Jahon | 15:28 / 21.07.2025
3056
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektori markazida quruqlik va havodan yangi amaliyot boshladi

Isroil falastinliklardan G‘azoning markaziy hududlarini tark etishni talab qilmoqda. Bungacha u yerda harbiy harakatlar olib borilmagandi.

Stringer/Anadolu via Getty Images

Isroil qo‘shinlari G‘azo sektorining markaziy qismidagi Dayr-al-Balah shahrida – 20 oydan ortiq harbiy harakatlar olib borilmagan hududda quruqlik va havo orqali yangi amaliyot boshladi.

Bu tinch aholi, jumladan, deyarli ikki yildan beri davom etayotgan mojaro tufayli ilgari o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganlar orasida ko‘chishning yangi to‘lqinini keltirib chiqardi.

Amaliyot dushanba kuni erta tongda, Isroil harbiylari shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi oltita turar joy mavzesi aholisini evakuatsiya qilishni buyurganidan bir necha soat o‘tib boshlandi.

Hozir bu hududda G‘azo janubidagi Rafah va Xon Yunusdan kelgan minglab qochqinlar bor.

Yakshanba kuni Isroil harbiylari Dayr-al-Balahning janubi-g‘arbidagi yuz minglab ko‘chirilgan g‘azoliklar boshpana topgan bir qancha tumanlar aholisiga uylarini tark etib, janubga yo‘l olishni buyurgan varaqalarni havodan tashlagandi.

Isroil armiyasi matbuot kotibi Avixay Adrai X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida Isroil Dayr-al-Balah atrofida, jumladan, «ilgari operatsiya o‘tkazilmagan hudud»da «o‘z faoliyatini kengaytirayotgani» haqida yozgan. U falastinliklarni «o‘z xavfsizligi uchun janubga, O‘rta Yer dengizi sohilidagi al-Mavosi hududiga ko‘chish»ga chaqirdi.

TSAHAL bayonotida aytilishicha, «Isroil mudofaa kuchlari dushman salohiyati va hududdagi terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish uchun katta kuch bilan harakat qilishda davom etmoqda».

Ali Jadallah/Anadolu via Getty Image

Mahalliy jurnalistlar BBC muxbiriga ma’lum qilishicha, Isroil tanklari va harbiy mashinalari artilleriya va aviatsiya niqobi ostida «Kisufim» nazorat-o‘tkazish punkti orqali shaharga kirgan.

Ularning xabarlariga ko‘ra, Isroil harbiylarining hujumiga artilleriya zarbalari hamrohlik qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Isroil qo‘shinlarining oldinga siljishi fonida portlashlar va otishma ovozlari aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi.

Dushanbaga o‘tar kechasi G‘azo janubidagi nisbatan xavfsiz hududlardan biriga aylangan al-Mavosi tumaniga minglab kishilar qochib o‘tgan.

BBC’​​ning mintaqadagi muxbirlari xabar berishicha, evakuatsiya to‘g‘risida yakshanba kuni berilgan buyruq qochqinlar orasida katta vahimaga sabab bo‘lgan.

Mahalliy aholi vakillari yangi hujum Isroilning Dayr-al-Balahni anklavning markaziy hududidan ajratib turadigan yangi harbiy yo‘lak yaratish rejasining bir qismi bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Isroil manbalari ta’kidlashicha, armiya shu paytgacha Hamas u yerda garovga olinganlarni ushlab turganini taxmin qilayotgani uchun bu hududlarga kirmagandi. G‘azoda garovda ushlab turilgan 50 kishidan kamida 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.

TSAHAL bu hududda yangi amaliyot boshlashi garovda qolayotganlarning oilalarini xavotirga solmoqda, ular hujum hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan qarindoshlari operatsiya natijasida aziyat chekishi mumkinligidan tashvishda.

Shanba kuni garovga olinganlarning oilalari Isroil rasmiylariga murojaat qilib, «Isroil fuqarolari va oilalariga harbiy harakatlar rejasi qanday ekani va u hali ham G‘azoda bo‘lgan garovdagilarni qanday himoya qilishini zudlik bilan tushuntirish»ni talab qildi.

BMTning Gumanitar boshqarmasi evakuatsiya buyrug‘ini G‘azodagi gumanitar sa’y-harakatlarga «yana bir qaqshatqich zarba» deb atadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Dayr-al-Balahda gumanitar omborlar, tibbiyot klinikalari va suv ta’minoti kabi o‘nlab muhim inshootlar joylashgan.

«Ushbu infratuzilmaga yetkazilgan har qanday zarar hayot uchun xavfli oqibatlarga olib keladi. Yangi operatsiya Dayr-al-Balahni kesib tashlaydi... sektorni yanada parchalaydi va bu gumanitar guruhlarning G‘azo bo‘ylab xavfsiz va samarali harakatlanish imkoniyatlarini cheklaydi», – deya ogohlantirdi boshqarma.

Mavzuga oid