedi nemis vaziri.

Dobrindt Germaniya «Yevropaning hamma joyida» tashqi chegaralarda «samarali tekshiruvlar» o‘tkazilgunga qadar o‘z chegaralarida, shu jumladan Polsha bilan chegarada ham nazoratni davom ettirish niyatida ekanini aniq aytdi. «Biz Yevropa ichida tartib va xavfsizlikni istaymiz. Va Yevropani himoya qilish uchun tashqi chegaralarda qat’iylik va izchillikni istaymiz», — dedi u.

Shu bilan birga, Dobrindtning aytishicha, Rossiya va Belarus Polsha, Germaniya va Yevropa Ittifoqini beqarorlashtirish uchun «migratsiyadan qurol sifatida foydalanishga» harakat qilmoqda. Uning fikricha, bu «katta muammo».

Polshaning Belarus bilan chegarasi uzunligi taxminan 700 km. 2022 yilning avgustiga kelib Polsha uning 550 kmlik qismida panjara qurdi. 21 iyul kuni Semonyak Varshava bahosiga ko‘ra, panjara «o‘z vazifasini a’lo darajada bajargani» va Belarus bilan chegaraning qolgan qismlarini, ya’ni ko‘llar va daryolar bo‘ylab panjara bilan mustahkamlash rejalarini e’lon qildi.

Mavzuga oid