Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 2026 yildan AI-80dan to‘liq voz kechiladi: bozorda defitsit yuzaga kelmaydimi?
Kun.uz ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» joriy yil sentabrdan AI-80 ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatmoqchi. Kompaniya joriy yilning o‘zida AI-80 rusumli avtobenzin tizim korxonalari omborlarida to‘liq tugatilishini, 2026 yildan faqat yuqori oktanli avtobenzin sotishga o‘tilishini reja qilgan.

Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda AI-80 benzinini ishlab chiqarish joriy yilda to‘liq to‘xtatiladi. Kun.uz ixtiyoridagi hujjatda keltirilishicha, “O‘zbekneftgaz” joriy yil yakuniga qadar yuqori oktanli (AI-92) avtobenzinni ishlab chiqarish hajmini oshirib, sentabrdan AI-80 rusumidagi avtobenzin ishlab chiqarishdan to‘liq voz kechishni rejalashtirmoqda. Xo‘sh, “O‘zbekneftgaz”ning AI-80dan voz kechishga oid rejalari qanday? AI-80ni ishlab chiqarish to‘xtatilsa, bozorda defitsit yuzaga kelmaydimi? Hukumat bu islohotni amalga oshirishdan oldin nima qilishi kerak? Ushbu maqolada Ai-80 atrofidagi eng dolzabr savollarni muhokama qilamiz.
AI-80dan voz kechish rejasi: yaqin oylardami yoki keyinroq?
O‘zbekistonda benzin ishlab chiqaruvchi ikkita zavod bor - birinchisi, “O‘zbekneftgaz”ga qarashli Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, ikkinchisi, “Saneg”ga qarashli (xususiy) Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi. Surxondaryoda, Chinozda neftni qayta ishlash zavodlari bor, kichkina partiyada bo‘lsa ham AI-80 benzini ishlab chiqaradi. Kichik istisnolarni hisobga olmaganda O‘zbekistonga tashqaridan 80 benzini kirib kelmaydi. Ishlab chiqaruvchilar monopol mavqega ega.
Saneg FNQZni xususiylashtirayotgan paytda unga zavodni modernizatsiya qilish va yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishga oid investitsion majburiyat yuklatilgan. BNQZ bo‘yicha 2 yil avval modernizatsiya loyihasi e’lon qilinib, «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari 2024 yilda 80 benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatib, shu hajmdan kam bo‘lmagan miqdorda AI-92 benzini ishlab chiqarishga o‘tamiz, deya va’da bergandi.
2024 yil boshida hukumat AI-80dan voz kechishni 2025 yilgi maqsad deb e’lon qilgan edi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ham 2025 yildan boshlab bu turdagi benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatishini bildirgan edi. Ammo 2024 yil oktyabr oyidagi Prezident qarori bilan bu maqsad 2028 yilgacha kechiktirildi. Rasmiylar buni Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun vaqt kerakligi bilan izohlagandi.
2025 yil yakuniga qadar aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklashga oid rejalar esa 2025 yilgi davlat dasturiga kiritildi. Shunday qilib, joriy yildan boshlab joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda AI-80ni ishlab chiqarish to‘xtatilishi kerak.
«O‘zbekneftgaz» sentabrdan AI-80ni ishlab chiqarishni to‘xtatadi - oyiga 90 ming tonna AI-92 ishlab chiqaradi
Kun.uz ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» 2024 yil yanvar oyida Xitoy kompaniyasi bilan 60 foiz va 40 foiz hajmda yuqori oktanli yiliga 1 mln tonna AI-92 va AI-95 benzinlari ishlab chiqarish borasida loyihani amalga oshirishga kelishgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu loyiha doirasida Buxoro NQIZda qo‘shilma (prisadka) yordamida yuqori oktanli AI-92 prisadkali avtobenzin ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilgan, tajribalar o‘tkazilib prisadka turi aniqlangan, benzinning tajriba-sinov partiyasi ishlab chiqarilgan, prisadka saqlash va aralashtirish uchun sig‘imlar infrastrukturasi yaratilib, prisadkali AI-92 benzinini seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya prisadka hisobiga tannarxni arzonlashtirmoqchi, biroq narx borasida aniq hisob-kitoblar keltirilmagan.
2025 yilda “Buxoro NQIZ” MChJ tomonidan jami 1 030 ming tonna jumladan 487 ming tonna AI-80 rusumidagi avtobenzin va 543 ming tonna AI-92+ rusumli avtobenzin ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bunda, AI-80 rusumidagi avtobenzinni ishlab chiqarish sentabr oyiga qadar ko‘zda tutilgan bo‘lib, sentabr oyidan boshlab faqat AI-92+ rusumidagi avtobenzin (oyiga o‘rtacha 90 ming tonnadan) ishlab chiqariladi. Natijada, joriy yilning o‘zida AI-80 rusumli avtobenzin tizim korxonalari omborlarida to‘liq tugatiladi va 2026 yildan faqat yuqori oktanli avtobenzin sotishga o‘tiladi.
“Eng qulay payt - hozir” - Otabek Bakirov
Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz’ga bergan izohida AI-80 benzinidan voz kechish masalasi 2020 yildan beri ko‘tarilib, har yili kuz-qish mavsumida sun’iy yuzaga keltirilgan yonilg‘i defitsiti tufayli ortga surib kelinayotganiga urg‘u berdi.
- Oxirgi kunlarda ko‘ryapmiz, 80 benzin qanaqa tendensiyada o‘sib boryapti. 10 iyulda potolok narx bekor qilinganidan keyin har kuni narxlar oshyapti, narxlar oxirgi 1 oyda 10 foizga, yuqori kotirovkalar 15 foizga ko‘tarildi. 80 benzindan voz kechish borasida amaliy harakatlarni ko‘rmayapman. Bu bo‘yicha Energetika vazirligi, ishlab chiqaruvchilar bayonot bilan chiqqanini ko‘rmadim.
80 benzini ishlab chiqarishdan to‘xtasa, bozorda katta defitsit yuzaga kelmaydimi, degan savol juda o‘rinli. Shu o‘rinli savol mavjudligi uchun ham har yili kuzga borib shu savolni ro‘kach qilib bu ish ortga suriladi. Agar 80 benzindan voz kechmoqchi bo‘lsak, undan voz kechishning eng oson va qulay payti - yoz oylari. Ya’ni bugun yoki ertaga. Bundan qulay payt bo‘lmaydi, kuzga borib ikki oyog‘imiz bir etikka tiqilganda uni ishlab chiqarishdan ham, sotishdan ham voz kecha olmaymiz. 80 benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatib, 92 benzinning raqobatli taklifini ko‘paytirish haqida o‘ylash kerak. O‘zbekistonda avtomobillar uchun eng ommabop yoqilg‘i bu - metan-gaz. Keyin propan, keyin 80 va 92 benzin hisoblanadi. Agar yillik iste’mol 1 mln 200 - mln 300 atrofida bo‘lsa, 800 ming atrofida 80 benzini ishlab chiqariladi, 100 ming atrofida 92 benzini ishlab chiqariladi, qolgani import qilinadi. Bizning oldimizdagi vazifa - 1 mln 200-1 mln 300 ming atrofidagi 92 va undan yuqori oktanli benzin taklifini berish, bu imkonli vazifa. Qo‘shnilarimizda bizdan farqli ravishda yoqilg‘i sanoatida bozor qoidalari ishlaydi. 92 benzin O‘zbekistondan arzon, vaholanki neft zaxiralari yo‘q, neftni qayta ishlash zavodlari import neftdan foydalanadi. Demak, Qirg‘iziston 92 yoki undan yuqori oktanli benzin bilan bozorni raqobatli to‘ldira olayotgan ekan, nimaga O‘zbekiston shu ishni qila olmaydi? Qirg‘izistonda iqtisodiyot O‘zbekistondan 4 barobar kichik bo‘lishiga qaramay, ular biz singari benzin ishlatadi, chunki ular metan ishlatmaydi. Shu savol juda muhim. Xavotirlarni yig‘ishtirib 80 benzindan qancha erta va yoz kunlarida voz kechsak, shuncha yaxshi. 92 va undan yuqori oktanli benzin importini kengaytirish haqida o‘ylashimiz kerak. Ya’ni har qanday sub’yekt uchun qo‘shni mamlakatlardan, uzoq xorijdan, Erondan, Iroqdan avtomobil benzini import qilishdagi hamma to‘siqlar olib tashlanishi kerak. Temiryo‘l kvotalari bilan bog‘liq to‘siqlar, transportga qo‘yiladigan talablar, omborxona bilan bog‘liq to‘siqlar olib tashlanishi kerak. Kerak bo‘lsa, qaysidir muddatgacha 92 benzinga iste’mol solig‘ini 3 yoki 6 oyga bekor qilish importchi va ishlab chiqaruvchilarga 92 benzin taklifini oshirishga stimul beradi. Bu qiyin masala emas. O‘zbekiston 90 yillardagi kabi 7 mln tonna benzin import qiladigan vaziyat bo‘lsa, qisqa vaqt ichida bu imkonsiz desa bo‘lardi. Bu imkonli, buning uchun qat’iyat va iroda kerak.
2023 yilning ma’lumotlariga ko‘ra, turli ekspertlar jami benzinga talabini 1 mln 200 yoki 1 mln 300 ming tonna deb baholagan. Agarda importga to‘siqlar olib tashlanmay, 92 yoki undan yuqori oktanli benzinga o‘tiladigan bo‘lsa, bu bozordagi vaziyatni o‘zgartirmaydi. Shu paytgacha 80 benzin tanqisligi va narx oshishini kuzatgan bo‘lsak, bundan bu yog‘iga 92 benzin narxi oshishi hamda sun’iy tanqisligini kuzatamiz. Oxir-oqibat iste’molchi yana jazolanadi. 92 benzinning raqobatli ishlab chiqarish zanjirlarida, importda ham raqobatli taklif bo‘lishi shart. Shimoldan, janubdan, Erondan, Turkmaniston, Qozog‘istondan - hamma kanallardan import qilish bilan bog‘liq bo‘lgan sun’iy ma’muriy, texnik to‘siqlar olib tashlanishi kerak. Shundagina bozorda erkin raqobat yuzaga keladi, shundagina benzinning narxini bozor belgilaydi. Shu kunlarda 80 benzin bilan qanday o‘yin bo‘layotgan bo‘lsa, endi 92 benzin bilan shunday bo‘ladi. Yana benzin sifati bilan bog‘liq masalalar yuzaga keladi. Shartli ravishda ustiga 92 benzin deb yozib qo‘yilgan, aslida oktan darajasi 92 bo‘lmagan benzinni olishga majbur bo‘lamiz.
AI-80 sanoqli mamlakatlarda qolgan
Hozir dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan deyarli barcha avtomobillar yuqori oktanli yoqilg‘ida ishlashga mo‘ljallangan. AI-80 kabi past oktanli turlari yonishi natijasida ko‘p miqdorda uglerod oksidi va yonmagan uglevodorodlar kabi ifloslantiruvchi moddalar hosil bo‘ladi. Bu esa aholi salomatligiga zararli. Qolaversa, transport chiqindilari iqlim o‘zgarishini ham tezlashtiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli ko‘plab mamlakatlar ekologik qoidalarni borgan sari qattiqlashtirib boryapti.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning so‘zlariga ko‘ra, 80 benzinni taqiqlashning ortga surilishi ekologiya uchun yomon. Butun dunyo amaliyotida 80 benzini eng sifatsiz benzin hisoblanadi va mamlakatlar buni tan olib, muomaladan chiqarib bo‘lgan.
“Bu turdagi benzinni bizdan tashqari faqat Afg‘oniston ishlatadi. Haydovchilar ham yaxshi biladiki, 80 benzini – motorning tez ishdan chiqishiga sabab bo‘ladigan yoqilg‘i turi hisoblanadi. Bundan tashqari, u atmosferaga PM 2,5 magnit zarrachalarini ko‘p chiqaradi. Benzin yoqilg‘i resursining 20 foizi energiyaga aylanib, mashinaning yurishi uchun xizmat qilsa, 80 foiz qismi atmosferaga turli xil gaz va mayda PM2,5 zarrachalarini chiqarishi tadqiqotlarda isbotlangan.
Madina Ochilova. Kun.uz
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Mo‘ynoqdagi konda gaz sizib chiqishi ro‘y berdi
O‘zbekiston | 11:35
-
Isroil BMTning gumanitar yordamini G‘azoga yetkazish uchun yo‘laklar ochishga va’da bermoqda
Jahon | 09:57
-
“Yangi loyihalarda Eron va Rossiyaning ishtiroki kamayib, turkiylarning ahamiyati ortib boryapti” – siyosatshunos
Jahon | 09:02
-
Andijondagi fabrika oqova suvlari bilan kanalni ifloslantirdi
Jamiyat | 23:09 / 26.07.2025
Mavzuga oid

18:05 / 24.07.2025
Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasi bilan mahsulot taqsimoti to‘g‘risida bitim imzolandi

22:51 / 17.07.2025
Eron prezidenti avtomobili o‘chib qolganidan keyin taksi chaqirishga majbur bo‘ldi

20:58 / 15.07.2025
Birjada Ai-80 benzini narxi tarixiy maksimumga yetdi

11:06 / 15.07.2025