Jahon | 20:51 / 21.07.2025
6682
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning bir qancha fuqarosi telefonida taqiqlangan kanallarga obuna bo‘lgani uchun Rossiyaga kiritilmadi

Nazoratdan o‘tolmagan xorijliklarning gadjetlarida terroristik va ekstremistik materiallar, Ukraina tarafdori bo‘lgan kanallarga obunalar, Rossiya huquq-tartibot idoralarini tanqid qiluvchi yozishmalar topilgan.

Foto: Global Look Press

Rossiya chegarachilari smartfonlarida terroristik va ekstremistik tashkilotlar bilan bog‘liq kanallar, shuningdek, «radikal va ukrainaparast pabliklarga» obuna bo‘lgan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga kiritmadi. Bu haqda sud materiallariga tayanib, TASS xabar berdi.

Xususan, hujjatlardan birida Tojikiston fuqarosi Dilshod A. Rossiyada taqiqlangan radikal islomiy oqimlarning va’zlari bor kanallarga obuna bo‘lgani, shuningdek, Rossiyaga qarshi kontentni tomosha qilgani uchun Rossiya hududiga kiritilmagani ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston fuqarosi Akmaljon B. radikal kayfiyatdagi diniy blogerlarning kanallarini, shuningdek, terrorchilik tashkilotlari faoliyati aks etgan videolarni tomosha qilgani uchun mamlakatga kiritilmagan. Chegara xizmati bunday qiziqish mamlakat xavfsizligiga tahdid tug‘diradi deb hisoblagan.

Nazoratdan o‘tolmagan yana bir qator xorijliklarning gadjetlarida Ukraina tarafdori bo‘lgan kanallarga obunalar, Ukraina maxsus xizmatlarining «xatti-harakatlari» haqidagi videomateriallar va Rossiya huquq-tartibot idoralarini tanqid qiluvchi yozishmalar topilgan. Ayrim holatlarda xorijliklar chegaradan o‘tishdan oldin messenjerlardagi yozishmalarni o‘chirib tashlashga uringani aniqlangan.

2024 yil 22 mart kuni «Krokus Siti Holl» konsert zalida sodir etilgan teraktdan so‘ng, chegarada tizimli tekshiruvlar kuchaytirildi. Shundan beri, sud materiallariga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekistonning 20 dan ortiq fuqarosi Rossiyada ishlash yoki qarindoshlarinikiga borish istagini ro‘kach qilib, mamlakatga kirish taqiqiga e’tiroz bildirishga uringan, biroq sudlar chegarachilarning qarorlarini o‘z kuchida qoldirgan.

Mavzuga oid